Jamiyat
Prezident Mirakidagi turizm markaziga bordi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Shahrisabz tumani Hisor tog‘i yon bag‘ridagi sayyohlik salohiyati bilan tanishdi.
Turizm kam mablag‘ bilan ko‘p ish o‘rni yaratadigan, aholi daromadi va hududlar qiyofasini yaxshilaydigan soha. Qashqadaryoda ham bu borada imkoniyatlar ko‘p.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28 noyabrdagi qarori asosida Qashqadaryo viloyatining tog‘li-rekreatsion hududlarida zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm majmualari barpo etilmoqda. Jumladan, xorijiy davlatlarning malakali ekspertlari va yetakchi kompaniyalari ishtirokida Miraki, Amir Temur, Uloch va Polmon mahallalarida sayyohlar uchun qulayliklar yaratilmoqda. Umumiy 240 gektar maydonda 400 million dollarlik 117 ta loyiha amalga oshirilayotir. Buning natijasida esa 1 ming 700 ta doimiy ish o‘rni ochiladi.
Bugun Mirakidagi o‘zgarishlar mazkur qaror va turizm bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishlar natijasi.
Ilgari bu so‘lim joylardan har kim o‘z bilganicha foydalanar edi. Soy bo‘ylari betartib, oromgohlarda infratuzilma yetishmasdi. Bugun bu manzil yaxlit turizm klasteriga – “Miraki” xalqaro turizm markaziga aylandi.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi obodlik va qulayliklarni ko‘zdan kechirdi. Oqsuv daryosining ikki qirg‘og‘i bo‘ylab piyoda va velosipedda yurish uchun o‘n kilometrlik “eko yo‘lak” tashkil etilgan. Bolalar maydonchasi, ko‘ngilochar bog‘, nuroniylar maskani, oilaviy mehmon uylari hamda ko‘chma savdo shoxobchalari mahalla ko‘rkini oshirgan.
“Miraki and spa resort” dam olish hududi turizm markazining zamonaviy qismi. Bu yerda ikkita mehmonxona, savdo va ko‘ngilochar majmua barpo qilingan. Shuningdek, bir vaqtning o‘zida 600 nafar sayyohni qabul qiluvchi mehmonxonalar, 300 o‘rinli oilaviy xostel ochilgan. Bu yiliga 300 mingdan ortiq mehmonga xizmat ko‘rsatilishini anglatadi.
Davlatimiz rahbari yangi mehmonxona va savdo majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Sayyohlik bo‘yicha istiqboldagi muhim loyihalar haqida ma’lumot berildi.
– Shahrisabzning ustun tarafi – yil davomida sayohatga kelish mumkin. Buning uchun yo‘l, kommunikatsiya, mehmonxonalar qurayapmiz. Endi xizmat turlarini ko‘paytirishni o‘ylash kerak. Masalan, Mirakiga kelgan mehmon vaqtini qanday o‘tkazadi, nimalar xarid qiladi? Shu talablardan kelib chiqib, xizmatlar taklif qilish, bu yerning tabiati va sharoitini chet ellarda keng targ‘ib etish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yangi sayyohlik markaziga investorlarni jalb etish uchun muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tortilgan. Mirakiga eltuvchi va mahalla ichidagi yo‘llar mukammal ta’mirlangan. Elektr ta’minoti yaxshilangan. Sayyohlarni qiziqtirish uchun Hisorak suv omboriga tutash hududda ikki kilometrdan ortiq dor yo‘li va dengiz sathidan 2 ming 700 metr balandlikda restoran ham barpo etilgan.
Bunday keng qulayliklar Qashqadaryoga keluvchi sayyohlar sonini oshirmoqda. O‘tgan yili viloyatga ikki yarim million nafardan ortiq sayyoh tashrif buyurgan. Shundan besh yuz ming nafarga yaqini aynan Shahrisabz tumaniga kelgan. Hududdagi bu o‘zgarishlardan keyin keltirilgan raqam bir necha barobar o‘sishi tabiiy.
Jamiyat
Toshkent viloyatida Abdulla Oripov uy-muzeyi ochildi
Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi «Do‘rmon» qo‘rg‘onida Abdulla Oripov uy-muzeyining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Ruslanbek Davletov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.
Abdulla Oripov – o‘zbek xalqining ardoqli farzandi, atoqli shoiri, ozod O‘zbekiston madhiyasi matnining muallifi. Sobiq ittifoqning bir yoqlama mafkurasi qilichi ziyolilarimizning qutlug‘ qoni bilan bo‘yalgan va bu qon hali qurib ulgurmagan, ijodkorlarimiz boshi uzra qatag‘on siyosati ko‘lankasi solib turgan tahlikali davrda «O‘zbekiston – Vatanim manim!» deya o‘z yurtini baralla tarannum etish uchun hamma ham o‘zida jur’at topmagan. Mana shunday jasur qalam ahli eslanganida, shubhasiz, Abdulla Oripov nomi birinchilar qatorida zikr qilinadi. Qolaversa, millionlab qalblarni o‘zining lirik nazmiy asarlari orqali ezgulik va mehr-oqibat, pokiza ishq va vatanparvarlik tuyg‘usi bilan to‘ldirgan ham Abdulla Oripov edi.
Do‘rmon ijod uyiga tutash hovlida Abdulla Oripov 1996-2016 yillarda yashab, ijod qilgan. Joriy yil qahramon shoirimiz tavalludiga 85 yil to‘ldi…
— Bu uy-muzeyini tashkil etishda davlatimiz rahbarining tashabbusiga minnatdorlik bildirgan holda katta bunyodkorlik va o‘zgarishlarga beminnat ko‘mak bergan atoqli shoirimiz oilasi, jumladan, Hanifa aya Mustafoyevaga minnatdorlik bildiramiz, — dedi Toshkent viloyati hokimi, senator Zoyir Mirzayev tantanali tadbirda. — Chunki o‘z e’tibor berilmaganida, bugun bu yangi uy-muzeyining, pirovardida, kelajak avlodning madaniy mulkiga aylangan noyob eksponatlar, tarixiy qo‘lyozma va suratlar ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylanmaganida, ularning yo‘q bo‘lib ketish ehtimoli ham yo‘q emasdi.
Tadbirda davlat va jamoat arboblari, shoir va yozuvchilar, xususan, Abdulla Oripovning shogirdlari so‘zga chiqdi, xalqimizning yangi madaniyat dargohi bilan samimiy tabrikladi.
Toshkent viloyatida ochilgan ushbu maskan Abdulla Oripovning betakror ijodiy merosini keng targ‘ib etish, ayniqsa, yoshlar qalbida Vatanga sadoqat, milliy g‘ururni mustahkamlash, avlodlarni yuksak insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Jamiyat
Ramazon hayiti munosabati bilan xorijiy hamkorlardan samimiy qutlovlar
Butun musulmon ummati uchun muqaddas bo‘lgan, ruhiy poklik, mustahkam imon, mehr-oqibat, rahm-shafqat, birodarlik va birdamlik kabi yuksak qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan Ramazon oyi hamda muborak Iyd al-Fitr bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, yirik xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari, taniqli din va jamoat arboblaridan samimiy qutlovlar kelmoqda.
Tabriknomalarda ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga tinchlik, totuvlik, farovonlik va ravnaq tilaklari izhor etilib, mamlakatimiz bilan do‘stona munosabatlar va o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlash va kengaytirishga intilish qat’iy ekani bildirilgan.
Xususan, quyidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:
Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud;
Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud;
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an;
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev;
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov;
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon;
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov;
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev;
Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev;
Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon;
Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum;
Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon;
Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi;
Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon;
Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Asif Ali Zardoriy;
Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif;
Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh;
Kuvayt Davlati Valiahdi Shayx Saboh al-Holid al-Hamad as-Saboh;
Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II;
Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi;
O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said;
Bahrayn Podshohi Shayx Hamad bin Iso al-Xalifa;
Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Abdulmajid Tabbun;
Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos;
Liviya Davlati Prezident kengashi rahbari Muhammad Yunus al-Manfi;
Afg‘oniston Bosh vaziri Mulla Muhammad Hasan Oxund;
Komor orollari Ittifoqi Prezidenti G‘azaliy Usmoniy;
Isroil Davlati Prezidenti Itsxak Gersog;
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) bosh direktori Holid al-Ananiy;
Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Nurlan Yermekbayev;
Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ularbek Sharsheyev;
Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev;
Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim;
Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha;
Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO) bosh direktori Salim al-Malik;
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibiAsad Xon;
Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi Jasim Muhammad al-Budayviy;
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda,
Al-Azhar majmuasi rahbari Ahmad at-Toyib.
Tabriklar kelishda davom etmoqda.
Jamiyat
Turkiyaning Hatay viloyati delegatsiyasi Andijonda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 29 yanvar kuni Turkiyaga rasmiy tashrifi doirasida Hatay viloyatining Arsuz tumanida «O‘zbekiston» turar-joy majmuasining ochilish marosimi o‘tkazilgan edi. Tashrif davomida Hatay aholisi vakillari Navro‘z bayramida O‘zbekistonga taklif etilib, Andijon-Samarqand-Buxoro-Xiva yo‘nalishi bo‘ylab sayohat tashkil etish taklifi bildirilgandi.
Joriy yilning 20 mart kuni Turkiyaning Hatay viloyati va tumani xokimlari boshchiligida jami 170 ga yaqin kishi Andijon xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Tadjiyev hamda Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari I.Ismanov tomonidan tantanali kutib olindi.
Tashrif dasturi doirasida mehmonlar Andijon shahrida hududning madaniyati, tarixi, va urf-odatlari bilan yaqindan tanishish maqsadida «Bog‘i Bobur» madaniyat va istirohat bog‘i va «Registon» maydoniga tashriflari rejalashtirilgan.
Tashrif doirasida Turkiyaning Hatay viloyati delegatsiyasi, shuningdek, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlariga tarif buyuradilar.
Jamiyat
Bugun havo harorati 20 darajagacha ko‘tariladi
Bugun kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Surxondaryo viloyatida kunning ikkinchi yarmida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin. Shamol 7–12 m/s tezlikda esadi, shimolda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda 13–18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 15–20° iliq bo‘ladi.
Poytaxtimizda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 3–8 m/s tezlikda esadi. Harorat 18–20° iliq bo‘ladi.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, tuman tushishi mumkin. Shamol 7–12 m/s tezlikda esadi. Harorat 5–10° iliq bo‘ladi.
Jamiyat
Chilonzorda Al-Xorazmiy ko‘chasining bir qismi yopiladi
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlar sabab Al-Xorazmiy ko‘chasining bir qismi vaqtincha transport harakati uchun yopiladi.
Foto: Toshkent shahar hokimligi
Ma’lum qilinishicha, Chilonzor tumanidagi 24/7 Al-Xorazmiy yangi sayr va gastro turizm ko‘chasida Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan “Xalq sayli” tadbiri tashkil etilmoqda.
Shu munosabat bilan Al-Xorazmiy aylanma yo‘li qismidan 2-Qatortol ko‘chasigacha bo‘lgan hudud 20 mart kuni soat 15:00 dan 21 mart kuni soat 24:00 gacha transport harakati uchun vaqtincha yopiladi.
Mutasaddilar haydovchilar va yo‘lovchilardan harakat yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirishni hamda muqobil yo‘llardan foydalanishni so‘ramoqda.
Vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘ralgan.
-
Dunyodan2 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Siyosat2 days agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Jamiyat4 days ago
Ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘paygan – Prezident
-
Iqtisodiyot3 days agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Iqtisodiyot5 days ago«Yomg‘ir va qorda ham foydalanishga tayyor bo‘ladi» – Toshkent-Andijon pulli yo‘li haqida nimalar ma’lum?
-
Iqtisodiyot4 days ago“Markaziy Osiyo umumiy investitsiya makonini yaratishi zarur” – Alisher Umirdinov
-
Iqtisodiyot4 days agoMetandan go‘shtgacha. Narxi keskin oshgan mahsulot va xizmatlar
