Jamiyat
Qorni to‘q, kayfi taroq… qalbi ochlikdan chekinaylik
To‘y – har bir xalqning madaniy-ma’naviy ko‘rinishi, milliy boyligi va albatta, kishini tarbiyalovchi bir vosita bo‘lib xizmat qilib kelgan. Ayniqsa, o‘zbek xalqi uchun. Bir paytlar to‘ylarda laparlaru yor-yorlar, milliy raqs san’ati, qo‘shiq san’ati yuksak darajada kamol topgan ekan. Eng mashhur polvonlar ham, eng zo‘r xushovoz hofizlar ham xokisor elimizning to‘y-tomoshalaridan yetishib chiqqan. Keksalar so‘ziga quloq tutsangiz, bundan 50-60 yil ilgarigi to‘ylar haqida o‘zgacha fikrlarni tinglaysiz.
– Burungi to‘ylar butun mahallaga ibrat, o‘rnak marosimi bo‘la olardi. Qizlar iffatu hayo pardasi ostida odob ila o‘yin-kulgi qilishardi. Shariat ahkomlariga rioya etgan holda yigitlar bilan she’rxonlik, chiroyli aytishuvlar bilan bazmu jamshidni obod etishardi. Afsuski, bugungi shov-shuvli zamon xalqimizning muqaddas an’analariga, to‘ylariga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Spirtli ichimliklar to‘y dasturxonining shohiga aylandi. Ustiga-ustak ayollaru erkaklar bir dasturxon ustida may to‘la qadah cho‘qishtirishadi. Ba’zilar to‘qlikka sho‘xlik qilib, to‘ylarda «Men sendan kammi?» deya isrofgarchiligu, kimo‘zarchilikning avj olishiga sabab bo‘lishdi. Xuddi mana shu dabdabalar o‘zbekning asl to‘ylarini yemirdi. Isrofgarchilik illati – to‘y rasm-rusumlarini izdan chiqarib, hatto, qancha-qancha yosh oilalarning parokanda bo‘lib ketishiga ham sabab bo‘layotir, – deydi yoshi 70dan oshgan Nasrullo aka Adizov kuyinib.
O‘zbekistonda to‘y-hashamlarni tartibga solishga oid yangi hujjatning qabul qilinayotganidan ko‘zda tutilgan maqsad, albatta, to‘y-hashamlarni ixchamlikni oshirish va isrofgarchilikka qarshi kurashish.
Aslida, mamlakatda bunday qonunlar ilgarigi yillar ham mavjud bo‘lgan. Faqat amalda, deyarli, ishlamagan. 2017 yili oilaviy marosimlarni tartibga solish, isrofgarchilik va dabdababozlikka yo‘l qo‘ymaslik zarurligi borasida hujjat qabul qilingan bo‘lsa, 2019 yilda «To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qo‘shma qaror hamda Nizom e’lon qilingan. Bu nizom parlament palatalari kengashlarining 2019 yil 14 sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlanib, 2020 yil 1 yanvardan kuchga kirgan va hozir ham qonuniy kuchga ega. Shu yillar davomida hujjat nega natija bermagan, to‘ylarni qonuniy yo‘l bilan tartibga solish, unga rioya qilmaganlarni javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi munosabatlarga nega panja ortidan qarab kelingan, degan savol tug‘iladi.
Shavkat Mirziyoyev 2017 yil avgust oyida O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuv chog‘ida to‘y-ma’rakalarni tartibga solish nozik masala ekaniga urg‘u berib: «Haqiqatdan ham ayni shu masalalar necha yillar, hatto asrlardan beri kun tartibidan tushmasdan keladi. Jadid bobolarimiz ham to‘y-ma’rakalarimizdagi isrofgarchilik, dabdababozlik, maqtanchoqlik millatimizni ma’naviy tanazzulga yetaklaydigan illat ekani haqida qanday kuyunib o‘tganlarini yaxshi bilamiz», dedi va oilaviy marosimlarga «To‘y-ma’raka – bu faqat shaxsiy ish emas, balki ijtimoiy masala» deb juda to‘g‘ri baho bergan.
Ijtimoiy hayotdagi iqtisodiy taqchillikka, OAV orqali chiqishlarga qaramay, to‘ylarni dabdabali o‘tkazish, sarpolar olishu maishatga mukkasidan ketishlik kuchaymoqda. Bunday holatlar ko‘pchilikning joniga tekkan bo‘lsa ham, to‘ylarni ixcham va sodda o‘tkazishda hech kimda iroda, qat’iyat yetmayapti. Yosh oilalar ham aynan ana shu isrofgarchilik, zamonsozlikning qurboni bo‘lishayotir.
Sarpo-suruq sovuqchilik solar…
Elimizda sepli qiz bo‘lguncha, epli qiz bo‘l, degan gap bor. Ming taassuflar bo‘lsinki, kelinlik ostonasida turgan qizlar «Sarpo xarid» chog‘ida xarxasha qiladigan yosh bolaga aylanishadi-qolishadi. Bozor rastalari oralab borayotgan kelin bo‘lmish qizlarning savdo chog‘idagi holatini ko‘rib, ham kulasiz, ham ta’bingiz xira bo‘ladi. Bo‘lg‘usi qaynona-qaynotadan tap tortishmay, «Unisini emas, bunisini olaman!» deb oyoq tirab olishadi. Qimmatbaho buyumlaru oltin-kumush do‘konlarida mashmashasini boshlagan kelinchak-qizning beo‘xshov qiliqlaridan xokisor qaynonaning yuragi zirqirraydi.
– Bunisiga qo‘limiz sal kaltalik qildi-ya, qizim…
– Yo‘qsa, keragi yo‘q, qo‘yavering, – tumshayadi kelin-qiz.
Bo‘lg‘usi qaynona noiloj. To‘yni qaytarish shashtida yonadiyu, yana shaytonga «hay» beradi. Harna bo‘lgandayam, o‘sha qimmatbaho toshni sotib olishga majbur…
Qaysarligu o‘jarlik bilan kuyov tomonni qaqshatib, o‘zi istagandek kiyim-kechagu taqinchoqlarga bezanib, yor ostonasiga kelgan kelinchakning shodu xurram, xushnud onlari bir necha oy davom etadi…
To‘ydan oldin kelinchak bozorda o‘z fe’lini «ko‘rsatib qo‘ygan»i uchun qaynona ham to‘ydan keyin «tomosha»sini ko‘rsatish payiga tushadi. Bu ham yetmagandek, turli vitaminlarga boy taomlar, meva-chevalar iste’mol qilishi lozim bo‘lgan kelinchakning homiladorlik davrlarida eri, qaynona-qaynotasi to‘y qarzlarini to‘lash bilan band bo‘ladi. Natija esa ayon. Kamqonlik, nosog‘lom farzandlarning dunyoga kelishi… Er-xotin o‘rtasidagi qo‘ydi-chiqdilar yosh oilani yemiradi-qo‘yadi.
«Telba kelin-kuyov»
Shu o‘rinda, «Sarpo xarid» chog‘idagi keyingi bir tomoshani kuzatib, ayrim ota- onalarning kimo‘zarchilikka berilib, yoshlarning orzu-havaslariga qarshi chiqayotganlariga ham guvoh bo‘lasiz. Kelin-kuyov bo‘lmish yoshlar o‘qimishli. Yangilikka o‘ch. Kitobu ilmga berilishgan. Ularga oltin-kumush, qimmatbaho kiyim-kechaklarning qizig‘i yo‘q. Bozorga ikkkalasiniyam sudragudek olib chiqishgan.
– Bizga qarz-qavola qilib, sarpo-suruq qilmanglar, iltimos.
– Odamlar nima deydi?! Hech kimdan orqada qoladigan joyimiz yo‘q. Kerak emas, kerak emas, deysanlar, senlarga osmondagi oy kerakmi?!
– Yo‘q, – deyishadi bo‘lg‘usi oila sohiblari iymanishib, – bizga, yaxshisi, arzonroq bo‘lsayam, kompyuter oberinglar.
– Bu sarpolar puli o‘nta kompyuteringdan qimmat. Bo‘lmag‘ur gaplaringni qo‘y!
Yoshlarning orzu-havasi havoda qoldi.
– Sarpo-suruqlarimizga hech bo‘lmasa, kitob qo‘sharsizlar, – deyishadi yoshlar xunob bo‘lishib.
Kitobga, ilmga muhabbati ziyoda yoshlarni kuzatib turganlar «Telba kelin-kuyov» deya ularning ustidan kulishadi. To‘g‘ri, ayrimlar fikricha, ular ilmu kitob bilan band bo‘lishsa, tirikchiligu bozorni kim qiladi? Ammo, inson dunyoga kelar ekan, ikki maqsad: Tirikchilik va Bozor uchun kelmagan. Yoshlar istagandek sarpoga kitob qo‘yilishi, shubhasiz, oilaning mustahkamligini ta’minlaydi.
Ayrim yosh quda-andalar kelin-kuyovga obro‘, deya to‘y dabdabasi oldi ularning turnaqator mashinalarda shahar aylanishlarini ta’minlab qo‘yishadi. Yoshlar ham shovqin-suron, quloq pardalarini yirtib yuborgudek musiqa sadolari ostida «kimo‘zarga yetib-olar» qilishib, mashinalar «o‘yini» bilan shahar kezishadi. Ko‘chani to‘ldirib, qiyqirib-quvlashib borayotgan to‘y kortejlarida haydovchilar ana shu vaziyatlarda insonlar hayotini, umuman, o‘ylashmaydi. Dabdaba, hoyu-havasga hirs avjining oxiri ko‘pincha fojia yoki ko‘ngil xiraliklari bilan yakun topadi.
Dodu bedod…
Bir paytlar to‘y, deganda diydor, suhbat, kamtarlilik, tejamlilik uyg‘un bo‘lardi. Bugun esa – elu yurtni ovqatu aroqqa to‘ydirish tushunilgandek, go‘yo. «Falonchi aka zo‘r to‘y berdi», «Pismadonchi ajoyib osh qipti», «To‘y sohibi bazmda aroqni chelaklab quydi-da, ofarin!» – deb kekirib qo‘yishadi. Keraksiz dabdaba, ota-onalarning hashamati, yoshlarning ortiqcha sho‘xligi natijasida to‘ylarning mazmuni-shakli o‘zgardi.
Bugun to‘yxonalarning sanog‘i yo‘q. Hatto, eng chekka qishloqlargacha to‘yxonalar qad rostlagan. Bu bir jihatdan qulay bo‘lsa-da, to‘ylardagi fayzu ziynatni, ko‘rinishni yo‘qotdi. To‘yxonalar faqat yeb-ichib, mast-alast bo‘ladigan, shovqin-suron maydoniga aylandi-qoldi. Karnay-surnayu kuy-qo‘shiqlarning dodu bedodidan odamlar yonginasidagi oshnasi bilan gaplasha olmaydi. Musiqa karnayu maxsus baqirtirgichlarga ulangan: quloqlar tom bitib qoladi. Kelin-kuyov – o‘zbek. Musiqalar xorijona. «Madaniyatli» quda-andalar o‘zaro kelishgan holda 3-4 million so‘m ortiqcha xarajat qilishib, baletmeystrni ham taklif qilishgan. To‘rt tomonga sakrab-aylanayotgan baletmeystr to‘y to‘rida emas, davraning boshidan-oxirigacha inglizcha kuyda valsga tushayotgan kelin-kuyovlar tez-tez «qistirib» qo‘yadigan pullarni olib qo‘yishni ham unutmaydi. San’atkorlar ham ustasi farang bo‘lib ketishgan. Matni buzilgan kuy-qo‘shiqlarga shunchaki lab qimirlatib turishdan charchashmaydi. O‘zbekcha kuy-navolar ostida talaffuzi nomunosib ruscha yoki inglizcha qo‘shiqlar yangraydi. Har kim o‘z-o‘zi bilan band. Birov bilan birovning ishi yo‘q. Muhimi, odamlarning qorni to‘q, kayfi taroq… qalbi och. To‘ylarning, nafaqat, mazmuni, balki shaklining ham o‘zgarib borayotganidan, o‘zbek madaniyati to‘xtovsiz ommaviy madaniyat xuruji ostida qolib borayotganidan yurak achishadi.
Buxoro amirligi davrida to‘y dabdabozligi
«Buxoro amirligi davrida ham to‘ylarni tartibga solish bo‘yicha amallar bajarilgan. Bundan 100 yil oldingi tariximizga nazar tashlasak, Buxoro amirligida ham dabdabali to‘ylar va marosimlarni tugatish kun tartibida turgan muhim ijtimoiy vazifalardan biri bo‘lganligiga guvoh bo‘lamiz. XX asr boshlarida Buxoro amirligida to‘ylar g‘oyatda hashamdor bo‘lib, 7-8 kun davom etar, har kuni 6-7 xil ovqat pishirilib, taklif qilingan mehmonlarga 5 qadoq (410 gramm) dan 2 pud (16 kg)gacha qand berilar va chopon kiydirilardi. Bundan tashqari, to‘ylarda ko‘pkarilar tashkil qilish odat tusiga kirib qolgan edi, – deydi tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Dilnoza Jamolova. – Buxoro amiri Olimxon (1910-1920) hukmronligi davrida to‘y-ma’rakalardagi isrofgarchiliklar va dabdababozliklarni tugatishga alohida e’tibor qaratdi hamda to‘ylarni ixcham o‘tkazishga oid farmonlar qabul qildi. Jumladan, 1911 yil mart oyida «Juda isrofli to‘ylarni tugatish to‘g‘risida» farmon chiqargan. Unga ko‘ra, to‘ylarda palovdan boshqa ovqat berganlarga 75 darra urish jazosi tayinlanib, sunnat va nikoh to‘ylarida tashkil qilinadigan uloq chopish va poyga tadbirlari bekor qilingan. Ushbu tadbirni tashkil etgan shaxs o‘lim jazosiga mahkum etilishi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, buxoroliklar to‘ylariga kelgan barcha mehmonlarga ziyofatdan tashqari ularning har biriga chopon berish rasmi ta’qiqlab qo‘yilgan».
Tarixchining so‘ziga ko‘ra, Amir Olimxon serxarajat to‘ylar oilalarni iqtisodiy falokat yoqasiga olib kelishini anglagan holda, bunday to‘ylarni bartaraf etish bo‘yicha qat’iy talablarni ishlab chiqqan. Natijada to‘y kunlari qisqartirilgan, bir xil ovqat pishirish belgilab qo‘yilgan, chopon kiydirishlar keskin kamaygan, qand tarqatish to‘xtatilgan hamda ko‘pkarilar o‘tkazilmay qo‘yilgan. Ayrim amaldorlarning poraxo‘rligi tufayli amir farmoniga zid ravishda hashamdor to‘ylar o‘tkazib turilgan bo‘lsa-da, oddiy xalq bu farmonlarni mamnuniyat bilan qabul qilgan.
Xulosa qilib aytganda, oradan 100 yildan ortiqroq vaqt o‘tib, bugungi jamiyatimiz oldida ham to‘y marosimlarini tartibga solish dolzarb masala bo‘lib turibdi. Pandemiya davrida e’lon qilingan karantin vaqtidagi kamxarajat va ixcham to‘ylar hozirda yana dabdabali tus olmoqda.
«Shu o‘rinda prezidentimiz «Xalqimiz pul topib, aql topmagan, ma’naviy saviyasi past kimsalarga aylanib qolmasligi, to‘y-hashamlar, ma’rakalarni o‘tkazish bo‘yicha musobaqa o‘ynab, turli-tuman yangi odatlarni o‘ylab topmasligi zarur», degan fikrlarini keltirishni juda o‘rinli deb hisoblayman», – deydi Dilnoza Jamolova.
Ha, biz xohlaymizmi-yo‘qmi, bugun emas, ertaga, albatta, to‘y o‘tkazish tartiblari ixchamlashib, soddalashib boraveradi. Negaki, narxlarning o‘sishi, kundalik iste’mol mollarga bo‘lgan ehtiyojning oshib borishi kishini ko‘proq ishlashga, mehnat qilishga undaydi. Odamlar ijtimoiy hayotning mazmun-mohiyatini anglashlari uchun imkon tug‘iladi. Mashaqqatlar bilan topgan pullarini to‘y-tomoshalarda huda-behuda sovurishdan saqlanishadi. To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish to‘g‘risida»gi farmonning e’lon qilinganiga bir necha yillar bo‘ldi. Farmon ijrosini ta’minlash amallari, ayniqsa, qishloq joylarida o‘z natijasini ko‘rsatgan. Bugungi kunda «Yoshlar bazmi», «ZAGS to‘yi», «Fotiha to‘ylari», «Chimildiq osar» marosimlari anchagina qisqartirildi. Shuningdek, to‘ylarda spirtli ichimliklar qo‘ymaslik choralari ham qat’iy yo‘lga qo‘yilmoqda. Mahallalarda iqtidorli laparchi ayollar, musiqachilar guruhi tashkil etilib, to‘ylarning qiziqarli o‘tishi uchun turli dasturlar tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Ortiqcha hashamat, ko‘r-ko‘rona odatlarni cheklash yoshlar baxtli bo‘lishining birinchi shartidir.
Ayni kunning maqsadi ham shu: o‘ziga xos, milliy o‘zbekona to‘ylarni joriy etish. Milliy qiyofasi, mazmuni va shakli or-nomus, pokiza va kamtarona tuyg‘ular bilan mustahkam to‘y-tomoshalarning iftixorimizga aylanib qolishiga ne yetsin.
Laylo Hayitova
Jamiyat
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi, bayram ssenariysi va sahnadagi chiqishlarga foydalanuvchilardan juda katta, samimiy va kuchli reaksiya bo‘ldi.
Izohlarni o‘qib, bir narsa yaqqol ko‘rinadi: odamlar bayramni shunchaki tomosha qilmagan — his qilgan.
“Juda zo‘r!”, “Boshqacha bo‘ldi!”, “Ta’sirli!”, “Gap yo‘q!”, “Sahnadagi energiya va jonli ijro odamni lol qoldirdi, haqiqiy bayram kayfiyati!”, “Harbiylarning safdagi kelishgan va qat’iy qadamlari qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi”, “Juda go‘zal bayram, betakror bayram”… — ijtimoiy tarmoqlardagi minglab fikrlarda bir xil kayfiyat.
Ayniqsa, Prezident nutqidagi fikrlar alohida muhokama qilindi. Vatan tarixi, bugungi islohotlar va kelajakka ishonch uyg‘unlashgan nutq ko‘pchilikda kuchli taassurot qoldirdi.
Bu yilgi Mustaqillik bayrami sahnada o‘zgacha bo‘ldi — ijtimoiy tarmoqlardagi reaksiya esa bundan ham kuchli!
Bu shunchaki izohlar emas. Bu — xalqning bayramga bo‘lgan kayfiyati.
Jamiyat
BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif
BYD Central Asia mahalliy ishlab chiqarilayotgan BYD CHAZOR UzPride modelining rasmiy sotuvi boshlanganini e’lon qiladi. Mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgani tufayli 55 KM Luxe jamlanmasi 255 900 000 so‘m narxda taklif etilmoqda.
Modelning nomi uning mazmun-mohiyatini aks ettiradi: brend mahalliy bozorda izchil rivojlanib, texnik mutaxassislarni tayyorlash va mamlakat avtomobilsozlik sanoatini zamonaviylashtirishga ko‘maklashmoqda. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalarni aholining tobora keng qatlamlari uchun qulay va hamyonbop qilmoqda. Shu sababli yangi talqin O‘zbekiston va uning xalqiga chuqur hurmat ramzi sifatida UzPride nomini oldi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan xaridorlar uchun maxsus moliyalashtirish dasturi tayyorlandi:
– boshlang‘ich to‘lov – 35%;
– bo‘lib to‘lash muddati – 35 oy;
– foiz stavkasi – 0%;
– moliyalashtirishni rasmiylashtirish – faqat OFB hamkor banki orqali.
Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi shartlari 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha amal qiladi.
Dastur shartlari qutlug‘ sana bilan ramziy tarzda uyg‘unlashtirilgan bo‘lib, yangi supergibrid sedanni O‘zbekiston bo‘ylab xaridorlar uchun yanada qulayroq shartlarda sotib olish imkonini beradi.
BYD CHAZOR UzPride haqida
BYD CHAZOR UzPride DM-i supergibrid tizimi bilan jihozlangan. Unda elektr yuritmaning afzalliklari 1,5 litr hajmli yuqori samarali benzin dvigatelining imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirilgan.
132 kVt quvvatga ega elektr dvigatelining eng yuqori burovchi kuchi 316 N·m ni tashkil etadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 7,9 soniyada chiqadi. NEDC o‘lchov tartibi bo‘yicha faqat elektr quvvatida yurish masofasi 55 kilometrgacha yetadi. Akkumulyator quvvati past bo‘lganda yoqilg‘i sarfining eng kam ko‘rsatkichi 100 kilometrga 3,8 litrni tashkil etadi.
55 KM Luxe jamlanmasiga aylantiriladigan 12,8 dyuymli multimedia ekrani, 8,8 dyuymli displeyga ega raqamli ko‘rsatkichlar paneli, o‘zbek tilidagi aqlli ovozli boshqaruv tizimi, 4G va Bluetooth ulanishi, shuningdek, OTA orqali masofadan yangilash imkoniyati kiradi.
Haydovchiga yanada ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida avtomobil kalitsiz kirish tizimi, NFC-karta, masofadan ishga tushirish, o‘rindiqni elektr yordamida sozlash, elektr yuritmali tom tuynugi hamda orqa o‘rindiq yo‘lovchilari uchun havo yo‘naltirgichlarga ega iqlim tizimi bilan jihozlangan.
360° atrofni ko‘rsatuvchi panoramali HD-kamera hamda old va orqa to‘xtash datchiklari avtomobilni boshqarish va tor joylarda harakatlanishni osonlashtiradi.
Xavfsizlik tizimlari qatoriga tezlikni bir maromda saqlash tizimi, yo‘nalish barqarorligini nazorat qilish, g‘ildiraklarning sirpanishiga qarshi tizim, shinalardagi bosimni kuzatish, qiyalikda harakatni boshlashga ko‘maklashish, avtomobilni avtomatik ushlab turish, old va yon xavfsizlik yostiqchalari, shuningdek, parda turidagi xavfsizlik yostiqchalari kiradi.
BYD CHAZOR UzPride modelining mahalliy ishlab chiqarilishi yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi zamonaviy avtomobillar tanlovini kengaytiradi hamda mamlakat avtomobilsozlik sanoatining rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
BYD Central Asia kompaniyasining mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan dasturi – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil boshqaruvida kutib olish uchun ajoyib imkoniyatdir.
*Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha, 1 sentyabr kuni ham, amal qiladi. Dastur doirasidagi moliyalashtirish faqat OFB hamkor banki orqali rasmiylashtiriladi. Dastur bo‘yicha taklif etiladigan avtomobillar soni cheklangan. Texnik ko‘rsatkichlar ma’lumot berish maqsadida keltirilgan bo‘lib, yo‘l va ob-havo sharoiti, avtomobilning yuklanish darajasi hamda haydash uslubiga qarab farq qilishi mumkin. Avtomobilni sotib olish shartlari va jamlanmasi haqidagi batafsil ma’lumotni BYD kompaniyasining rasmiy dilerlaridan olishingiz mumkin.
BYD kompaniyasining O‘zbekistondagi aloqa ma’lumotlari
Rasmiy ishonch telefoni: 1811
Rasmiy veb-sayt: bydauto.uz
Instagram: @bydauto.uz
Telegram: t.me/bydautouz
Jamiyat
Yangi o‘quv yilida 806 mingdan ziyod 6 yoshli bola maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olinadi
E-qaror tizimida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 2026/2027 o‘quv yiliga tayyorlash va bolalarni qabul qilish jarayonini samarali tashkil etishga oid buyrug‘i e’lon qilindi. Hujjatning ilovalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 18-avgustdagi 299-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan.
Hujjatga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilida respublika bo‘yicha 811 ming 586 nafar 6 yoshli bola hisobga olingan. Ularning 806 ming 290 nafarini maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olish rejalashtirilgan. Natijada qamrov darajasi 99,3 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
Maktabga tayyorlov guruhlari bilan qamrab olinmagan 6 yoshli bolalar uchun 485 ta bir yillik bepul majburiy tayyorlov guruhi tashkil etiladi. Ularda jami 13 ming 104 nafar bolani qamrab olish rejalashtirilgan.
Shundan:
— umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 413 ta guruh tashkil etilib, 11 ming 163 nafar bola;
— davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 65 ta guruh ochilib, 1 ming 766 nafar bola;
— boshqa mos binolarda 7 ta guruh tashkil qilinib, 175 nafar bola qamrab olinadi.
Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, avval hududlardagi 6 yoshli bolalar xatlovdan o‘tkaziladi. Xatlov natijasida tayyorlov bilan qamrab olinmagan bolalar mavjud bo‘sh guruh va o‘rinlarga joylashtiriladi.
Shundan keyin ham qamrovdan tashqarida qolgan bolalar uchun umumta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, «Kelajak markazlari» va boshqa obyektlarning bo‘sh xonalarida yangi tayyorlov guruhlari tashkil etiladi. Ularni sentyabr–oktyabr oylarida ishga tushirish belgilangan.
Jamiyat
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.
Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.
Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
-
Sport3 days ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat2 days ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport2 days ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Jamiyat2 days ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
-
Siyosat3 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Siyosat2 days ago
Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi
-
Jamiyat12 hours ago
BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif
-
Siyosat5 hours ago
Шавкат Мирзиёев Бишкекда кутиб олинди
