Iqtisodiyot
eng katta ulush Toshkent shahrida
2025 yilda O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan 152,1 trln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 9,7 foizga oshgan.
Hisobotga ko‘ra, hududlar kesimida eng yuqori ishlab chiqarish hajmi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan — 27,6 trln so‘m. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati (21,5 trln so‘m) va Samarqand viloyati (19,5 trln so‘m) qayd etilgan.
Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha quyidagi hududlar yuqori ko‘rsatkichlarni namoyish etgan:
Farg‘ona viloyati — 11,6 trln so‘m;
Buxoro viloyati — 11,3 trln so‘m;
Qashqadaryo viloyati — 10,2 trln so‘m;
Andijon viloyati — 9,6 trln so‘m;
Namangan viloyati — 8,5 trln so‘m;
Navoiy viloyati — 7,9 trln so‘m.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 6,6 trln so‘m, Xorazm viloyatida 6 trln so‘m, Sirdaryo viloyatida 5,4 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.
Eng kam ko‘rsatkichlar esa Jizzax viloyati (3,3 trln so‘m) va Surxondaryo viloyati (3,2 trln so‘m) hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Mutaxassislar fikricha, yirik sanoat korxonalarining asosiy qismi poytaxt va sanoat infratuzilmasi rivojlangan hududlarda joylashgani ishlab chiqarish hajmidagi ushbu farqni izohlaydi. 2025 yil yakunlari mamlakatda oziq-ovqat sanoati barqaror o‘sish sur’atlarini saqlab qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Iqtisodiyot
23-apreldan valyutalarning yangi kursi belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 23-apreldan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 18,06 so‘mga tushib, 12 042,49 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 35,69 so‘mga tushdi va 14 147,52 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 282,65 so‘m bo‘ldi (-2,71).
Rossiya rubli 160,55 so‘m etib belgilandi (-0,77).
Iqtisodiyot
Tadbirkor Timur Musin Toshkentdagi “Palov muzeyi” va Caravan restoranlarini sotuvga qo‘ydi
Shuningdek, Bo‘stonliqdagi Cinara’s majmuasi ham sotilmoqda. Taniqli restorator bu qarorini O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhitiga ishonchi qolmagani bilan izohladi.
Timur Musin / Foto: weproject.media
Toshkentlik taniqli restorator, Caravan Group tarmog‘i asoschisi Timur Musin uchta biznesini sotuvga qo‘ydi.
Uning poytaxtdagi Palove Muzeyi va Caravan nomli restoranlari hamda Bo‘stonliqdagi Cinara’s majmuasi sotilayotgani haqida OLX’da e’lon berilgan.
Bu uchta aktiv jami 294 mlrd so‘m (24,4 mln dollar)ga baholangan:
Palove Muzeyi restorani. Mirzo Ulug‘bek tumani Katta Darxon ko‘chasi 55-uy manzilida joylashgan, 5800 kvadrat metr maydonga ega 5 qavatli bino (Salar kanali bo‘yida 20 sotix yondosh yer maydoniga ega) – 150 mlrd so‘m.
Caravan restorani. Yakkasaroy tumani Abdulla Qahhor ko‘chasi 22-uy manzilida joylashgan, 1800 kvadrat metr maydonga ega bino (7 sotix yer maydonini egallagan) – 45 mlrd so‘m.
Cinara’s etnografik majmuasi. Bo‘stonlik tumanida joylashgan, 80 sotix yer maydoniga ega. Nolinchi va birinchi qavatlardan iborat bino maydoni 1400 kvadrat metr – 99 mlrd so‘m.
Ikkita restoran biznesining o‘zini qoplash muddati taxminan 7 yil deb ko‘rsatilgan.
Foto: Yandex-xaritalar
Timur Musin Kun.uz bilan telefon orqali qisqa suhbatda bu qarorini Cinara’s etnografik majmuasi bilan bog‘liq sud jarayonlari ortidan ishbilarmonlik muhitidan xafsalasi pir bo‘lgani bilan izohladi va bu ish tafsilotlari YouTube’dagi kanaliga joylangan videoda keltirib o‘tilganini aytdi.
Videodagi ma’lumotlarga qaraganda, tadbirkor Chorvoq suv omboridan uncha uzoq bo‘lmagan joydagi so‘lim majmuani loyihalashtirish uchun taniqli me’morlarni, xususan yaponiyalik mutaxassis Kozo Ivatanini jalb etgan holda, u yerda etnografik qishloq yaratishga kirishgan. 2014 yilda loyihaning 7 mln dollardan ortiqqa baholangan, 2 gektar maydonni egallagan birinchi bosqichi ishga tushirilgan.
Keyingi bosqichlarda Cinara’s majmuasi akvapark, ikkita mehmonxona, qayiqlar to‘xtash joyi va boshqa xizmat ko‘rsatish obektlarini ham o‘z ichiga olishi ko‘zda tutilgan edi. Ammo ajratilgan yer maydonlarining olib qo‘yilishi va nizoli kompensatsiya kabi muammolar sabab, tadbirkor bir necha yildan beri iqtisodiy va ma’muriy sudlarda hokimiyat idoralari bilan sudlashmoqda.
Iqtisodiyot
Umumiy ovqatlanish tarmoqlari peshlavhalar olib tashlanayotgani bo‘yicha murojaat bilan chiqdi
Dodo Pizza, Belissimo Pizza, Evos, Feed Up, KFC va Papa Johns mas’ul idoralarga jamoaviy murojaat yo‘llab, Toshkent shahridagi peshlavhalar yoppasiga olib tashlanayotganidan shikoyat qildi. Kun.uz suhbatlashgan tadbirkorlardan biri peshlavhalar olib tashlanganidan keyin savdo pasayishni boshlagani, restoranga odam kirishi kamayganini aytmoqda.
Foto: Chilonzor tumani hokimligi matbuot xizmati
Toshkentdagi yirik umumiy ovqatlanish tarmoqlari shahardagi peshlavhalar yoppasiga demontaj qilinayotganidan norozilik bildirib, jamoaviy murojaat bilan chiqdi.
Dodo Pizza, Belissimo Pizza, Evos, Feed Up, KFC va Papa Johns tomonidan imzolangan murojaat – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsmanga yo‘llangan.
Unda qayd etilishicha, 2026 yil boshidan buyon poytaxtda tadbirkorlik sub’yektlarining peshlavhalarini olib tashlash ishlari ko‘pincha tadbirkorlarni oldindan yozma ravishda ogohlantirmasdan, bu talab yuzasidan nizolashish yoki ixtiyoriy demontaj qilish uchun muddat bermasdan amalga oshirilmoqda.
Berilgan xabarnomalarda esa aynan qaysi qonun normasi buzilgani, nomuvofiqlik nimada ekani, qaysi dizayn talablari asos qilib olingani ko‘rsatilmayapti. Kamchiliklarni ixtiyoriy bartaraf etish uchun vaqt berilmayapti.
Murojaat mualliflari bu amaliyot belgilangan tartib va protsessual talablarga zid ekanini, ayrim hollarda esa ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgilariga ham ta’sir qilib, biznesning identifikatsiyasi va intellektual mulk huquqlarini cheklayotganini qayd etgan. Shu bois ular demontaj ishlarini vaqtincha to‘xtatish, aniq va shaffof qoidalarni tushuntirish hamda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazishni so‘ramoqda.
Tadbirkorlar “Tovar belgilari to‘g‘risida”gi hamda “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarda belgilangan normalarni eslatib o‘tgan. Xususan, rasmiylarning tovar belgisini shahar dizayn-kodiga moslash talabi intellektual mulk huquqiga daxl qilishi, bu holat qonuniy tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilishi ta’kidlangan.
Ular umumiy ovqatlanish shoxobchalari fasadidagi peshlavhalarni demontaj qilish ishlarini to‘xtatish va biznes-hamjamiyat bilan rasmiylar o‘rtasida uchrashuv tashkil qilishni so‘ramoqda.
“Biz Toshkent shahrini zamonaviy va ko‘rkam ko‘rinishga keltirish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaymiz, lekin O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, huquqiy aniqlik va tadbirkorlarning protsessual huquqlari kafolatlariga rioya qilinishi prinsipial ahamiyatga ega deb hisoblaymiz”, – deyiladi murojaatda.
“Peshlavhalar olib tashlanganidan keyin savdo pasayishni boshladi”
Muammo biznesga qo‘shimcha xarajat yuklamoqda: tadbirkorlar peshlavhalarni qayta tayyorlash, hujjatlashtirish yoki butunlay olib tashlashga majbur bo‘lmoqda. Bundan tashqari, nomsiz qolgan do‘kon va dorixonalar iste’molchilar uchun ham muammo tug‘diradi – odamlar kerakli joyni topishda qiynaladi, ortiqcha vaqt sarflaydi.
Kun.uz’ga murojaat qilgan tadbirkorlardan birining aytishicha, u egalik qiladigan restoranlarning bir nechtasidagi peshlavhalar ogohlantirishsiz olib tashlangan.
“Toshkentda o‘ndan ziyod filiallarimiz bor. Bizning nom yozilgan peshlavhalarni olib tashlaganini eng katta adolatsizlik deb baholayman. Bitta tumanda kelib ogohlantirishdi, boshqa tumandagi filialimizni esa ogohlantirmay buzishdi. Dizayn kodga to‘g‘ri kelmaydi deb olib tashlashga qaror qilishdi, ayrim tumanlardagi filialimizni ogohlantirmasdan, ertalab sahardan kelib yechib tashlashdi, biz o‘z huquqlarimizni ham himoya qila olmadik.
Butun shahar qiyofasi bir xil dizayn kod bo‘yicha bo‘lishi kerak ekan. Katta-katta kafelarning nomlarini olib tashlashdi. Bu biznesga katta noqulaylik va zarar tug‘dirmoqda: deylik yangi mijoz keldi, u qayerdan bilsin bizning brendimizni? Nomlar olib tashlanganidan keyin savdo pasayishni boshladi, restoranga kamroq odam kirishni boshladi”, – deydi u.
Tadbirkorning aytishicha, peshlavhalar olib tashlanganidan keyin ularni qayta tiklash borasida amaliy yordam berilmayapti.
“Bizga yo‘nalish berishsin, o‘zgartirishingiz kerak, deyishsa, biz yo‘q demasdik. Dizayn kod bo‘yicha bergan takliflarimizni hech qanday asossiz rad etishyapti”, – deydi u.
Hokimiyat ko‘rsatayotgan huquqiy asos
Vazirlar Mahkamasining 2023 yildagi 428-son qaroriga ko‘ra, axborot beruvchi peshlavhalar yuzasi 1 kvadrat metrdan oshmasligi kerak. Aks holda, ular tashqi reklama sifatida baholanadi va reklama joyi pasporti rasmiylashtirilib, tegishli to‘lov undiriladi.
Biroq bu tartibni qo‘llash Toshkent ko‘chalarida bir xil emas. Ayrim hududlarda peshlavhalar olib tashlangan bo‘lsa, boshqalarida ular saqlanib qolgan. Ayniqsa, Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida nomsiz qolgan do‘konlar ko‘proq ko‘zga tashlanadi, biroq bu yerda ham yagona yondashuv yo‘q.
Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tomonidan shahardagi eng serqatnov 472 km yo‘llar aniqlangan va birinchi bosqichda 100 km hududdagi peshlavhalar demontaj qilinmoqda. Bu bosqichga asosan Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlari kirgan.
“Kimningdir peshlavhasi saqlanib qolgan bo‘lsa, u oldindan qonuniy rasmiylashtirilgan. Keyinchalik dizayn kod talablariga mos kelmasa, tadbirkorlar bilan kelishilgan holda o‘zgartiriladi”, – deyiladi hokimlik izohida.
Iqtisodiyot
Toshkentda ATB «Universal bank»ning yangi bank xizmatlari markazi ochildi
Universal bank o‘zining mintaqaviy tarmog‘ini faol rivojlantirishni davom ettirmoqda va poytaxtda yangi BXM ochilganini e’lon qilmoqda.
Yangi ofis bankning o‘z faoliyatini kengaytirish va mijozlar uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini oshirish strategiyasidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.
Ushbu BXMning ochilishi bank rivojlanishining muhim bosqichi bo‘ldi – u davlatimiz moliya bozorida o‘z mavqeyini izchil mustahkamlab borayotgan Universal bank tarmog‘ining yana bir bo‘g‘iniga aylandi.
Mavjudlik geografiyasini kengaytirish orqali bank o‘z mijozlariga yaqinroq bo‘lishga, ularning ehtiyojlariga tezkor javob berishga va yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatishni ta’minlashga intiladi.
Yangi BXM jismoniy va yuridik shaxslar uchun bank xizmatlarining to‘liq spektrini taqdim etadi. Xususiy mijozlar hisobvaraqlar ochish va ularga xizmat ko‘rsatish, depozit va kreditlarni rasmiylashtirish, pul o‘tkazmalarini amalga oshirish va boshqa kundalik bank operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyatlaridan foydalanishlari mumkin.
Biznes vakillari uchun BXM hisob-kitob-kassa xizmati, kreditlash, ish haqi loyihalari, tashqi iqtisodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan individual moliyaviy yechimlarni o‘z ichiga olgan kompleks xizmatlarni taklif etadi.
Zamonaviy va texnologik ofisning ochilishi Universal bankning qulay xizmat ko‘rsatish sharoitlarini yaratish, ilg‘or yechimlarni joriy etish va mijozlar bilan uzoq muddatli munosabatlarni saqlashga bo‘lgan intilishini aks ettiradi.
Bu yil Universal bank o‘z faoliyatining 25 yilligini nishonlayotgani tadbirga alohida ahamiyat beradi. Chorak asr davomida bank barqaror o‘sish yo‘lini bosib o‘tdi, mijozlar ishonchini qozondi va o‘z hamkorlari hamda omonatchilari uchun yangi imkoniyatlar ochib, ishonch bilan oldinga intilishda davom etmoqda.
Manzil: Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, “Chaqar” MFY, Furqat ko‘chasi, 23-uy.
Mo‘ljal: Xalqlar do‘stligi saroyi.
Web site | Facebook | Instagram | Telegram
Reklama huquqi asosida
Iqtisodiyot
O‘zbekistonliklar 2 oyda ko‘chmas mulk xizmatlariga 4,3 trln so‘m sarfladi
202-yil yanvar–fevral oylarida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar hajmi 4,3 trln so‘mga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,5 foizga o‘sgan. Bu bozorda faollik ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Hisobotlarga ko‘ra, eng katta ulush Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, 2,6 trln so‘mni tashkil etgan. Bu umumiy hajmning yarmidan ko‘prog‘ini qamrab olgani bilan ajralib turadi.
Ikkinchi o‘rinda Toshkent viloyati bo‘lib, bu yerda xizmatlar hajmi 331,5 mlrd so‘mga yetgan.
Shuningdek, Samarqand viloyatida 212,8 mlrd so‘m, Farg‘ona viloyatida 179,3 mlrd so‘m va Andijon viloyatida 150,5 mlrd so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan.
Qolgan hududlar orasida Qashqadaryo viloyati — 124,2 mlrd, Namangan viloyati — 118,8 mlrd va Buxoro viloyati — 101 mlrd so‘m ko‘rsatkichlar bilan qayd etilgan.
-
Siyosat5 days ago
«Muruvvat» internat uylari «G‘amxo‘rlik» markazlariga aylantiriladi
-
Dunyodan3 days ago
Ukraina Turkiyaga Zelenskiy-Putin uchrashuvi boʻyicha soʻrov yubordi
-
Dunyodan4 days ago
Eron nega Hurmuzni yana qamal qildi?
-
Jamiyat3 days ago
Самарқандда МЧЖ раҳбарларининг кирдикорлари ошкор бўлди: тафсилотлар
-
Siyosat4 days agoO‘zbekistonda bolalarga qarshi jinoyatlar uchun jazo qat’iylashtirildi
-
Siyosat4 days agoO‘zbekistonda bolalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va himoya qilishni kuchaytirmoqda
-
Siyosat4 days agoTurk kompaniyalari Farg‘ona xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda
-
Jamiyat5 days ago«World Content Market»da ilk bor O‘zbekiston milliy paviloni tashkil etildi
