Siyosat
Ikki prezident raisligida Strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on raisligida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar mazkur yig‘ilish muborak Ramazon oyi hamda ikki mamlakat o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganiga 30 yil to‘lishi arafasida o‘tayotgani ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladilar.
Siyosiy muloqot jadal rivojlanayotgani, xalqaro masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiyasi o‘xshash ekani mamnuniyat bilan qayd etildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib olindi.
Parlamentlararo aloqalar, jumladan, do‘stlik guruhlari doirasida faollashdi.
O‘zaro savdo hajmi, shuningdek, Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan qo‘shma korxona va loyihalarning soni izchil ravishda o‘sib bormoqda.
Kelgusi yillarda tovar ayirboshlash hajmini, jumladan, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimdagi tovarlar ro‘yxatini kengaytirish orqali 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi belgilab olindi.
Tashrifga tayyorgarlik doirasida alohida dastur asosida amalga oshirilishi nazarda tutilgan sanoat kooperatsiyasining yangi ustuvor yo‘nalishlari ishlab chiqilgan.
Shuningdek, hududlararo hamkorlikning ulkan salohiyati qayd etildi. Yil oxiriga qadar O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan delegatsiyalar hamkor hududlar bilan loyihalar portfelini ishlab chiqish maqsadida Turkiyaga tashrif buyuradi.
Qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik, sog‘liqni saqlash va tibbiy turizm sohalarida Turkiyaning ilg‘or tajribasini joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Turizm yo‘nalishida aloqalarni rivojlantirish, teatr festivallari va madaniyat haftaliklarini o‘tkazish, tarixiy filmlarni birgalikda ishlab chiqarish, madaniy meros ob’yektlarini hamkorlikda tiklashga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’lim sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida shu yil bahorda Buxoroda to‘rtinchi Rektorlar forumini o‘tkazishga kelishib olindi.
Shuningdek, Qo‘shma hukumatlararo komissiya hamraislarining ko‘p qirrali hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Yig‘ilish yakunida ikki davlat hukumatlariga qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.
Shavkat Mirziyoyev Rejep Tayyip Erdog‘anga O‘zbekistonga tashrif bilan kelishni taklif qildi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
