Siyosat
yilning eng muhim besh hodisasi
Yevropa Ittifoqi dunyoning ilm-fan, iqtisodiyot va innovatsiyalar taraqqiy etgan hududlaridan biri ekani sir emas. 450 milliondan ziyod nufusga ega YeIning yalpi ichki mahsuloti qariyb 19 trillion dollarni tashkil etadi. Poyoniga yetayotgan 2025 yilda O‘zbekiston–YeI munosabatlari yuksak darajaga ko‘tarildi. YeI bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi, Samarqand va Bryusselda sammitlar bo‘lib o‘tdi, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi yuzasidan YeI bilan muzokaralari yakunlandi. Quyida yil davomida ro‘y bergan eng muhim besh hodisaga e’tibor qaratamiz.
I. Ilk sammit va ko‘p milliardlik sarmoya
4 aprel kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Yevropa investitsiya banki rahbarlari ishtirok etdi.
Mashvaratda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, innovatsiyalar, “yashil” energetika, tog‘-kon, qishloq xo‘jaligi, transport, logistika va raqamlashtirish sohalarida qo‘shma dastur va kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, madaniyat, turizm, fan, ta’lim va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda faol almashinuvlarni davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Sammit doirasida Yevroittifoq “Global Gateway” dasturi bo‘yicha 12 mlrd yevro hajmidagi investitsiya paketini e’lon qildi.
Ushbu sarmoya paketi mintaqa uchun muhim bo‘lgan to‘rtta sohaga yo‘naltiriladi: transport (3 mlrd yevro), kamyob muhim minerallar (2,5 mlrd yevro), gidroenergetika va iqlim (6,4 mlrd yevro) hamda sun’iy yo‘ldosh interneti (100 mln yevro).
Mintaqa va YeI o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashgani kuzatilmoqda. So‘nggi yetti yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi bir necha barobar o‘sib, 54 milliard yevroni tashkil etdi. Samarali hamkorlik platformalari ishga tushirildi. Barcha muhim yo‘nalishlar bo‘yicha vazirlar yig‘ilishlari, forumlar va sammitlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
“Biz YeI bozoriga yuqori sifatli, ekologik toza va Yevropa standartlariga javob beradigan mahsulotlarni ko‘proq yetkazib berishga tayyormiz. Bugungi kunda samarali transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirish ahamiyati ortib bormoqda va Markaziy Osiyo Yevropa bilan Osiyo o‘rtasidagi shunchaki “ko‘prik” emas, balki global iqtisodiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylanishi mumkin”, – dedi prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand sammiti oldidan “Euronews”ga bergan intervyusida.
II. Yangi davrni boshlab berayotgan hujjat
24 oktyabr kuni Bryussel shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (EPCA – Enhanced Partnership and Cooperation Agreement) imzolashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitim 1996 yilda imzolangan Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘rnini egallaydi.
Yangi bitim loyihasi bo‘yicha muzokaralar 2019 yil fevral oyida boshlanib, 2022 yil iyul oyida yakunlangan. Hujjat 2022 yil 6 iyul kuni Bryussel shahrida parafirlangan edi.
9 ta bo‘lim, 356 ta modda va 14 ta ilovadan iborat bitim ikki tomonlama munosabatlarning deyarli barcha sohalarini qamraydi.
“Samarqandda biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni chuqurlashtirishga va’da bergandik. Bugun esa biz O‘zbekiston bilan uzoq yillik hamkorligimizni yanada mustahkamlab ushbu va’dani amalda bajarmoqdamiz. Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitim O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida fuqarolarimizning o‘zaro manfaatlari uchun birgalikda ishlashga asos yaratadi. Bu allaqachon mustahkam bo‘lgan sheriklikni yanada mustahkamlash onidir”, – dedi Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen.
Prezident Sh.Mirziyoyev Belgiyaga rasmiy tashrifi doirasida Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi. Uchrashuvda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi munosabatlarda yangi davrni boshlab berishi qayd etildi.
O‘zbekiston strategik xomashyo va minerallarni o‘zlashtirish va chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdor.
“Yashil iqtisodiyot” va kimyo sanoati ham hamkorlik uchun istiqbolli yo‘nalishlardir. Infratuzilma va logistika, raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari ham ustuvor ahamiyatga ega.
III. Rejadan – amaliy natijaga
26 noyabr kuni Toshkentda Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo uchinchi iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda ikki mintaqa rahbarlari iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, strategik investitsiyalarni ilgari surish va barqaror o‘sishni rag‘batlantirish masalalarini muhokama qildilar.
YeIning “Global darvoza” strategiyasi doirasidagi yirik maqsadlarni amaliy natijalarga aylantirish uchun asosiy maydon bo‘lib xizmat qilgan anjumanda davlat moliyasini isloh qilish, resurslarni mas’uliyatli boshqarish, chegaralarni boshqarish hamda mintaqaviy ekologik tiklashni qo‘llab-quvvatlovchi bir qator yirik dasturlar imzolandi.
Forum davomida Yevropa Ittifoqining xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela DATA4CRM (geoma’lumotlarni boshqarishni takomillashtirish), SECURE CRM (Markaziy Osiyoda xomashyo qiymat zanjirlarini mustahkamlash), GROW CRM (Markaziy Osiyoda muhim xomashyo faoliyatini kengaytirish), Orolbo‘yi loyihasi, Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarish dasturi (BOMCA) va Markaziy Osiyo giyohvandlikka qarshi dasturi (CADAP) kabi ikki tomonlama va mintaqaviy kelishuvlarni taqdim etdi.
“2025 yil Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi “Global darvoza” strategiyasi doirasida birgalikda qancha natija bera olishini yana bir bor isbotladi. Biz imkoniyatlardan raqamli o‘zaro obog‘liqlik, toza energiya va zamonaviy transport yo‘nalishlarida amaliy natijalarga o‘tmoqdamiz”, – dedi YeIning xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela.
IV. Tashriflar, loyihalar
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 noyabr Toshkentda YeIning xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela hamda kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
O‘zbekiston yetakchisi yevrokomissarlarni Toshkentda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” uchinchi iqtisodiy forumi va Transkaspiy transport yo‘lagi va o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha investorlar forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani hamda yakunda mintaqaviy miqyosdagi bir qator yangi qo‘shma loyihalar ishga tushirilgani bilan tabrikladi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda YeIning ikkinchi yirik savdo hamkori hisoblanadi. GSP+ dasturi tovar ayirboshlash hajmini sezilarli darajada oshirdi 2024 yilda ikki tomonlama savdo hajmi qariyb 4,8 milliard yevroga yetdi. Bu esa 2020 yilga nisbatan deyarli ikki baravar o‘sishni anglatadi. Yurtimizda Yevropa sarmoyasi ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni mingdan oshdi.
YeI komissari Yozef Sikela joriy yil mart oyida ham O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi.
Yil davomida YeI bilan hamkorlikda ko‘plab loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, Toshkentda Migrantlar resurs markazi ochildi. “Protect: Ipak yo‘li va Markaziy Osiyodagi ayrim mamlakatlarda migratsiyani boshqarish va migrantlarni himoya qilishni takomillashtirish” loyihasi doirasida ochilgan markaz mintaqa bo‘ylab mehnat muhojirlarining xavfsiz va legal migratsiya xizmatidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, odam savdosi tahdidlari borasida xabardorlikni oshirishga xizmat qiladi.
“Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondagi ilk Migrantlar resurs markazini tashkil etishga ko‘mak ko‘rsatayotganidan mamnun. Bunday markazlar insonlarga migratsiya borasida muhim qarorlar qabul qilish uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etishda alohida ahamiyat kasb etadi”, – dedi YeIning O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar.
Shuningdek, YeI tomonidan moliyalashtirilayotgan davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirishga qaratilgan loyiha ishga tushirildi.
Umumiy qiymati 4,9 mln yevrolik loyihada BMT Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston Adliya vazirligi asosiy hamkor hisoblanadi.
Tashkilotchilarga ko‘ra, 2029 yil yakunida loyiha doirasida 11 ta bek-ofis muassasasining funksional tahlili o‘tkaziladi, 1000 nafar davlat xizmatchisi inklyuziv va foydalanuvchilarga yo‘naltirilgan xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitiladi, kamida 35 ta davlat xizmati raqamli transformatsiya qilinadi, mamlakat bo‘ylab 34 ta yangi davlat xizmatlari burchaklari tashkil etiladi.
V. Kinofestival va o‘zbekistonlik talabalar uchun grant imkoniyati
Toshkent va Bryussel munosabatlarida madaniy-gumanitar yo‘nalish ham alohida o‘rin tutadi.
6 noyabr kuni Toshkentdagi Milliy kino san’ati saroyida X Yevropa kinofestivalining ochilish marosimi o‘tkazildi.
2013 yilda tashkil etilganidan beri festival Yevropa va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy almashinuv, ijodiy hamkorlik va umumiy qadriyatlar ruhini o‘zida mujassam etib kelmoqda. O‘tgan yillar mobaynida YeIning 22 davlati kinoustalari suratga olgan 110 dan ziyod film O‘zbekistonning to‘qqiz hududida namoyish etildi. Muhim madaniy tadbir 30 mingdan ortiq tomoshabinni birlashtirdi.
Bu yil esa 7-9 noyabr kunlari Toshkentda va 12 noyabr kuni Termizda namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Festival dasturiga Yevropaning 12 mamlakatidan 12 ta sara film kiritilgan.
An’anaga ko‘ra, bir guruh o‘zbekistonlik iqtidorli talabalar YeIning Erasmus Mundus qo‘shma magistrlik dasturiga qabul qilindi. 2025 yilgi tanlov natijalariga muvofiq g‘olib deb topilgan talabalarning 9 nafari qizlar, 4 nafari yigitlardir.
Ma’lumot o‘rnida: Erasmus Mundus – iqtidor egalarining ta’lim, kasbiy va shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturdir. Qo‘shma magistrlik tahsili doirasida o‘quv dasturi, sayohat xarajatlari, sug‘urta, vizani qo‘llab-quvvatlash, oylik stipendiya va boshqalarni o‘z ichiga olgan grant taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisi Tomash Zdexovskiy joriy yil aprel oyida yurtimizga tashrifi chog‘i YeI tomonidan o‘zbekistonlik talabalar uchun ajratilgan grant ko‘rsatkichi bosqichma-bosqich oshirib borilishini aytgandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
