Siyosat
O‘zbekiston prezidenti YOII sammitida ishtirok etdi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi.
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko raisligida o‘tgan uchrashuvda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin ham qatnashdi. YOII kuzatuvchi davlatlari rahbarlari — Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel va Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ishtirokchilarga videomurojaat yo‘lladilar. Taklif qilingan davlat vakili sifatida tadbirda Indoneziya savdo vaziri Budi Santoso ishtirok etdi.
Kun tartibidan ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, transportni rivojlantirish va o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari o‘rin oldi.
O‘zbekiston prezidenti nutqining avvalida YOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish mamlakatimiz tashqi iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi.
Keyingi to‘rt yilda kuzatuvchi davlat maqomidagi hamkorlik davrida O‘zbekistonning ittifoq mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki baravarga oshdi va 20 milliard dollarga yaqinlashdi.
Savdo, sanoat, moliya tizimi, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa sohalarda 40 ga yaqin chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan 2026-yilgacha hamkorlik rejasi tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Kelgusi yilda qo‘shma Ishchi guruhning beshinchi yig‘ilishini Toshkentda o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijoratni joriy etish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohalarida YOIIning bir qator tarmoq dasturlarida faol ishtirok etmoqda.
Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining bu galgi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston va YOII o‘rtasida bojxona chegaralari orqali o‘tkazilayotgan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotni almashish to‘g‘risida bitim tuzish yuzasidan muzokaralarni boshlash qarori qabul qilindi.
«Ishonchimiz komil, chegaralararo ma’lumotlar almashinuvi bojxona nazorati samaradorligini oshirishga, kechikishlarni kamaytirishga va transport tizimlarimizni Yevroosiyo yo‘laklariga integratsiya qilishga xizmat qiladi», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston prezidenti Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, davlatimiz rahbari o‘zaro tovar ayirboshlashda savdo to‘siqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etish muhimligini ta’kidladi. Texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya standartlariga yondashuvlarni uyg‘unlashtirish uchun MDH va YOII institutlari faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu ma’noda, O‘zbekiston yetakchisi ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish va talablarni birxillashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish taklifini bildirdi.
Texnik jihatdan tartibga solish, sertifikatlashtirish va bojxona ma’murchiligidagi tafovutlar bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etish uchun tarif va notarif to‘siqlar bo‘yicha «O‘zbekiston – YOII» qo‘shma Muvofiqlashtiruvchi guruhini tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Sanoat sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida mamlakatimiz rahbari mashinasozlik, energetika, agrosanoat majmui, kimyo va boshqa sohalardagi loyihalar ro‘yxatini birgalikda tuzishni taklif qildi.
O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qo‘shilishi munosabati bilan hamkorlikning strategik yo‘nalishlarini birgalikda belgilash hamda ustuvor infratuzilmaviy va «yashil» loyihalarni, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashni qamrab olgan «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish tashabbusi bildirildi.
Raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish haqida gapirar ekan, O‘zbekiston Prezidenti bojxona ma’murchiligini raqamlashtirish va yuk tashishda «uzluksiz» modelga o‘tish masalalari ustuvor vazifa ekanligini qayd etdi.
«Raqamli platformalarni, jumladan, elektron savdo va raqamli markirovkani uyg‘unlashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni YeOIK bilan birgalikda tayyorlashni taklif etamiz», — dedi O‘zbekiston Prezidenti.
O‘zbekiston YOIIning, eng avvalo, biotibbiyot, yangi materiallar, agrotexnologiyalar, energetika va robototexnika yo‘nalishlaridagi texnologik platformalariga qo‘shilishdan manfaatdor.
Turizm almashinuvini rag‘batlantirish va turistik mahsulotlarning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbari O‘zbekiston turizm sohasida integratsiyalashgan axborot resursini shakllantirish ishlariga qo‘shilishga ham tayyorligini bildirdi.
Yakunda davlatimiz rahbari O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan keng qamrovli va o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga qat’iy intilishini yana bir bor tasdiqladi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
-
Iqtisodiyot3 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot11 hours ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat7 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat6 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
