Jamiyat
Rossiya imperiyasi davriga oid oltin tangalarni sotishga urinish fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi va DXX xodimlari hamkorligida Muborak tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Rossiya imperiyasi davriga oid 10 dona qadimiy oltin tangani 71 million so‘mga sotishga uringan fuqaro ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida Muborak tumani hududida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida fuqaro M.K. 1897–1901 yillarda Rossiya imperiyasida chiqarilgan, “Nikolay II” yozuvi tushirilgan 10 dona qadimiy oltin tangani fuqaro Sh.H.ga 71 million so‘mga sotish vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
O‘tkazilgan ekspertiza xulosalariga ko‘ra, mazkur oltin tangalarning umumiy sof vazni 42,74 grammni tashkil etib, ular qimmatbaho oltin qotishmasidan tayyorlanganligi tasdiqlangan.
Kelib chiqqan holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Soliq deklaratsiyasi taqdim etgan 728 nafar xonanda jami 4,7 mlrd so‘m daromad topgani ma’lum bo‘ldi
Ularga 437,1 mln. so‘m daromad solig‘i hisoblangan.
Soliq qo‘mitasi xonandalar tomonidan “Konsert-tomosha faoliyati” xizmati bo‘yicha soliq deklaratsiyalari taqdim etilishi bo‘yicha ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, 17 aprel holatiga konsert-tomosha faoliyati litsenziyasiga ega bo‘lgan va 2025 yilda ushbu faoliyatdan olgan daromadlari bo‘yicha 728 nafar xonanda soliq deklaratsiyasini taqdim etgan.
Jami yillik deklaratsiya asosida 4 mlrd 694,9 mln. so‘m daromad ko‘rsatilib, shundan soliqqa tortiladigan daromad 3 mlrd 728,7 mln. so‘mdan 437,1 mln. so‘m daromad solig‘i hisoblangan.
Shundan:
1-reyting guruhida 28 nafari 1 mlrd 091,7 mln. so‘m daromad ko‘rsatib, shundan soliqqa tortiladigan 869,8 mln. so‘mdan 104,4 mln. so‘m daromad solig‘i;
2-reyting guruhida 57 nafari 585,4 mln. so‘m daromad ko‘rsatib, shundan soliqqa tortiladigan 464,3 mln. so‘mdan 55,7 mln. so‘m daromad solig‘i;
3-reyting guruhida 643 nafari 3 017,8 mln. so‘m daromad ko‘rsatib, shundan soliqqa tortiladigan 2 394,6 mln. so‘mdan 277,0 mln. so‘m daromad solig‘i hisoblangan.
Taqdim etilgan 728 ta jami yillik deklaratsiyaning:
228 tasida daromad 1 mln. so‘mgacha 117,9 mln. so‘m (o‘rtacha yillik soliq summasi 48,5 ming so‘m);
396 tasida 10 mln. so‘mgacha 1 783,3 mln. so‘m (o‘rtacha yillik soliq summasi 429,5 ming so‘m);
71 tasida 20 mln. so‘mgacha 972,1 mln. so‘m (o‘rtacha yillik soliq summasi 1,2 mln. so‘m);
16 tasida 40 mln. so‘mgacha 514,6 mln. so‘m (o‘rtacha yillik soliq summasi 2,8 mln. so‘m);
11 tasida 60 mln. so‘mgacha 605 mln. so‘m (o‘rtacha yillik soliq summasi 5,1 mln. so‘m);
6 tasida 152 mln. so‘mgacha 702 mln. so‘m (o‘rtacha yillik soliq 11,4 mln. so‘m) ko‘rsatilgan.
Avvalroq xonandalar to‘lagan soliqlar keskin kamaygani ma’lum bo‘lgandi.
Jamiyat
Toshkent shahri hokimining yangi o‘rinbosari tayinlandi
Obidjon Mo‘minov Toshkent shahri hokimining o‘rinbosari — Uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Obidjon Odilovich Mo‘minov 1987-yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan. 2013-yilda Navoiy davlat pedagogika institutini, 2024-yilda RF prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi Davlat boshqaruvi oliy maktabini (magistratura) tamomlagan.
Tayinlovga qadar O‘zbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida Ko‘p xonadonli uy-joy fondini boshqarish va ekspluatatsiya qilish tizimini muvofiqlashtirish hamda renovatsiya loyihalarini umumlashtirish departamenti boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Jamiyat
Qotil oshpaz, pichoqlangan 5 aka-uka va umrbod qamoq – Kosondagi mudhish qotillik
2025 yil 2 iyul. Qarshi shahridagi choyxonada oshpaz bo‘lib ishlovchi Quvonch Sunnatovning telefoniga SMS keldi. U xabarni o‘qidi va o‘zi ishlatadigan pichoqni ryukzagiga solib, yo‘lga chiqdi. Oradan 3 soat o‘tib, Koson tumani Mustaqillik mahallasida dahshatli oshkora qotillik sodir bo‘ldi: Quvonch Sunnatov 5 aka-ukani yaqinlari ko‘z oldida pichoqladi. Oqibatda ikki aka-uka halok bo‘ldi, uchtasi jarohatlandi. Hodisadan xabar topganlarni bir savol o‘ylantirardi: oshpaz nega qotillikka qo‘l urdi, uning telefoniga kimdan qanday SMS kelgandi?
Ba’zida kichik oilaviy janjallar katta jinoyatlarga sabab bo‘ladi. Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida sodir etilgan dahshatli qotillik ham oilaviy janjalga borib taqaladi. Afsuski, oradan 8 oy o‘tganiga qaramay bu voqea hamon kosonliklarni hayratga, marhumlarning yaqinlarini esa iztirobga solib kelmoqda.
Sangamdan kelgan SMS
2023 yilning dekabri. Koson tumanida yashovchi Sangam Musayev Sevinch Sunnatova bilan turmush quradi. Biroq ularning birgalikdagi turmushi tinch kechmaydi, er-xotin o‘rtasida turli oilaviy janjallar bo‘lib turadi. Shunday janjallarning birida, 2025 yilning 11 iyun kuni Sangam Musayevning akasi G‘olib Musayev Sevinchni ota-onasining uyiga tashlab ketadi.
30 yoshli Quvonch Sunnatov Sevinchning akasi edi. U Qarshi shahridagi choyxonalardan birida oshpaz bo‘lib ishlardi. Kuyovi singlisini jo‘natib yuborgani uni g‘azablantirmasdan qolmagandi.
2025 yil 2 iyul. Odatdagiday kunlarning biri. Quvonch choyxonada o‘z ishlari bilan band edi. Soat 14:00 larda uning telefoniga kuyovi Sangam Musayevdan “Singlingning narsalarini chiqarib qo‘yibman, kelib olib ketinglar”, degan xabar keladi. Oshpaz unga javoban xo‘p degan mazmunda xabar jo‘natadi. O‘sha kungi voqealarning bari ana shu xabardan boshlangandi.
Xavfli ryukzak
Quvonch Sunnatov kuyovidan SMS olgach, onasiga qo‘ng‘iroq qiladi. “Kuyovingiz narsalarni olib ketinglar, deb yozib yubordi”, deydi u. Shunda onasi “Ajrashib ketadimi, yashaydimi?” deb so‘raydi. Onasining hadik aralash bergan savoliga Quvonch “Qachondir vaqti kelib yashab ketar, borib narsalarini olib kelamiz, olib ket deganidan keyin yalinib yashatib bo‘lmaydi, taksi gaplashib kelinglar, men ham boraman”, deya javob qaytaradi.
Shundan so‘ng Quvonch singlisiga tegishli buyumlarni olib kelish uchun 400 ming so‘mga yuk mashinasi gaplashadi ham uning haydovchisiga manzilni tushuntiradi.
Singlisi bir nafar voyaga yetmagan farzandi hamda 7 oylik homilasi bilan ajrashib ketayotgani akani tinch qo‘ymasdi. U bunga kuyovi va uning oila a’zolari sababchi ekani haqida o‘ylab, g‘azab otiga mingandi. Shu sababli singlisining or-nomusi uchun qasd olish maqsadida choyxonadan o‘zi ishlatib kelgan pichoqni ryukzagiga solib, yo‘lovchi mashinada Koson tumaniga yo‘l oladi.
Oshkora qotillik
Quvonch Sunnatov Koson tumani Beshqo‘ton mahallasida yashovchi tog‘asining yashash uyiga kelib, buvisi bilan suhbatlashadi. Shu payt pochchasi boshqaruvidagi mashinada onasi, singlisi hamda ukasi ham yetib keladi.
Quvonch Sunnatov singlisiga qarata “Boradigan bo‘lsang baqir-chaqir qilmasdan narsalaringni yig‘ishtirib qaytasan”, deydi. So‘ngra yuklarni ortishda yordamlashishini aytib, jiyanini ham o‘zlari bilan olgan holda Sangam Musayevning uyiga borishadi.
Sevinchning buyumlari hovliga kirgan joyda yig‘ib qo‘yilgandi. Bu yerda quda tomonni Sangam, uning akalari G‘olib, Kamol, Lochinbek va Farhod Musayevlar kutib turgandi. Aslida qudalar bir-birlari bilan qarindosh bo‘lgan.
Quvonch kuyovi yashagan hovliga kirib borarkan, aka-ukalar bilan ko‘rishmaydi. Faqat ammasi bilan og‘zaki so‘rashib qo‘yadi. So‘ngra darvozani ochib, yuk mashinasiga singlisining buyumlarini yuklay boshlaydi. Bu paytda o‘zi bilan birga kelgan onasi quda tomon bilan tortishib turgandi. Quvonch onasiga qarata jim bo‘lishni, ular bilan o‘zi gaplashishini aytadi.
Yuklar mashinaga ortib bo‘linganda Sevinch turmush o‘rtog‘i Sangamga “Ikki yosh bolaning uvoli uradi seni”, deydi. Sangam esa Sevinchni urmoqchi bo‘ladi va quda tomonni onasidan kelib haqoratlaydi. Bu holat Quvonchning jahlini battar chiqaradi. U pochchasining mashinasiga qo‘ygan ryukzagini oladi. Bir ko‘ngilsizlikni sezgan onasi, singlisi va jiyani uni to‘xtatib, mashinaga o‘tirg‘izadi.
Ammo Quvonch Sunnatov sekin harakatlanayotgan mashinadan tushib, qo‘lida taxta bo‘lagini ko‘tarib kelayotgan G‘olib Musayevning qorin va ko‘krak sohasiga ikki marta pichoq uradi. So‘ngra ularni ajratish uchun kelgan Farhod Musayevga ham ikki marta pichoq uradi. Shundan so‘ng ko‘zi qonga to‘lgan oshpaz Komil Musayevni quvlashga tushadi. Uni kartoshka ekilgan yer maydonida ushlab olib, ungayam pichoq bilan ikki marta zarba beradi.
Shuningdek, Quvonch Sunnatov Lochinbek Musayev hamda kuyovi Sangam Musayevga ham pichoq sanchib, ularni o‘ldirishga suiqasd qilgan.
Shu tariqa, yaqin qarindoshlari ko‘z o‘ngida pichoqlangan Kamol Musayev voqea joyida, G‘olib Musayev esa shifoxonada vafot etgan. Qolgan uch aka-uka esa tan jarohati olgan.
Bo‘layotgan janjalni ko‘rib, homilador Sevinchning mazasi bo‘lmay qolgan. Quvonch singlisini onasi va ukasi bilan birgalikda pochchasining mashinasida Qarshi shahar tez tibbiy yordam bo‘limiga olib ketgan. Shifokorlar uning kiyimlariga sachragan qon dog‘larini ko‘rgan. Shu sababli Quvonch Sattorov pochchasi bilan o‘zi ishlaydigan choyxonaga borib, kiyimlarini almashtirgan. So‘ngra shifoxonaga borib, onasi va singlisini shifoxonadan olib chiqib ketayotganda tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olingan.
“Hammasini o‘ldir, dedi”
Barcha jinoyat ishlarida qarama-qarshi ko‘rsatmalar bo‘lgani kabi, bu qotillik sudida ham tomonlar janjalning kelib chiqish sabablari, kim avval nima degani-yu, kim qanday harakat qilgani borasida turlicha ko‘rsatmalar bergan. Albatta, ularning barini sanab o‘tirish fikridan yiroqmiz. Ammo sudda jabrlanuvchi tomon ko‘rsatmasida Quvonch Sunnatovning onasi bilan bog‘liq bir gap yangragan.
Jumladan, jabrlanuvchi Farhod Musayev o‘z ko‘rsatmasida sekin yurib ketayotgan mashinadan Quvonch va uning onasi tushganini, onasi o‘g‘liga qarab “hammasini o‘ldir”, deya qo‘li bilan ular tomonga ishora qilganini aytgan. Shuningdek, u o‘ziga pichoqni Quvonch emas, ukasi Qodir sanchganini bildirgan.
“Quvonch sumkasidan oshxona pichog‘ini olib, yugurib kelganicha ukam Komilning qorniga ikki marta urdi. Shunda holatni ko‘rib turgan ukam G‘olib ularni ajratish uchun yugurdi. Quvonch pichoq bilan G‘olibning biqiniga urdi, so‘ngra Lochinbekka tashlandi. Lochinbek chap bergani sababli pichoq uning qo‘ltiq sohasidan o‘tib ketdi. Shunda yugurib borib, Quvonchning ikkala qo‘lini ushladim. U ukasi Qodirga pichoqni ol, deb aytdi. Qodir kelib pichoqni oldi. Quvonch ukasiga qarab “ur”, dedi. Qodir pichoqni qo‘ltiq osti sohamga tiqib, ko‘tarib yubordi. Shunda tanamdan “puff” etgan ovoz chiqib, tirqirab qon oqa boshladi. Ukam G‘olib Qodirni kiyimidan ushlab tortganida u burilib, ukamning ham old ko‘krak sohasiga bir marta pichoq sanchib oldi. Biz Qodirning qo‘lini ushlaganimizda ukam G‘olib pichoqni olib, darvozaxonaga otib yubordi. So‘ngra Quvonch va uning oila a’zolari hodisa joyidan mashinada qochib ketishdi”, degan Farhod Musayev o‘z ko‘rsatmasida.
U Quvonch Sunnatov bilan birga uning voyaga yetmagan ukasi Qodir Sunnatovni ham javobgarlikka tortishni so‘ragan.
Sudlanuvchi Quvonch Sunnatov sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lgan va pushaymonlik bildirgan. U o‘z ko‘rsatmasida onasi “hammasini o‘ldir”, deya aytmaganini, aksincha janjalni to‘xtatishga uringanini, ukasi Qodir, pochchasi va jiyani aralashmaganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, sudda guvoh sifatida so‘ralganlar ham Qodirning qo‘lida pichoq ko‘rmaganini bildirishgan.
Jazo
JIB Koson tuman sudining 2025 yil 23 dekabrdagi hukmi bilan 29 yoshli Quvonch Sunnatov Jinoyat kodeksi 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “a,g,j” bandlari va 25,97-moddasi 2-qismi “a,g,j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Qashqadaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2026 yil 24 fevraldagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Oliy sud axborot xizmati bilan hamkorlikda sud hujjatlari asosida tayyorlandi.
Jamiyat
Buxoroda mushkul vaziyatga tushgan chet ellik ayol bo‘yicha ma’lumot berildi
Kogon shahrida tungi vaqtda chet ellik sayyohning yo‘qolgan qimmat buyumlari topilib, egasiga qaytarildi. Bu haqda «Xabar.uz» nashriga Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukurlayev ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, bir necha kun ilgari tungi soat birlar atrofida Tailanddan Buxoroga kelgan sayyoh ayol Kogondan Buxoro shahridagi mehmonxonaga yetib kelgach, barcha muhim hujjatlari, naqd pullari va shaxsiy buyumlari joylangan yashil rangli chemodani yo‘qolganini bilgan. Yot mamlakatda, til va yo‘lni yaxshi bilmagan holda bunday vaziyatga tushish har qanday sayyohni jiddiy sarosimaga solishi, tabiiy.
Xabar kelib tushishi bilan Kogon shahar ichki ishlar bo‘limi xodimlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borishgan. Tungi vaqt bo‘lishiga qaramay, ular shahar ko‘chalari bo‘ylab tezkor qidiruv ishlarini tashkil etishgan. Zamonaviy kuzatuv kameralari imkoniyatlaridan keng foydalanilgan va olib borilgan sa’yi-harakatlar natijasida yo‘qolgan yuk topilgan.
Kogon shahar IIB boshlig‘i o‘rinbosari Muhiddin Aslonovning so‘ziga ko‘ra, topilgan chemodan ichidagi barcha hujjatlar, katta miqdordagi pul mablag‘lari va sayyohning sog‘ligi uchun muhim bo‘lgan dori vositalari to‘liq va daxlsiz holda o‘z egasiga qaytarilgan.
Sayyoh ayol huquq-tartibot xodimlariga minnatdorlik bildirib, ularning tezkorligi va insonparvarligini alohida ta’kidlagan. U o‘z quvonchini xodimlarni bag‘riga bosib, izhor qilgan.
Mazkur voqea huquq-tartibot tizimi xodimlarining mas’uliyati, shuningdek, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikning amaliy ifodasi sifatida ham e’tirof etiladi.
Jamiyat
Samarqandda xalqaro forum va yoshlar sammiti o‘tkaziladi
2026 yil 20–21 aprel kunlari Samarqand shahrida BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda «Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish» mavzusida global forum bo‘lib o‘tadi.
Forumni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad:
– narkotiklarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish;
– ilg‘or xalqaro tajribani tizimli o‘rganish va amaliyotga joriy etish;
– zamonaviy narkotahdidlarga qarshi kompleks yondashuvlarni ishlab chiqish;
– giyohvandlikka qarshi kurashda davlatlararo va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Tadbirda:
– Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Interpol, Yevropa Ittifoqi, Shanhay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Jahon bojxona tashkiloti hamda shu kabi boshqa 20 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar,
– 50 ga yaqin davlatdan huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari,
– 500 ga yaqin xalqaro ekspertlar va soha mutaxassislari ishtirok etishi kutilmoqda.
-
Iqtisodiyot4 days ago
16-apreldan dollar sezilarli ravishda oshadi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonga kofe importi keskin kamaydi
-
Dunyodan4 days agoKreml Vengriya muxolifati yetakchisini tabriklashdan bosh tortmoqda
-
Dunyodan4 days ago
Dunyo “dahshatli” ish taqchilligiga duch kelmoqda
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Tramp Hormuz blokadasi bilan bog‘liq tahdidli so‘zlarni aytdi
-
Sport4 days ago
Shavkat Mirziyoyev Sindorovni telefon orqali tabrikladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Yerlarni xususiylashtirish bo‘yicha yangi onlayn tizimga o‘tiladi
-
Siyosat5 days ago
Shahboz Saidxanov Turizm qo‘mitasi raisining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi
