Siyosat
Shavkat Mirziyoyev yangi tayinlangan xorijiy elchilardan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi
27-noyabr kuni mamlakatimizga yangi tayinlangan xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev favqulodda va muxtor elchilar – Gretsiya Respublikasidan Paraskevi Seveleki, Indoneziya Respublikasidan Siti Ruhayni Juxayatin, Latviya Respublikasidan Girts Yaunzems, Fransiya Respublikasidan Valid Fuk, Rossiya Federatsiyasidan Aleksey Yerxov, Yaponiyadan Kendzi Xirata va Tojikiston Respublikasidan Nasriddin Ismatullodan ishonch yorliqlarini qabul qildi.
Davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekistonda o‘z missiyasini boshlayotgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini samimiy tabrikladi.
Hozirgi beqaror davrda, butun dunyoda murakkab geosiyosiy va iqtisodiy muammolar keskinlashib borayotgan bir paytda diplomatlarning ishi tobora muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
– Sizlar bir necha oydan buyon yurtimizda bo‘lib, bugungi kunda mamlakatimiz qanday jadal o‘zgarishlar ruhi bilan yashayotganiga va jahon diplomatiya markazlaridan biriga aylanib borayotganiga shaxsan guvoh bo‘lyapsiz, – dedi Prezidentimiz.
Xususan, joriy yilda Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashi yig‘ilishi, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti va Xalqaro iqlim forumi, YuNESKO Bosh konferensiyasining tarixiy sessiyasi hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyusiyasi qabul qilindi.
Bu yil mamlakatimiz Global barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida 19 pog‘onaga ko‘tarildi va oxirgi 10 yil ichida eng yuqori natijalarga erishgan beshta davlat qatoriga kirdi. Keyingi sakkiz yilda iqtisodiyotimiz ikki baravardan ko‘proqqa oshdi. Kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha pasaydi.
Ochiqlik siyosati natijasida qariyb 100 ta mamlakat uchun vizasiz rejim joriy etildi. Eksport geografiyasi doimiy ravishda kengayib bormoqda. Bu yil tashqi savdo aylanmasi tarixda birinchi marta 66 milliard dollardan oshdi. Jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 39 milliard dollarga yetdi.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini faol qo‘llab-quvvatlagani uchun elchilar vakillik qilayotgan mamlakatlar hukumatlariga alohida minnatdorlik bildirdi.
Prezidentimiz Gretsiya Respublikasi elchisiga murojaat qilar ekan, ushbu mamlakat O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi an’anaviy va istiqbolli sheriklaridan biri ekanini ta’kidladi.
Joriy yilda ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Aprel oyida Toshkentda Gretsiya elchixonasi o‘z faoliyatini boshladi.
Yil boshidan beri o‘zaro savdo hajmi 5 baravar oshdi. Farmatsevtika, yengil va oziq-ovqat sanoati, energetika, axborot texnologiyalari va transport sohalarida hamkorlikni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Yaqin fursatda Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va O‘zbekiston – Gretsiya biznes forumining samarali bo‘lishini ta’minlash zarurligi qayd etildi.
Indoneziya Respublikasi bilan munosabatlar haqida gapirar ekan, Prezidentimiz xalqlarimizni azaldan tarixiy, diniy va madaniy aloqalar bog‘lab turganini ta’kidladi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan 60 foizga oshgani ta’kidlandi. Kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, telekommunikatsiya va turizm sohalarida qo‘shma korxonalar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Dekabr oyida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi.
Kelgusi yili Toshkentda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va biznes forumi hamda Jakartada siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazilishi salmoqli natija berishiga ishonch bildirildi.
Davlatimiz rahbari Latviya Respublikasi bilan munosabatlarni muhokama qilish chog‘ida siyosiy va iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotgani, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar faollashganini ta’kidladi.
So‘nggi 5 yil ichida O‘zbekistonning Latviyaga eksporti va qo‘shma korxonalarning soni uch baravar oshdi. Mamlakatimizda Latviya Investitsiyalar va taraqqiyot agentligining vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda.
Yaqinda Rigada O‘zbekiston madaniyati kunlari va Rektorlar forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Migratsiya sohasida kelishuv imzolanishi, aviaqatnovlar ko‘payishi va iqtisodiy hamkorlik mexanizmlaridan samarali foydalanish ikki mamlakat xalqlari yanada yaqinlashishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Prezidentimiz Fransiya Respublikasi haqida so‘z yuritar ekan, faol siyosiy muloqot tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi. O‘tgan oyda Strategik rejalashtirish guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilning mart oyida Parijga amalga oshirilgan oliy darajadagi tarixiy tashrif davomida 10 milliard dollarlik qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishib olindi. Yil boshidan o‘zaro savdo hajmi 1,2 milliard dollardan oshdi.
Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 2030 yilgacha hamkorlik dasturi tasdiqlandi. O‘zbekiston – Fransiya qo‘shma universiteti ochildi.
Bu yil Parijda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston madaniyati kunlari va turizm salohiyati ko‘rgazmasi xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Kelgusi yilda O‘zbekiston – Fransiya investitsiya kengashining birinchi yig‘ilishi va Hududlararo forumni o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.
Rossiya Federatsiyasi – O‘zbekistonning uzoq yillik strategik hamkori va ittifoqchisi.
O‘tgan yili o‘zaro savdo hajmi 12 milliard dollarga yaqinlashdi. Mamlakatimizda Rossiya sarmoyasi ishtirokida 3 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Yil boshidan buyon 4 milliard dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirildi. Rossiyaning 15 ta oliy ta’lim muassasasining filiallari samarali faoliyat yuritmoqda.
Joriy yil Parlamentlararo komissiya yig‘ilishi, “INNOPROM” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi, Hududlar rahbarlari kengashi, siyosiy maslahatlashuvlar, Rektorlar forumi, Rossiya madaniyati kunlari va boshqa tadbirlar o‘tkazildi.
Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning yig‘ilishini samarali o‘tkazish, hududlararo muloqotni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Yaponiya bilan strategik sheriklikni kengaytirish – tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri.
O‘zbekistonda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Yaponiya tashqi savdo tashkiloti (JETRO) va Nagoya universitetining vakolatxonalari samarali faoliyat yuritmoqda.
Telekommunikatsiya, energetika, sog‘liqni saqlash, infratuzilmani rivojlantirish, ta’lim va turizm sohalarida 8 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Strategik muloqotning birinchi yig‘ilishi avgust oyida, o‘tgan oy esa Samarqandda Rektorlar forumi bo‘lib o‘tdi. Osakada “Expo-2025” ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston Milliy kuni muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Keyingi oy Tokioda bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralar va ishbilarmon doiralarning muloqotlari ikki tomonlama hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirildi.
Umumiy siyosiy iroda tufayli so‘nggi yillarda O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.
Chegara masalalari to‘liq tartibga solindi va transport aloqalari tiklandi. Parlamentlar, hukumatlar, hududlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi hamkorlik kuchaydi.
O‘zaro savdo 5 barobardan ziyodga oshib, 1 milliard dollarga yaqinlashdi. “Oybek-Fotexobod” erkin chegaraoldi savdo zonasi va “Andarxon” savdo-logistika markazining tashkil etilishi tovar ayirboshlashni karrasiga oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Sanoat, transport, geologiya, energetika, qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligi, turizm, ta’lim va madaniyat sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun salohiyat borligi qayd etildi.
Marosim yakunida davlatimiz rahbari yangi tayinlangan elchilarga sharafli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi, hamkorlikni mustahkamlash uchun barcha mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirdi, hududlar va xususiy sektor vakillari bilan faol hamkorlik qilishni tavsiya qildi.
O‘z navbatida, xorijiy diplomatlar samimiy qabul va samarali faoliyati uchun yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni faol rivojlantirish uchun professional tajribasi va bilimlarini to‘liq safarbar etishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.
Siyosat
O‘zbekiston AQSh tovarlari uchun tariflarni pasaytiradi
O‘zbekiston va AQSh o‘zaro savdo va investitsiyalar to‘g‘risidagi bitimni tuzish bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirishga kelishib oldi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSh savdo vakili, elchi Jeymison Grir bilan Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, tomonlar so‘nggi bir yilda ikki tomonlama munosabatlarda salmoqli natijalarga erishgan va kelishuv yaqin vaqt ichida imzolanishi kutilmoqda. Saida Mirziyoyeva bu jarayon ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishini qayd etdi.
AQSh Savdo vakili idorasi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash, savdoda o‘zaro manfaatdorlik, muvozanat va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan savdo majburiyatlarining dastlabki to‘plami bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Kelishuvga muvofiq, O‘zbekiston AQShning sanoat mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi tovarlarining keng ro‘yxati uchun bojxona tariflarini bekor qilish yoki pasaytirish majburiyatini oldi.
AQSh esa o‘z navbatida, Amerika qonunchiligi doirasida va bu o‘rinli deb topilgan hollarda O‘zbekistondan import qilinadigan sanoat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan tarif choralarini ijobiy ko‘rib chiqish niyatini bildirdi.
Shuningdek, tomonlar sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki tomonlama investitsiyalarni rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish hamda o‘zaro savdo va investitsiyalar to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni tezlashtirishga kelishib oldi.
AQSh Savdo vakili idorasiga ko‘ra, ushbu kelishuvlar prezidentlar Donald Tramp va Shavkat Mirziyoyevning 2025-yildagi uchrashuvlari davomida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Idoraning eslatishicha, ikki davlat avvalroq umumiy qiymati 32 milliard dollarlik tijorat bitimlari, jumladan, «Boeing» bilan 8,5 milliard dollarlik shartnoma, shuningdek, muhim minerallar, tog‘-kon sanoati, energetika, moliya va axborot texnologiyalari sohalarida investitsiyalar bo‘yicha kelishuvlarni e’lon qilgan.
AQSh, shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlab, dastlabki kelishuvlar yaqin haftalarda rasman qayd etilishini ma’lum qildi.
Siyosat
Baxtiyor Saidov Eron TIV rahbari bilan gaplashdi: tafsilotlar
TIV rahbari Baxtiyor Saidov Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sayyid Abbos Aroqchi bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi.
Suhbat davomida Yaqin Sharqdagi ziddiyatni yakunlashga qaratilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonining so‘nggi bosqichlari yuzasidan ma’lumot olingan hamda mintaqadagi mavjud vaziyat yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekistonning mintaqadagi keskinlikni yumshatishga qaratilgan diplomatik sa’y-harakatlarni izchil qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidlab, muloqotni davom ettirish va erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish muhimligini qayd etildi.
«Shuningdek, O‘zbekiston–Eron munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qilib, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha yaqin muloqotni davom ettirishga kelishib oldik», deya ta’kidlaydi Saidov.
Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Savdo vakili Jeymison Grini qabul qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni AQSh Savdo vakili Jeymison Greerni qabul qildi va ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish, iqtisodiy va savdo aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Uchrashuv avvalida AQSH delegatsiyasi rahbari Shavkat Mirziyoyevga AQSh Prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va tabriklarini yetkazdi.
Muhokamalarda asosiy e’tibor o‘zaro savdo va sarmoyalarning barqaror o‘sishiga qaratildi, har ikki tomon ham ishbilarmonlar o‘rtasidagi qoniqarli aloqalar ko‘payib borayotganini ta’kidladilar. Davlat rahbarlari Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida yaqinda AQSH ishbilarmonlari bilan oʻtkazilgan davra suhbatlarining amaliy natijalarini koʻrib chiqdilar.
Muzokaralarda asosiy e’tibor O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayoniga qaratildi. Prezident Mirziyoyev va Amerika Qoʻshma Shtatlari Savdo vakili idorasi mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishini ragʻbatlantirishda Qoʻshma Shtatlarning doimiy qoʻllab-quvvatlashi va hamkorligini muhokama qildi.
Shuningdek, tomonlar Amerika-O‘zbekiston biznes va sarmoyaviy kengash imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish muhimligini ta’kidladilar. Bu mexanizm endilikda Amerika kompaniyalari va Oʻzbekiston hamkorlari oʻrtasida yangi loyiha tashabbuslarini aniqlash, ishlab chiqish va ilgari surish uchun asosiy platforma boʻlib xizmat qiladi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Britaniya sobiq bosh vazirini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri, Global o‘zgarishlar instituti raisi Toni Blerni qabul qildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni ekspertlik jihatidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Global o‘zgarishlar instituti bilan amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Toni Bler Yangi O‘zbekistondagi izchil va keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlariga yuksak baho berdi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi yurtimiz investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlash, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish va istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish uchun samarali xalqaro maydon bo‘lgani e’tirof etildi.
Iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, yetakchi xalqaro texnologik kompaniyalar va yirik strategik investorlarni jalb etish hamda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, jumladan, ilg‘or innovatsion yechimlarni joriy qilish kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan muloqot o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 24-iyun kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash muhim ekanini ta’kidladilar.
Amaliy hamkorlik, eng avvalo, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, ekologiya, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida yuqori sur’at bilan rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Barcha darajadagi faol almashinuvlar alohida e’tirof qilindi. Yetakchilar ikki mamlakat Prezidentlari Administratsiyalari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda sheriklik kun tartibini yangi loyiha va tashabbuslar bilan boyitishga xizmat qilayotgan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini olqishladilar.
O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashib, bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.
-
Jamiyat4 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport3 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan2 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Dunyodan4 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Jamiyat3 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston banklari aktivlari 962,8 trln so‘mga yetdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar bir necha kunlik ko‘tarilishdan so‘ng pastladi
-
Jamiyat4 days agoElektr ta’minoti korxonalari muhandislari pora olayotganda ushlandi
