Jamiyat
Navoiyda 3 kishini yuk mashinasida qasddan bosib o‘ldirgan shaxs umrbod ozodlikdan mahrum qilindi
41 yoshli erkak ushbu qotillikni MIB xodimlari ko‘z o‘ngida sodir qilgan. U sobiq turmush o‘rtog‘i, keksa yoshdagi qaynona va qaynotasini o‘zining boshqaruvidagi HOWO yuk mashinasida qasddan bosib o‘ldirgan. Janjalning sababi erkakni sobiq qaynotasiga tegishli dalahovlidan majburiy tartibda chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan.
Navoiy viloyatining Tomdi tumanida dahshatli qotillik jinoyati sodir etildi. Bu ishga qo‘l urgan erkak sud hukmi bilan umrbod ozodlikdan mahrum qilindi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, 41 yoshli Salim Rustamov Tomdi tumanidagi fermer xo‘jaliklardan birida haydovchi bo‘lib ishlagan. U o‘ziga biriktirilgan HOWO yuk mashinasida chorva mollari uchun suv tashigan.
Salim Rustamov 2008 yilda Gulmira Ergasheva bilan turmush qurgan. Oila avvaliga Zarafshon shahrida, so‘ngra Tomdi tumanining Sharq ovulidagi dalahovlida yashab kelishgan. Ushbu dalahovli Gulmira Ergashevaga tegishli bo‘lgan.
2021 yil aprel oyida Salim Rustamov va Gulmira Ergasheva qonuniy tartibda ajrashgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarafshon tumanlararo sudining 2024 yil 20 dekabrdagi qarori bilan Salim Rustamovni dalahovlidan majburiy tartibda chiqarish belgilangan. So‘ngra holat bo‘yicha MIB Zarafshon shahar bo‘limi tomonidan ijro ishi qo‘zg‘atilgan.
2025 yil 17 mart kuni MIB xodimlari majburiy chiqarishni amalga oshirish maqsadida dalahovliga borishgan. Voqea joyida Gulmira Ergasheva, uning otasi va onasi ham bo‘lgan. Shu vaqtda Salim Rustamov yuk mashinasini boshqarib kelib, avvaliga sobiq turmush o‘rtog‘ini, so‘ngra qaynonasi va qaynotasini qasddan bosib o‘tgan.
MIB xodimi suddagi holat bo‘yicha shunday ko‘rsatma bergan:
“Salim Rustamovning sobiq turmush o‘rtog‘i, sobiq qaynona va qaynotasi hovli darvozasi qulf bo‘lgani sababli tashqarida kutib turishgandi. Men ham yordamchi tashkilotlardan mas’ul hodimlar kelishini kutayotgandim. Birozdan so‘ng hovli yoniga Zarafshon shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi, tibbiyot birlashmasi, milliy gvardiya xodimlari yetib kelishdi.
Salim Rustamovga bir necha marotaba qo‘ng‘iroq qildim, ammo u javob bermadi. Uning o‘zi ishtirok etmagani sababli ikki xolis ishtirokida ijro harakatini keyinga qoldirish bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirmoqchi bo‘ldim. Shu vaqtda shahar tomondan oq rangli katta yuk mashinasi harakatlanib kela boshladi.
Yuk mashinasida harakatlanib kelgan Salim Rustamov bizgacha taxminan 15-20 metr masofa qolganida to‘xtadi va biroz bizga qarab turdi. So‘ngra mashinani hovli darvozasi oldida turgan sobiq turmush o‘rtog‘i tomonga boshqarib borib, uni devorga tirab qo‘ydi. Keyin yo‘lak bo‘ylab kelayotgan sobiq qaynonasi tomonga rul boshqaruvini burib, uni mashina old tomoni bilan urib yubordi hamda ustidan bosib o‘tdi. Shu vaqtda men tan jarohati olmaslik uchun uzoqroq joyga qochib ketdim.
Salim Rustamov yuk mashinasini orqaga qaytarib burib olib, yerda hushsiz yotgan qaynonasi ustidan yana bir marotaba haydab o‘tdi. Shu vaqtda chetroqda turgan sobiq qaynotasi qo‘ltiq hassasida qizining oldiga bordi. Salim Rustamov uning ustiga ham mashinasini boshqarib bordi va ularni bosib ketdi. So‘ngra mashinasidan pichoq olib tushib, sobiq turmush o‘rtog‘ining yoniga bordi hamda unga ikki marta pichoq suqqanini ko‘rdim”.
Shundan so‘ng Salim Rustamov “yana qaysing shu ahvolga tushishni xohlaysanlar?”, deya MIB xodimlarini quvgan. So‘ngra qo‘lidagi pichoqni uloqtirib, mashinaga o‘tirib, voqea joyidan ketgan. Gulmira Ergasheva va uning ota-onasi og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
JIB Tomdi tuman sudining 2025 yil 15 iyuldagi hukmi bilan Salim Rustamov Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi hamda 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “a,v,d,j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Jinoyat ishi Navoiy viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan.
Salim Rustamov apellyatsiya shikoyatida oilasi bilan hech qanday janjal yoki nizo kelib chiqmaganini, jinoyat sodir etganida aqli hushi o‘zida bo‘lmaganini aytib, suddan yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan. Navoiy viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 28 oktyabrdagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Jamiyat
Jurnalistika uchun dolzarb bo‘lgan kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
2026 yil 28 aprel kuni taniqli jurnalist va olim Beruniy Alimovning «Jurnalistikada sun’iy intellekt davri» nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi va «Yoshlar ovozi» gazetasi hamkorligida tashkil etildi.
Taqdimot davomida mazkur qo‘llanmaning dolzarbligi, unda ilgari surilgan ilmiy yondashuvlar hamda sun’iy intellekt texnologiyalarining bugungi media makoniga ta’siri keng muhokama qilindi. Qayd etilganidek, raqamli transformatsiya sharoitida jurnalistika tubdan o‘zgarib, axborot uzatish tezligi, auditoriya talablari va kontent yaratish uslublari yangicha bosqichga ko‘tarilmoqda. Kitobda aynan shu jarayonlar chuqur tahlil qilinib, zamonaviy jurnalistika oldida turgan yangi vazifalar yoritilgan. Muallif sun’iy intellekt imkoniyatlarini keng ochib berar ekan, uning jurnalist faoliyatidagi o‘rni, kontent yaratishdagi roli va media sohadagi transformatsiyalarni ilmiy asosda izohlaydi.
Tadbirda O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja, taniqli olim va jurnalistlar — Xurshid Do‘stmuhammad, Fayzulla Mo‘minov, Salim Doniyorov, Amrullo Karimov, «Yoshlar ovozi» gazetasi bosh muharriri Hamza Abdullayev kitobning ilmiy va amaliy ahamiyatiga yuqori baho berib, uni nafaqat nazariy manba, balki kundalik faoliyatda foydalanish mumkin bo‘lgan muhim qo‘llanma sifatida e’tirof etishdi. Ta’kidlanganidek, kitob jurnalistlar, blogerlar, PR mutaxassislari hamda jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar uchun dolzarb bilim manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Shundan so‘ng «Jurnalistikada sun’iy intellekt davri» kitobi muallifi, filologiya fanlari doktori, jurnalist Beruniy Alimov so‘zga chiqib, kitobning yuzaga kelishi va nashrga tayyorlash jarayonlari haqida so‘zlab berdi.
Muhim jihatlardan biri shundaki, asarda sun’iy intellektning ijobiy jihatlari bilan bir qatorda, uning ehtimoliy xavf-xatarlari ham e’tibordan chetda qolmagan. Xususan, muallif mualliflik huquqi, faktcheking, axborot xavfsizligi, etik me’yorlar hamda jurnalist kasbining kelajagi bilan bog‘liq muhim masalalarni ko‘taradi. Bu esa kitobni nafaqat nazariy, balki tahliliy va amaliy ahamiyatga ega manbaga aylantiradi.
Tadbirda, shuningdek, sun’iy intellektning matbuot, televideniye, radio va internet jurnalistikadagi o‘rni, uning global tendensiyalar fonidagi rivoji hamda milliy jurnalistika uchun yaratayotgan yangi imkoniyatlari muhokama qilindi. Ishtirokchilar sun’iy intellekt texnologiyalari jurnalistika mazmunini o‘zgartirayotgan bo‘lsa-da, ijodkorlik va inson omili har doim ustuvor bo‘lib qolishini ta’kidladi. Uchrashuv yakunida ishtirokchilarning savollariga javob berilib, kitob yuzasidan fikr va takliflar bildirildi. Bu esa mavzu atrofida ochiq va mazmunli muloqot shakllanganini ko‘rsatdi.
Mazkur nashrni ommaviy axborot vositalari tahririyatlari hamda jurnalist kadrlarini tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalariga yetkazish rejalashtirilgan. Bu esa kitobning keng jamoatchilik orasida ommalashishi va uning amaliy ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Jamiyat
Sud jarayonlarini OAVda yoritishni takomillashtirish bo‘yicha dastur boshlandi
Sud tizimida ochiqlik va ishonch: media-kommunikatsiya yangi bosqichga chiqmoqda.
Odil sudlov akademiyasida Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi bilan hamkorlikda sud organlari axborot xizmatlari xodimlari va sudyalar uchun «Media-kommunikatsiya va inqirozli vaziyatlarda ishlash» mavzusida maxsus ikki kunlik o‘quv kursi o‘z ishini boshladi.
Mazkur o‘quv-amaliy dastur sud tizimida ochiqlikni ta’minlash, OAV va blogerlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sud jarayonlarini ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ri yoritish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan.
Dastur doirasida sud faoliyatini yoritishda muvozanat — ochiqlik, aybsizlik prezumpsiyasi va media mas’uliyati, tanqidiy materiallar tahlili, rasmiy axborot kanallarini samarali yuritish, shuningdek, inqirozli vaziyatlarda tezkor va asosli kommunikatsiya olib borish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda.
Shu bilan birga, zamonaviy media matn yaratish, sud qarorlarini sodda va tushunarli tilda yetkazish, jonli efir va intervyularda samarali nutq yuritish, reputatsion risklarni boshqarish hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish kabi dolzarb yo‘nalishlar ham qamrab olingan.
Mazkur o‘quv kursi sud tizimi va jamoatchilik o‘rtasida ochiq, ishonchli va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishda muhim amaliy platforma bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun: o‘quv kursi ertaga ham o‘z ishini davom ettiradi.
Jamiyat
Ziroat Mirziyoyeva: «Sizlar tabiatning haqiqiy himoyachilarisiz»
Xivada Eco-schools Uzbekistan loyihasining asosiy ramzi bo‘lgan Yashil bayroq tantanali ravishda ko‘tarildi.
Loyihaning milliy operatori — «Zamin» fondi tomonidan o‘tkazilgan audit natijalariga ko‘ra, 30 ta maktab dasturning eng yaxshi ishtirokchisi deb topildi va ekologik ta’lim sohasida xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Ziroat Mirziyoyeva bolalarni munosib mukofot bilan samimiy tabriklab, erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmaslikni tiladi va shunday dedi:
«Barcha sinov va qiyinchiliklarga qaramay oldinga intilish faqatgina matonatli hamda o‘z ona yurtiga chin muhabbati bor insonlarning qo‘lidan keladi. Men faxr bilan aytamanki, bu xislatlar har biringizda mujassam! Sizlar tabiatning chinakam himoyachilarisiz va sa’y-harakatlaringiz bizni BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish sari yaqinlashtirmoqda».
Bayramda xalqaro toifadagi oshpaz va diyetolog-nutritsiolog ekomaktab o‘quvchilari uchun muvozanatli ovqatlanish asoslari va sog‘lom taomlanish odatlarini shakllantirish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazdi. Mavzu davomida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan maktab o‘quvchilari, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari hamda oshxona va bufet xodimlari uchun to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar taqdim etildi.
Ushbu qo‘llanmalar barcha umumta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan respublika treninglariga asos bo‘ladi.
Jamiyat
Qoraqalpog‘istonda ta’lim bo‘yicha muhim tayinlovlar amalga oshirildi
Qoraqalpog‘istonda ta’lim sohasida yangi tayinlovlar amalga oshirildi. Bu haqda Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmati xabar berdi.
Ayapov Amanjol Tlepovich – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlandi.
Amanjol Ayapov tayinlovga qadar Qoraqalpog‘iston Kasbiy ta’lim agentligi direktori lavozimida ishlab kelgan.
Ayimbetov Bayrambay Sharapatdinovich – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kasbiy ta’lim agentligi direktori lavozimiga tayinlandi.
Bayrambay Ayimbetov tayinlovga qadar O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida mas’ul lavozimda ishlab kelgan.
Jamiyat
PPX xodimi voyaga yetmagan qizlarga shilqimlik qilgani aytildi: IIV bayonot bilan chiqdi
Tarmoqda PPX xodimi 14 yoshli qizni dugonasi bilan birga tog‘li hududga olib borib, ularga shilqimlik qilgani bo‘yicha xabar tarqaldi. IIV Jamoat xavfsizligi departamenti esa mazkur holat yuzasidan tekshiruv boshlanganini bildirdi.
Hodisa Ohangaron shahrida sodir bo‘lgan. Qizning aytishicha, Spark mashinasi ko‘chada to‘xtab, uning egasi qizlarni mashinga o‘tirishga majburlagan. So‘ngra jabrlanuvchining akasi geolokatsiya orqali borib vaziyatga aralashgan.
Ichki ishlar vazirligining Ichki xavfsizlik bo‘limi prokuratura bilan hamkorlikda ushbu hodisa bo‘yicha darhol tergov boshladi. Hodisaning barcha ishtirokchilari va holatlari aniqlandi.
Nashrlarda tilga olingan xodim lavozimidan chetlashtirildi. Agar da’vo qilingan harakatlar tasdiqlansa, ularning harakatlari qat’iy qonuniy choralar, jumladan, jinoiy javobgarlikka tortiladi.
«Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining, ayniqsa voyaga yetmaganlarga nisbatan har qanday noqonuniy xatti-harakatlari qabul qilinishi mumkin emasligini va qattiq jazolarga olib kelishini ta’kidlaymiz», deyiladi IIV xabarida.
Tergov natijalari keyinroq e’lon qilinadi.
-
Siyosat3 days agoFransiya va Oʻzbekiston taʼlim va madaniyat yoʻli bilan aloqalarni chuqurlashtirmoqda – Elchi Valid Xouk
-
Dunyodan4 days agoPrezident Tramp delegatsiya parvozini bekor qildi
-
Siyosat4 days agoToshkentda yirik hududlarda issiq suv taʼminoti 5 kunga toʻxtatilganini maʼlum qildi
-
Jamiyat5 days agoJomboyda mast haydovchi YTH sodir etdi
-
Siyosat2 days agoOʻzbekistonda yashirin forumda davlat xizmatchilariga oid maʼlumotlarning sizib chiqib ketishini tekshirmoqda
-
Jamiyat5 days ago
Toshkentda uy-joy ijarasi narxlari qariyb 11 foizga qimmatlagan
-
Mahalliy3 days ago
Gulga shaydo onaxon, kitob “ovchisi” va chemodansiz sayyoh…
-
Dunyodan4 days ago
Ruminiyalik erkak ayolni o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi
