Jamiyat
“Hamma shartli nom bilan hujjatlashtirilgan” – Rossiya armiyasiga yollangan namanganlik “Ded” ozodlikdan mahrum qilindi
55 yoshli erkak o‘z xohishi bilan Rossiya armiyasiga yollangan hamda Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etgan. U Ukraina hukumatiga aloqador «Xochu jit» («Men yashashni xohlayman») loyihasi ma’lumotlarini oshkor qilgan 1100 nafar o‘zbekistonlikning biri bo‘lib chiqdi. Erkak sudda urushga ozroq bo‘lsa-da pul topib, ro‘zg‘origa ishlatish maqsadida borganini aytgan.
Rossiya armiyasiga yollangan holda Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etgan O‘zbekiston fuqarosi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, Namangan shahrida yashovchi 1970 yilda tug‘ilgan R.K. 2023 yilning may oyida mavsumiy ishlash maqsadida Rossiyaga borgan. Patent olish maqsadida federal migratsiya xizmati idorasiga borganida FMX xodimlari unga patent berilmasligini, biroq Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etsa Rossiya fuqaroligi berilishini hamda bemalol ishlashi mumkinligini aytgan.
R.K. 2023 yil iyun oyida urushga borish uchun o‘z hoxishiga ko‘ra Rossiya Qurolli kuchlari bilan bir yillik shartnoma imzolagan. Unga “Ded” laqabi berilgan. Erkak Ukrainaga qarshi urushda qatnashayotganligi uchun 700 ming rubl miqdorida bir martalik mukofot puli va har oy o‘rtacha 150-200 ming rubl oylik maosh olib kelgan. R.K. urushda haydovchi-mexanik bo‘lgan va Belgorod shahridagi harbiy qismda urush maqsadlarida foydalaniladigan harbiy transport vositalarini texnik ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullangan.
R.K. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan va urushga ozroq bo‘lsa-da pul topib, ro‘zg‘origa ishlatish maqsadida borganini aytgan.
“2023 yil may oyida ishlash uchun Sankt-Peterburg shahriga bordim. Shahardagi federal migratsiya xizmati idorasiga patent olish maqsadida murojaat qilganimda avval Rossiya hududida xuquqbuzarliklar sodir etganim uchun menga patent berilmasligini aytishdi. Ishlashim kerak, patent beringlar dedim. Shunda Rossiya qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzishimni maslahat berishdi va bu orqali Rossiya fuqaroligini olishim mumkinligini ma’lum qilishdi. Men bu taklifga rozi bo‘ldim.
Sankt-Peterburg shahridagi Mudofaa ishlari bo‘limiga borib, Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish maqsadida shartnoma imzolash uchun ariza topshirdim. Faqat 50 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar harbiy xizmatga olinayotganini, 50 yoshdan oshganlar esa front ortida xizmatga jalb etilayotganini bildirishdi. Oradan bir necha hafta o‘tgach Mudofaa ishlari bo‘limi xodimi aloqa chiqib, menga kamida 1 yil muddatga shartnoma tuzishni taklif qildi. 2023 yil 25 iyul kuni 1 yil muddatga shartnoma imzoladim.
Menga shaxsiy jiton raqami berildi. Yoshim katta bo‘lgani uchun “Ded” shartli nomi bilan hujjatlashtirishdi. U yerda hammaga alohida ism qo‘yib, hujjatlashtirishadi. O‘sha vaqtda menga 700 ming rubl mukofot puli berildi”, degan erkak suddagi ko‘rsatmasida.
Shundan so‘ng R.K. 2023 yil iyul-avgust oylarini Sankt-Peterburg shahridagi maxsus harbiy bazada boshqa yollanma harbiy xizmatchilar to‘planishini kutib o‘tkazgan. Shartnoma imzolagan yollanma harbiy xizmatchilar to‘plangach ular yoshiga qarab saralangan.
“2023 yil sentabr oylarida Belgorad shahridagi harbiy qismga yuborishdi. U yerda men haydovchi-mexanik sifatida ishladim. Xizmatim davomida menga 2 ming dollar miqdorida oylik maosh to‘langan. Pullar turmush o‘rtog‘im nomiga kelib tushardi.
2024 yil aprel oyining o‘rtalarida sog‘lig‘imdagi o‘zgarishlar tufayli Belgorad shahridagi ko‘p tarmoqli harbiy poliklinikaga murojaat qildim. Biroq u yerda maxsus shifokor bo‘lmagani sababli meni Sankt-Peterburg shahridagi harbiy gospitalga jo‘natishdi. 1 oy davomida “yurak ishemik” tashxisi bilan davolandim”, degan u.
R.K. 2024 yil iyun oyida O‘zbekistonga qaytib kelgan.
2025 yil aprel oyida Ukraina hukumatiga aloqador «Xochu jit» («Men yashashni xohlayman») loyihasi Rossiya armiyasi bilan shartnoma tuzib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan 1100 kishi haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilgandi. Ular Rossiya armiyasi safida harbiy harakatlarda qatnashayotgan yoki qatnashgan (halok bo‘lgan yoki shartnoma muddati yakunlangan) O‘zbekiston fuqarolari ekani aytilgan. Ro‘yxatga Ukrainaga asirga tushganlar kiritilmagan.
R.K. ana shu ro‘yxatdagi 1100 o‘zbekistonlikning biri bo‘lib chiqdi. U ro‘yxatda 392-raqamda, MT-891289 shaxsiy raqami ostida keltirilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining hukmi bilan R.K. Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Avvalroq Rossiya armiyasiga yollangan navoiylik yigit 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga tortilgandi. U harbiy bo‘linmaga boshiga qop kiydirilgan holda olib borilganini aytgan.
Jamiyat
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.
Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.
Jamiyat
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.
Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.
Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.
Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.
Jamiyat
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.
Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.
Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.
O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
