Iqtisodiyot
O‘zbekistonda narx-navo oshishi bo‘yicha kutilmalar kamaydi

Sentyabr oyida O‘zbekiston aholisi va tadbirkorlarining inflyatsion kutilmalari biroz pasaydi. Aholi va tadbirkorlar kelgusi 12 oyda narx-navo qariyb 12 foizga oshishini kutyapti. Sezilgan inflatsiya darajasi 0,6 bandga pasayib, 12,4 foizgacha tushdi.
Markaziy bank sentabr oyidagi so‘rovlar natijasiga ko‘ra aholining inflyatsion kutilmalari hisobotini taqdim etdi. Unga ko‘ra, aholi va tadbirkorlar orasida narxlar bo‘yicha kutilmalar sentabr oyida biroz pasaygan, biroq iqtisodiy sub’yektlar uchun bir qancha tashqi va ichki bosim manbalari saqlanib qolmoqda.
Inflyatsion kutilmalar
Sentyabr oyida aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari 12 foiz darajasida qayd etildi – avvalgi oylarga nisbatan 0,2 foiz bandga pasayish kuzatildi. Ushbu o‘lchov jami 3 420 respondent fikri asosida aniqlangan.
Tadbirkorlik sub’yektlari orasida inflyatsion kutilmalar 11,7 foizni tashkil etdi, bu esa o‘tgan oyga nisbatan 0,1 bandga pasayishdir.
Inflyatsion kutilmalarning omillari
O‘zbekistonliklar fikricha, keyingi bir yilda narxlarning oshishiga eng ko‘p sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan omil – bu kommunal xizmatlarning qimmatlashishi. Respondentlarning 46 foizi ana shundan xavotirda.
So‘rovda qatnashgan aholi vakillarining 41 foizi yoqilg‘i va energiya narxlarining o‘sishini kutmoqda. Respondentlarning har to‘rt nafaridan birining fikricha, keyingi 12 oyda ish haqi va nafaqalar oshishi, transport xarajatlarining ortishi va asosiy oziq-ovqatlar qimmatlashishi – inflatsiyaning asosiy omillaridan biri bo‘ladi.
Biznes esa asosan kommunal xizmatlar, yoqilg‘i va energiya resurslari narxi eng ko‘p oshishini taxmin qilyapti. Har o‘nta tadbirkordan to‘rt nafari shunday kutilmaga ega.
Hududiy va sohalar kesimidagi tafovutlar
Inflyatsion kutilmalar hududlar kesimida ancha farqlanadi. Aholi orasida eng yuqori ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida (12,7 foiz), eng past ko‘rsatkich esa Buxoro viloyatida (10,5 foiz) kuzatilgan.
Toshkent shahri, Samarqand va Xorazm viloyatlaridagi tadbirkorlar orasida inflyatsion kutilmalar 13 foizdan baland. Qoraqalpog‘istondagi biznes 10,3 foiz, Qashqadaryodagi tadbirkorlar 10,4 foizlik inflatsiya kutilmalariga ega.
Sohalar kesimida qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchilar narxlar o‘sishini pastroq baholagan bo‘lsa, axborot texnologiyalari va OAV sohasidagi respondentlar orasida kutilmalar yuqoriroq.
Sezilgan inflatsiya
Aholi tomonidan oxirgi bir yilda sezilgan inflatsiya 12,4 foizni tashkil etib, avvalgi oyga qaraganda 0,6 bandga kamaydi.
Toshkent shahrida sezilgan inflatsiya 13,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, xorazmliklar oxirgi bir yildagi narx-navo o‘sishini boshqa hududlarga nisbatan eng kam baholashgan: 10,8 foiz.
Avgust-sentabr oylarida aholi go‘sht va sut, benzin va yoqilg‘i, elektr va tabiiy gaz, dorilar va meva-sabzavotlar narxi oshishini ko‘proq sezgan.
Markaziy bank tahlillariga ko‘ra, oylik daromadi 10 mln so‘mdan yuqori aholi narxlar oshishini daromadi 10 mln so‘mgacha bo‘lgan qatlamga nisbatan ko‘proq sezgan.
Pensionerlar inflatsiyani hammadan ko‘proq his etayotgan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari oxirgi vaqtlardagi narx-navo oshishini boshqalarga qaraganda pastroq baholamoqda.
Iqtisodiyot
Prezident elektrotexnika sanoati bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-oktyabr kuni elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda bu yo‘nalishda izchil islohotlar amalga oshirilib, zamonaviy quvvatlar barpo etildi, ishlab chiqarish va eksport hajmlari ortib bormoqda. Masalan, joriy yilning 9 oyida tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 16,3 foizga o‘sib, 34 trillion so‘mga yetdi. Eksport 970 million dollarni tashkil qildi.
Shu bilan birga, sohada hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Xususan, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish, misni chuqur qayta ishlash va eksportni diversifikatsiya qilish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Ayni vaqtda mis mahsulotlari eksportining atigi 60 foizi yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlar ulushiga to‘g‘ri kelyapti.
Taqdimotda mamlakatimizda chuqur qayta ishlashni rag‘batlantirish, bu borada mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi. Jumladan, misni xarid qilishda chegirma taqdim etish, kredit foizlarining 5 foizdan yuqori qismini davlat tomonidan qoplash, soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha yengilliklar berish rejalashtirilgan.
Tarmoqda an’anaviy turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish bilan birga yuqori texnologik turlarini o‘zlashtirish, jumladan, elektronika va yarim o‘tkazgichlar sohasiga kirib borish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yangi loyihalar hisobiga kelgusi yillarda yurtimizda mis ishlab chiqarish hajmi 250 ming tonnaga, 2030-yilga borib esa 500 ming tonnaga yetishi kutilmoqda. Mutasaddilar ushbu xomashyo bazasidan foydalanib, uning negizida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalar to‘g‘risida axborot berdi. Serverlar, sanoat elektronikasi, konditsionerlar, quyosh panellari, nazorat-o‘lchov va avtomatika vositalari, smart-kartalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidan. Umuman, bu yo‘nalishda 2,1 milliard dollarlik 157 ta loyiha shakllantirilgan bo‘lib, ular orqali 14,5 ming yangi ish o‘rni yaratiladi.
Taqdimotda hududlardagi elektrotexnika texnoparklarining faoliyati ham ko‘rib chiqildi.
Ayni paytda milliy mahsulotlarimizni xalqaro bozorlarga chiqarish imkoniyatlari kengaymoqda. O‘zbekiston standartlar instituti Xalqaro elektrotexnika komissiyasi baholash sxemasiga a’zo organ sifatida qabul qilindi. Bu mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar sertifikatlarining 53 davlatda tan olinishini ta’minlaydi.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi yevropalik hamkorlar bilan muvofiqlikni baholash tizimini yo‘lga qo‘ymoqda. Bu orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga Yevroittifoq talablariga moslikni tasdiqlovchi “CE” belgisi beriladi. Bu esa Yevropaga eksport hajmini kamida ikki barobar oshirish imkonini yaratadi.
Davlatimiz rahbari rejalashtirilgan chora-tadbirlar va loyihalar ijrosini jadallashtirish, eksportning o‘sish sur’atlarini saqlab qolib, yangi bozorlarga chiqish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Iqtisodiyot
2 yilda 2 barobar o‘sish. Nega oltin narxi keskin qimmatlab boryapti?

Oltin narxi tarixda birinchi marta bir unsiya uchun 4000 dollardan oshdi. Qimmatbaho metallga bo‘lgan talabning o‘sishi bir qator omillar ta’sirida yuz beryapti. Xususan, jahon savdosida noaniqliklar, AQSh Federal rezerv tizimi mustaqilligi atrofida xavotirlar va Qo‘shma Shtatlarning fiskal barqarorligiga doir shubhalar kuchaygan. Oltin yil boshidan beri 50 foizdan ko‘proqqa qimmatlashdi. Tahlilchilar bu tendensiya keyingi yillarda ham davom etishini prognoz qilyapti.
Oltin narxi tarixda ilk bor bir unsiya uchun 4 ming dollardan oshdi. Narxlarning keskin qimmatlashishi AQSh iqtisodiyotidagi muammolar va hukumatning moliyaviy inqirozga yaqinlashgani haqidagi xavotirlar fonida yuz beryapti, deya yozadi Bloomberg.
Bundan ikki yil avval oltin 2 ming dollardan past narxda sotilardi. Ayni paytda esa qimmatbaho metallning daromadliligi asr boshidan beri hisoblaganda aksiyalar daromadliligidan ham oshib ketdi. Oltin narxi yil boshidan beri 50 foizdan ko‘proqqa qimmatlashdi. Bunga jahon savdosidagi noaniqliklar, AQSh Federal rezerv tizimi mustaqilligi atrofidagi xavotirlar va mamlakatning fiskal barqarorligiga doir shubhalar sabab bo‘lyapti. Geosiyosiy tangliklarning kuchayishi ham xavfsiz aktivlarga talabni oshirdi, markaziy banklar qimmatbaho metallni yuqori sur’atlarda xarid qilishda davom etyapti.
Vashingtondagilarning hukumat mablag‘lari bilan bog‘liq kelishmovchiliklari fonida investorlar bozor zarbalaridan himoya izlay boshladi va oltin rallisi yanada kuchaydi. Federal rezervning pul-kredit siyosatini yumshatish davri boshlanishi ham oltin uchun ijobiy omil bo‘ldi. Foizlar pastlaganda, obligatsiyalar va bank omonatlari kabi aktivlardan olinadigan foyda kamayadi. Shunda investorlar daromad keltirmaydigan, lekin ishonchli aktiv – oltinni afzal ko‘ra boshlaydi. Shuningdek, foiz stavkalari past bo‘lsa, dollarning qiymati boshqa valutalarga nisbatan tushadi. Oltin esa dollarda baholanadi, shuning uchun dollar arzonlashganda oltin xorijiy investorlar uchun yanada jozibador bo‘ladi. Pul-kredit siyosatini yumshatish odatda iqtisodga ko‘proq pul kiritadi, bu esa inflatsiyani kuchaytirishi mumkin. Oltin an’anaviy tarzda inflatsiyadan himoya vositasi sifatida ko‘riladi. Shu bois investorlar oltin narxiga bog‘langan fond aksiyalariga sarmoya kiritishni kuchaytirgan va sentabr oyida so‘nggi uch yildagi eng katta investitsiya oqimi kuzatildi.
«4 ming dollarlik chegaraning bosib o‘tilishi faqat qo‘rquv emas, balki kapitalni qayta taqsimlash jarayonini ham bildiradi. Iqtisodiy ma’lumotlar to‘xtab qolgan, foiz stavkalari pasayishi kutilyapti, real daromadlar kamayyapti, aksiyalar esa haddan ortiq baholangan. Markaziy banklar bu rallining asosini yaratdi, ammo endi uni chakana investorlar va ETF’lar davom ettiryapti», deydi Saxo Capital Markets strategi Charu Chanana.
Odatda oltin narxining keskin o‘sishi iqtisodiy yoki siyosiy bosimlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Masalan, global moliyaviy inqirozdan keyin qimmatbaho metall 1 000 dollarga, pandemiya davrida 2 000 dollarga, joriy yilning martida Tramp ma’muriyatining radikal boj siyosati fonida 3 000 dollarga chiqqandi. Hozirda esa narxlar 4000 dollardan oshdi. Bu jarayon AQSh prezidenti Donald Trampning Federal rezervga bosimi, xususan, tashkilot rahbari Jyerom Pauellga nisbatan tahdidlar va gubernator Liza Kukni lavozimidan olish harakati ortidan yuz beryapti. Agar Federal rezerv siyosiy bosim ostida stavkalarni pasaytirsa va inflatsiya kuchaysa, bu oltin uchun «ideal» sharoit yaratadi.
Oltin 1970 yillardagi kabi eng yaxshi yillik natijasiga yaqinlashyapti. O‘sha paytlarda inflatsiya tezlashishi va oltin standarti bekor qilinishi tufayli tilla narxi 15 baravar oshgandi. Prezident Richard Nikson Federal rezervni stavkalarni pasaytirishga majburlagan. Natijada markaziy bank o‘z mustaqilligini saqlay olmagan va siyosiy sabablar bilan inflatsiyani nazoratdan chiqarib yuboradi.
«Investorlar oltinni sotib olayotganining sababi — uning diversifikatsiya imkoniyatlaridadir. Bu tendensiya endigina boshlanmoqda, oltin asta-sekin oqilona investitsiya portfeli tarkibining ajralmas qismiga aylanadi», – deydi GSFM investitsiya maslahatchisi Stiven Miller. U oltin narxi kelasi yil o‘rtalariga borib 4500 dollarga yetishini taxmin qilgan.
Financial Times’ning yozishicha, milliarder Rey Dalio oltin dollar uchun xavfsizroq muqobil ekanini aytib, uni portfellar uchun «a’lo darajadagi diversifikator» deb atagan.
So‘nggi yillardagi o‘sish tendensiyasining yana bir asosiy omili — markaziy banklarning rekord darajadagi xaridlari bo‘lgan. Markaziy banklar o‘z zaxiralarini AQSh dollaridan diversifikatsiya qilish uchun har yili qariyb 1 000 tonna oltin sotib olishyapti.
Goldman Sachs ham joriy haftada 2026 yil dekabr uchun oltin narxi prognozini 4 300 dollardan 4 900 dollarga ko‘tardi.
Eng ko‘p oltin zaxirasiga ega davlatlar
2025 yilning iyun oyi yakunlari bo‘yicha keltirilgan ma’lumotlariga ko‘ra, oltin zaxiralari hajmi bo‘yicha kuchli o‘nlikka kirgan davlatlar ro‘yxati quyidagicha:
1. AQSh – 8133 tonna;
2. Germaniya – 3 350 tonna;
3. Italiya – 2452 tonna;
4. Fransiya – 2437 tonna;
5. Rossiya – 2330 tonna;
6. Xitoy – 2299 tonna;
7. Shveytsariya – 1040 tonna;
8. Hindiston – 880 tonna;
9. Yaponiya – 846 tonna;
10. Turkiya – 635 tonna.
Iqtisodiyot
Dollar ketma-ket ikkinchi kun ko‘tarildi

Dollar ketma-ket ikkinchi kun ko‘tarildi
Source link
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 55 mlrd dollarga yetdi

2025 yil 1 oktyabr holatiga, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 54,99 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu – tarixiy rekord ko‘rsatkichdir. Jahon bozorida oltin narxlari yil boshidan beri qariyb 50 foizga oshdi.
2025 yil 1 oktyabr holatiga, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 54,99 mlrd dollarni tashkil qildi. Zaxiralar qiymati o‘tgan oyga nisbatan 4,9 mlrd dollarga ko‘p. Bu haqda Markaziy bank taqdim qilgan hisobotda keltirilgan.
Sentyabr oyi davomida zaxiralarning valuta qismi 735 mln dollarga oshgan bo‘lsa, oltin qismining qiymati 4,17 mlrd dollarga oshib 44,2 mlrd dollargacha ko‘paygan.
Zaxiralar tarkibida oltinning fizik hajmi 11,8 mln troya unsiyadan 11,6 mln troya unsiyaga kamaygan.
Jahon bozorida oltin narxlarining oshib borishi fonida yil boshidan beri O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari sezilarli darajada ko‘paydi. 1 oktyabr holatiga qayd etilgan qariyb 55 mlrd dollarlik zaxiralar – mamlakat uchun tarixiy rekord ko‘rsatkichdir.
Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan xarid qilingan qimmatli qog‘ozlarning qiymati o‘tgan oyda biroz oshib, 1 mlrd 19 mln dollarga yetgan.
Oltin narxining yil boshidan beri keskin ko‘tarilishi global bozorlar bilan bevosita bog‘liq. Fevral–may oylarida jahon miqyosida geosiyosiy tangliklar va AQSh federal rezerv siyosati tufayli oltin keskin qimmatlashdi.
Iyulda esa qisqa muddatli pasayish kuzatildi. Avgust–sentabrda narx yana tiklanib, bu davrda 3,4 foiz o‘sish qayd etildi. Tahlilchilar fikricha, bunday tendensiya mavsumiy talab va global iqtisodiy noaniqliklar bilan izohlanadi. 7 oktyabr kuni oltin narxi tarixda birinchi marta 1 unsiya uchun 4000 dollardan oshdi.
Iqtisodiyot
Qozog‘iston RF orqali Germaniyaga neft yetkazib berishni 30 foizga oshiradi

2026 yilda Qozog‘istonning Germaniyaga neft eksporti oyiga 130 ming tonnagacha oshadi. «KazMunayGaz» va Rosneft Deutschland tegishli kelishuvni imzoladi. Yetkazib berish «Drujba» quvuridan Rossiya orqali amalga oshirilmoqda.
Qozog‘istonning “KazMunayGaz” (KMG) va Germaniyaning Rosneft Deutschland GmbH kompaniyalari Germaniyaga neft yetkazib berish bo‘yicha amaldagi shartnomani 2026 yil oxirigacha uzaytirishga kelishib oldi. Yangilangan shartlarga ko‘ra, oylik yetkazib berish hajmi 100 ming tonnadan 130 ming tonnagacha ko‘tariladi.
Kelishuvga ko‘ra, neft Rossiya bilan chegaradosh G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida neft ishlab chiqaruvchi “Karachaganak Petrolium Opereyting B.V.”dan olinadi. KMG 2024 yildan beri Germaniyaga yetkazib beriladigan neftning bir qismi Kaspiy dengizidagi Qashag‘on konidan, 2025 yildan esa Kaspiy dengizidagi Tengiz konidan kelishini qo‘shimcha qildi.
Shartnomani uzaytirish va yetkazib berish hajmini oshirish to‘g‘risidagi qaror «KazMunayGaz» va Rosneft Deutschland kompaniyalari rahbarlari Asxat Xassenov va Yoxannes Bremer o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng qabul qilindi. Tomonlar energetika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini tasdiqladi.
Qozog‘iston neftini Germaniyaning Shvedtidagi neftni qayta ishlash zavodiga yetkazib berish 2023 yilda boshlangan. U «Drujba» quvuri orqali Rossiya, Belarus va Polsha orqali tashiladi. 2025 yilning birinchi to‘qqiz oyida Qozog‘istondan Shvedt neftni qayta ishlash zavodiga yetkazib berish hajmi taxminan 1,5 million tonnani tashkil etdi.
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekiston va OTB hamkorligining 30 yilligi munosabati bilan ekologik aksiya o‘tkazildi
-
Jamiyat4 days ago
Tadbirkorning salkam 1 mlrd so‘mini qo‘lga kiritgan shaxs aniqlandi
-
Sport5 days ago
JCh-2026 chiptalari rekord darajada qimmat bo‘ladi
-
Sport5 days ago
Kannavaro hal bo‘ldi: bu yaxshimi yoki yomon?
-
Mahalliy5 days ago
«TalabaExpo–2025» Surxondaryoda — ko‘rgazma qanday o‘tdi!
-
Dunyodan5 days ago
Bir zumda “Diddi” shawn o’z taqdirini sudda bilib oldi
-
Turk dunyosi4 days ago
G’azo bilan bog’langan flot: Isroil 137 faollarni tinchlik bilan deportatsiya qilganini tasdiqlaydi – Dunyo
-
Sport3 days ago
«Barselona» Ispaniya chempionatida ilk bor mag‘lub bo‘ldi