Siyosat
Prezident «Markaziy Osiyo – Italiya» sammitida qatnashdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 may kuni Ostona shahrida «Markaziy Osiyo – Italiya» sammitida ishtirok etdi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tkazilgan tadbirda Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdilar.
Uchrashuvda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Italiya o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, investitsiya va texnologiyalar, «yashil» iqtisodiyot sohalarida sheriklikni rivojlantirish, ta’lim va madaniy dasturlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Prezidentimiz o‘z nutqining avvalida ushbu tadbir joriy yil aprel oyida Samarqandda o‘tgan sammitda Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasida erishilgan strategik sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvlarning uzviy davomi ekanini ta’kidladi.
Ushbu formatda, avvalo, mamlakatlarimizning texnologik, sanoat va intellektual salohiyatini inobatga olgan holda samarali amaliy hamkorlikni rivojlantirishga intilish borligi qayd etildi.
Bugungi global va mintaqaviy siyosatdagi tendensiyalarni, xavfsizlik va taraqqiyotga nisbatan umumiy tahdidlarning kuchayishini hisobga olgan holda Italiya bilan ko‘p tomonlama muloqotga bo‘lgan ehtiyoj ham ortib bormoqda.
Shu bilan birga, mintaqaning Italiya bilan ko‘p asrlik savdo va madaniy aloqalari yangi bosqichdagi keng qamrovli sheriklik uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘tamoqda.
Kun tartibidagi masalalarga o‘tar ekan, O‘zbekiston rahbari “Markaziy Osiyo – Italiya” formatidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z qarashlarini bayon etdi.
Avvalo, qator dolzarb xalqaro masalalar yuzasidan yondashuvlarni muvofiqlashtirish uchun tashqi ishlar vazirliklari darajasida muntazam muloqotlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, terrorizm, ekstremizm, radikalizm, giyohvand moddalar savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashda ko‘p tomonlama sheriklik va maxsus xizmatlarning axborot almashish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Iqtisodiy sohada davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi uch barobar oshganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan texnologik hamkorlik loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Italiya ishbilarmon doiralarining innovatsion rivojlanish borasida an’anaviy kuchli mavqeini hisobga olib, mamlakatlarimiz savdo-sanoat palatalari shafeligida biznes muloqoti uchun doimiy maydon – “Markaziy Osiyo – Italiya” ishbilarmonlar klubini tashkil etish taklif qilindi. Tadbirkorlar ishtirokidagi bunday uchrashuvlar har yili mintaqa mamlakatlari va Italiya poytaxtlarida o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Prezidenti texnologiyalar transferi, ilg‘or bilim va tajribalarni joriy etish, yuqori texnologiyali sanoat ishlab chiqarishlarini tashkil etish uchun qulay sharoitlarni yaratishni nazarda tutuvchi ko‘p tomonlama Sanoat va texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish va qabul qilish muhimligini ta’kidladi.
Mavjud muvaffaqiyatli tajribani hisobga olib, mineral resurslar va qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash; elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik, charm, oziq-ovqat va boshqa qayta ishlash tarmoqlari uchun zamonaviy uskunalar ishlab chiqarish; butlovchi qismlar va sanoat mahsulotlarini mahalliylashtirish; Italiyaning yetakchi brendlari ishtirokida dizayn markazlarini tashkil etish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatida mintaqaviy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun Yevropa operatori boshqaruvida maxsus industrial park tashkil etilayotganini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, Italiyaning SACYe va SIMEST davlat agentliklari hamda qo‘shma investitsiya fondlarini hamkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.
“Yashil” transformatsiya sohasida Italiya bilan samarali hamkorlikni yuqori baholab, O‘zbekiston yetakchisi uglerod chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha milliy dasturlarni amalga oshirishga ko‘maklashadigan ko‘p tomonlama platformani yo‘lga qo‘yish orqali keng qamrovli sheriklikni rivojlantirishga chaqirdi.
Qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi loyihalarni, jumladan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga “yashil” energiya yetkazib berish, Italiyaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari va muhandislik kompaniyalarini jalb etgan holda korxonalarni auditdan o‘tkazish va energiya samaradorligini oshirish, suv infratuzilmasi ob’yektlarini modernizatsiya qilish va vodorod texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirildi.
Toshkentdagi Turin politexnika va Piza universitetlari filiallari samarali faoliyat yuritayotganini ta’kidlar ekan, davlatimiz rahbari Italiyaning boshqa yetakchi oliy o‘quv yurtlarining mintaqaga qiziqishi ortib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
O‘zbekiston Prezidenti muhandislik, dizayn, suv tejamkorligi va biotexnologiyalar kabi yo‘nalishlarda ilmiy ishlanmalar, akademik almashinuv va kadrlar tayyorlash dasturlarini amalga oshirish va moliyalashtirish uchun “Markaziy Osiyo – Italiya” ilmiy-ta’lim konsorsiumini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Yetakchi turoperatorlar o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish va qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini yaratish maqsadida turizm alyansini tashkil etishdan manfaatdorlik bildirildi.
Italiya jamoatchiligi Rim va Florensiyada o‘tkazilgan ko‘rgazma va madaniy tadbirlarga katta qiziqish bildirgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Shu munosabat bilan kelgusi yili Xiva shahrida mintaqa mamlakatlari va Italiya yoshlarining kreativ iqtisodiyot va madaniy almashinuv forumini o‘tkazish taklif qilindi.
Sammitda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Italiya Bosh vaziri ham nutq so‘zladi. Tadbir yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilindi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Mixail Mishustin bilan iqtisodiy hamkorlik haqida gapirdi
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashdi.
Foto: Saida Mirziyoeva/Telegram
Mirziyoyevaning soʻzlariga koʻra, muzokaralarda asosan ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
“O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanishda davom etmoqda”, — deb yozdi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram’dagi kanalida va ayni paytda biznes, infratuzilma va madaniyat kabi muhim sohalarda ko‘plab qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Muzokaralar ikki tomonlama oliy darajadagi bir qancha tadbirlar oldidan o’tkazilmoqda. Hukumatlararo qoʻshma qoʻmita va mintaqaviy kengashlarning navbatdagi yigʻilishlari yaqin kunlarda oʻtkazilishi kutilmoqda.
Mirziyoyeva xonim ushbu boʻlajak tadbirlar ikki tomonlama hamkorlikning barcha yoʻnalishlariga yanada turtki berishiga ishonch bildirdi.
Siyosat
O‘zbekiston va Albaniya yetakchilari o‘zaro muzokara o‘tkazdilar
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.
Ikki davlat o‘rtasida amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari O‘zbekiston va Albaniya munosabatlari tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu sammit alohida ahamiyatga ega ekanini, uning ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishini qayd etdi.
Siyosiy muloqot va turli darajadagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida tomonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Tovar ayirboshlashni kengaytirishga, agrosanoat majmui, “yashil” energetika, geologiya, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, turizm hamda boshqa muhim sohalarda keng ko‘lamli kooperatsiya dasturini tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston mahsulotlarini Janubiy Yevropa va O‘rta yer dengizi bozorlariga chiqarishda logistika xabi sifatida Albaniyaning Durres portidan foydalanish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning huquqiy asoslarini kengaytirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida Hukumatlararo komissiyani tashkil etish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yilda Toshkent shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.
Madaniy-gumanitar sohada tomonlar o‘zaro Madaniyat kunlari, kino namoyishlari, ko‘rgazma va ijodiy safarlarni tashkil etish muhimligini ta’kidladilar.
Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay Faxriy mehmonlar xiyobonida birgalikda daraxt ekdilar.
Ushbu marosim ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuv mustahkamlanib borayotgani, O‘zbekiston – Albaniya ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirishda yangi bosqich boshlanganining ramzi bo‘ldi.
Siyosat
O‘zbekistonda AQSh bilan yirik investitsiya loyihalari amaliy bosqichga o‘tadi
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi («DFC») bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida amerikalik mehmonlar davlatimiz rahbariga AQSh Prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Tomonlar iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Muzokaralarda AQShning yetakchi moliyaviy institutlari ishtirokida infratuzilmani rivojlantirish, muhim minerallarni o‘zlashtirish, energetika, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va raqamlashtirish sohalaridagi strategik loyihalarni moliyalashtirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda «Eksimbank» bilan energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, mahalliy tadbirkorlarning ustuvor sohalardagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida eksport kreditlari mexanizmlarini yanada kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
«DFC» korporatsiyasining sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish, energetika tizimi va infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish bo‘yicha takliflari ham qo‘llab-quvvatlandi.
Tomonlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun investitsiya va texnologiyalarga asoslangan loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish zarurligini ta’kidladi. Jumladan, Toshkent shahrida yangi xalqaro aeroport qurish, Farg‘ona viloyatida zamonaviy tibbiyot majmuasini tashkil etish, raqamli bankni ishga tushirish, data-markazlar va quruq portlar barpo etish loyihalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan investitsiyaviy va texnologik loyihalarni ilgari surish maqsadida qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.
Siyosat
O‘zbekiston va Albaniya birinchi xonimlari uchrashdi
Albaniya Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva hamda Albaniya Respublikasi Birinchi xonimi Armanda Begayning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda ikki davlat rahbarlarining rafiqalari O‘zbekiston va Albaniya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Madaniy dastur davomida oliy martabali mehmon o‘zbek amaliy san’ati ustalarining ijod namunalari, jumladan, yog‘och o‘ymakorligi, qadimiy so‘zana kashtachiligi texnikasi hamda an’anaviy kulolchilik buyumlari bilan tanishdi.
Dasturning yorqin lahzalaridan biri an’anaviy o‘zbek liboslari namoyishi, shuningdek, mamlakatimizning turli hududlariga xos jihatlarni aks ettirgan «Kelin salom» marosimi taqdimoti bo‘ldi. Oliy martabali mehmon o‘zbek xalqining milliy an’ana va urf-odatlariga samimiy qiziqish bildirib, ularning chuqur tarixiy ildizlari, go‘zalligi va betakrorligini alohida ta’kidladi.
Siyosat
Prezident Ozarbayjon va Belarus bosh vazirlarini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadovni qabul qildi.
Uchrashuvda Ozarbayjonning “PASHA Holding”, “Neqsol Holding”, “AzerGold” kompaniyalari hamda Ozarbayjon Xalqaro banki rahbarlari ham ishtirok etdilar.
Suhbat avvalida Ali Asadov davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Mamlakatimiz yetakchisi, o‘z navbatida, Ozarbayjon xalqini kuni kecha bo‘lib o‘tgan bayram – Milliy najot kuni munosabati bilan tabrikladi.
O‘zbekiston – Ozarbayjon do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Barcha darajalardagi faol aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 40 foizga oshdi. Qurilish, energetika, tog‘-kon sanoati, geologiya, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Ikki mamlakat hukumatlari bo‘lajak oliy darajadagi sammitning iqtisodiy kun tartibini puxta tayyorlashi muhimligi ta’kidlandi.
Bunda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va Hududlar forumi natijador o‘tishini ta’minlash zarurligi qayd etildi.
Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchinni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston – Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik nuqtai nazaridan ko‘rib chiqildi.
Joriy yil may oyida Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tovar ayirboshlash hajmi joriy yil boshidan buyon 32 foizga ortib, barqaror o‘sib bormoqda. Qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek, madaniy-gumanitar va hududlararo aloqalarni faollashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish muhim ekani ta’kidlandi.
-
Siyosat3 days ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Mahalliy4 days ago
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
-
Jamiyat4 days agoFarg‘onada “Lasetti” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
-
Sport3 days agoEron Amerikaga bordi, Osiyo Yevropaning ta’zirini berayotir – JCh kundaligi
-
Sport5 days agoJCh-2026. Osiyoning ikki jamoasi Yevropa vakillariga qarshi maydonga tushadi
-
Jamiyat3 days agoFarg‘onada 1 kilogrammdan ortiq gashish olib ketayotgan shaxs qo‘lga olindi
-
Mahalliy4 days ago
Quyoshda turgan suvning ta’mi emas, tarkibi o‘zgaradi… bu esa juda xavfli
-
Dunyodan2 days ago
Dunyo bo’ylab qochqinlar soni 10 yil ichida birinchi marta kamaydi.
