Connect with us

Siyosat

Shavkat Mirziyoyev ShHT sammitida nutq so‘zladi

Published

on


Bugun, 1-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida nutq so‘zladi.

Prezident nutqi bilan quyida to‘liq tanishishingiz mumkin.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Avvalo, Xitoy Xalq Respublikasining Raisi, hurmatli Si Szinpin Janobi Oliylariga majlisimizni yuksak darajada tashkil etgani va samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik izhor etaman.

Shuningdek, barcha ishtirokchilarni xalqlarimiz ulkan hissa qo‘shgan Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan tabriklashga ham ijozat bergaysiz.

Qirg‘iz Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan hurmatli Prezident Sadir Nurg‘ojoyevich Japarovga bildirilgan tabriklarga qo‘shilaman va O‘zbekistonning eng ulug‘ va asosiy davlat bayrami munosabati bilan aytilgan iliq so‘zlaringiz uchun minnatdorlik izhor etaman.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Bizning uchrashuvimiz Xitoyning qadimiy madaniyati hamda uning sanoat va texnologik yo‘nalishdagi jadal taraqqiyoti o‘rtasidagi uyg‘unlikni o‘zida mujassam etgan Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tmoqda.

Bu yerda buyuk Konfutsiyning «Hayotda o‘z o‘rningni topishni xohlar ekansan, boshqalarga yordam ber, muvaffaqiyatga intilar ekansan, boshqalarning yutug‘iga ko‘mak ber», degan hikmatli so‘zlari o‘zgacha ruhda yangraydi.

Bu ming yillik falsafa o‘zaro hurmat va bir-birini qo‘llab-quvvatlash, har bir a’zo davlat manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan Shanxay hamkorlik tashkilotining bugungi missiyasiga hamohangdir.

ShHT makonida umumiy taraqqiyot va ravnaq aynan ana shunday mustahkam poydevor ustida barpo etilmoqda, deb hisoblayman.

Xitoyning samarali raisligi tufayli Tashkilotimizning nufuzi yanada mustahkamlandi, mamlakatlarimizning o‘zaro manfaatli amaliy hamkorligi kengaydi.

Ishonchim komilki, o‘tayotgan ushbu sammit yangi tarixiy davrni boshlab beradi va o‘zaro munosabatlarning uzoq istiqbolga mo‘ljallangan strategik yo‘nalishlarini belgilab olishga xizmat qiladi.

Hurmatli hamkasblar!

Iqtisodiy, intellektual, resurs va texnologik yo‘nalishlarda ulkan salohiyatga ega bo‘lgan Shanxay hamkorlik tashkiloti xalqaro maydonda o‘z ta’sirini izchil kengaytirib bormoqda. Global noaniqlik kuzatilayotgan hozirgi sharoitda bu muhim ahamiyatga egadir.

Ishonchning tizimli inqirozi, mojarolarning kengayib borayotgani, ko‘p tomonlama institutlarning zaiflashishi va jahon savdo tizimining parchalanishi xalqaro xavfsizlik va barqarorlik arxitekturasi asoslariga putur yetkazmoqda. Bunday sharoitda ShHT davlatlarining bir-birini o‘zaro tushunishi va birdamligi – bu faqat qimmatli boylik emas, balki bizning bepoyon mintaqamizda tinchlikni saqlashning kalitidir.

Ayniqsa, ShHT teng huquqli muloqot, o‘zaro hurmat va sheriklik makoni bo‘lib qolayotgani muhim. Aynan shu jihat manfaatlar muvozanatini ta’minlash va zamonamizning eng murakkab xavf-xatarlariga birgalikda javob topish imkonini bermoqda.

ShHTning ovozi bizning umumiy siyosiy irodamiz ifodasi, tinch kelajak va barqaror taraqqiyot yo‘lidagi qat’iy sa’y-harakatlarga chorlovimiz sifatida yanada ishonchli va baralla yangrashi kerak, deb hisoblaymiz.

Ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha o‘z qarashlarimiz bilan o‘rtoqlashishni istar edim.

Eng avvalo, Tashkilotning samaradorligini oshirish, uning institutlari va qarorlarni amalga oshirish mexanizmlarini mustahkamlash zarur. Tashkilotni transformatsiya qilish bo‘yicha Samarqand sammitida boshlangan jarayonlar ushbu muhim vazifalarni hal etishga yordam beradi, deb ishonaman.

Biz Tashkilotning izchil kengayishi tarafdorimiz. Chunki «ShHT modeli»ning muvaffaqiyati uning ochiqligi va keng ko‘lamli hamkorlikka yo‘naltirilganidadir. Biz o‘z kelajagini ShHT bilan bog‘liq holda ko‘rayotgan davlatlarning intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.

ShHTning muloqot bo‘yicha sheriklari tarkibi, jumladan, boshqa mintaqa davlatlari hisobidan kengayib borayotgani Tashkilotni Global Janub mamlakatlari bilan hamkorlik platformasiga aylantirishga yordam beradi.

Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik – ShHTning hal qiluvchi ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bugungi kunda kelishilgan yondashuvlarga hamda ishonch va xavfsizlikni ta’minlashning yangi mexanizmlariga talab kuchayib bormoqda.

Yadro xavfsizligi yo‘lida ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha ShHT deklaratsiyasini qabul qilish vaqti keldi, deb hisoblaymiz. Ushbu deklaratsiya tinchlik yo‘lidagi atomni rivojlantirish va favqulodda holatlarga javob qaytarishning mustahkam asosiga aylanadi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligidagi tarqatmaslik global rejimiga munosib hissa bo‘ladi.

Terrorizm va ekstremizmning tabiati sezilarli ravishda o‘zgarayotgani, kiberjinoyatchilik, sintetik narkotiklar ishlab chiqarish va aylanmasi o‘sib borayotgani, uyushgan jinoyatchilik kuchayayotgani munosabati bilan bildirilayotgan xavotirlarga qo‘shilamiz.

Ushbu tahdidlarga qarshi samarali kurashish maqsadida Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlari kengashi ishini qayta tiklash, Jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni qayta ko‘rib chiqish, Giyohvandlikka qaram bo‘lib qolishga qarshi kurashishning 2030 yilga qadar mo‘ljallangan dasturini ishlab chiqishni taklif etamiz.

«ShHT – Afg‘oniston» muloqot guruhi faoliyati qayta tiklanishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Konstruktiv muloqotlarni rivojlantirish va Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish uning asosiy vazifalaridan biri bo‘lishi mumkin.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan hozirgi tendensiyalarni hisobga olib, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz.

Biz keng mintaqamizda iqtisodiy hamkorlikning barqaror modellarini shakllantirish tarafdorimiz.

ShHT makonida mintaqaviy ichki mahsulot ayirboshlash hajmini oshirishga turtki beradigan Savdoni soddalashtirish tartib-taomillari to‘g‘risidagi bitim imzolanishini muhim vazifa, deb hisoblaymiz.

Ishonchli ishlab chiqarish-logistika zanjirlarini rivojlantirish va o‘zaro sarmoyalarni rag‘batlantirish zarur ekanini ta’kidlamoqchiman.

Shu munosabat bilan ShHT doirasida minerallarni qazib olish va chuqur qayta ishlashda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish maqsadida Strategik materiallar bo‘yicha ShHT mintaqaviy markazi, mamlakatlarimizda muvofiqlashtirilgan siyosat olib borish va «yashil» energetikani jadal rivojlantirish uchun ShHT Energetika konsorsiumi, startap va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilgari surish uchun Venchur kompaniyalari va jamg‘armalari tarmog‘i, mamlakatlarimiz mintaqalarini jalb qilgan holda, biznes bo‘yicha muloqotlarni yo‘lga qo‘yish va investitsiyalarni ilgari surish uchun Maxsus elektron portal kabi qator yangi ko‘p tomonlama platformalar va kooperatsiyani qo‘llab-quvvatlash vositalarini tashkil etishni taklif qilaman.

Mintaqaviy sanoat va infratuzilma loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning samarali vositalarini tezroq joriy etish muhim. Ushbu masalani vakolatli vazirlar darajasida yana bir bor ko‘rib chiqishni taklif etamiz.

Shimol – Janub va Sharq – G‘arb yo‘nalishlari bo‘yicha transport-tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish mamlakatlarimizning umumiy manfaatlariga javob beradi.

Markaziy Osiyo orqali Fors ko‘rfazi va Hind okeani portlariga chiqadigan janubiy yo‘nalishdagi yo‘laklarni rivojlantirish alohida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Biz «ShHT yagona transport makoni»ni shakllantirish va uni «Bir makon – bir yo‘l» strategik tashabbusi bilan bog‘lash bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun katta imkoniyatlarni ko‘rmoqdamiz. Bu yangi multimodal tarmoqlar, raqamli platformalar va «yashil» yo‘laklar yaratishni nazarda tutadi. Bu borada tegishli ko‘p tomonlama konsepsiyani ishlab chiqishni taklif etamiz.

Yana bir ustuvor yo‘nalish – ShHTning «yashil» transformatsiya sohasidagi hamkorligini kengaytirish. Xitoy tomonining tashabbusi bilan «Yashil» sanoat sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bayonot o‘z vaqtida qabul qilinmoqda, deb hisoblayman.

Shuningdek, iqlim o‘zgarishiga moslashish, havoga zaharli gazlarni chiqarishni kamaytirish, ekologik xavf-xatarlarni bashorat qilish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalari bo‘yicha mintaqaviy platformani ishga tushirish zarur.

Madaniy aloqalarni yanada chuqurlashtirish va xalq diplomatiyasi institutini kuchaytirish ShHT doirasidagi uzoq muddatli sheriklikning muhim omili hisoblanadi.

Xalq ijodiyoti xalqaro festivallarini o‘tkazish, «ShHT universiteti» sheriklik tarmog‘ining onlayn kampusini yaratish, innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha har yili talabalar va yosh mutaxassislar o‘rtasida tanlov va olimpiadalar tashkil etish gumanitar almashuvlarni rivojlantirish va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga kuchli turtki berishi mumkin.

Bundan tashqari, «Sayyohlik yo‘lagi» va ShHT tibbiyot turizmi alyansini ishga tushirish kabi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqishni taklif etamiz.

Hurmatli hamkasblar!

Fursatdan foydalanib, Qirg‘iziston Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislikni qabul qilgani munosabati bilan Sadir Nurg‘ojoyevichni tabriklab, Sizga bu borada ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Nutqimning yakunida bugun qabul qilinayotgan Tyanszin deklaratsiyasi, ShHTni 2035-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi va boshqa yakuniy hujjatlar ko‘pqirrali hamkorligimizni kengaytirish va zamonaviy tahdidlarga samarali yechimlar topishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonch bildiraman.

Biz ShHT doirasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro foydali hamkorlikni mustahkamlash borasidagi umumiy vazifalarni hal qilish uchun ishlarni birgalikda davom ettirishga tayyormiz.

E’tiboringiz uchun rahmat.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Siyosat

Шавкат Мирзиёев Бишкекда кутиб олинди

Published

on


Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёев Шанхай ҳамкорлик ташкилотига аъзо давлатлар раҳбарлари кенгашининг навбатдаги йиғилиши ҳамда «ШҲТ плюс» форматидаги учрашувда иштирок этиш учун Бишкек шаҳрига келди.

«Манас» халқаро аэропортида давлатимиз раҳбарини Қирғиз Республикаси Вазирлар Маҳкамаси Раиси – Президент Администрацияси раҳбари Адилбек Қасималиев ва бошқа расмийлар кутиб олди.

Бугун Ўзбекистон Президенти қатор икки томонлама учрашувлар ўтказади ҳамда VI Бутунжаҳон кўчманчилар ўйинларининг очилиш маросимида иштирок этади.



Source link

Continue Reading

Siyosat

Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi

Published

on


Bishkek shahrida o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Xitoy yetakchisiga O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yo‘llagan samimiy tabrigi hamda O‘zbekiston – Xitoy ko‘p qirrali munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.

Kelgusi yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 35 yil to‘ladi. Ushbu qutlug‘ sanani keng nishonlash bo‘yicha tadbirlar dasturini tayyorlash taklif etildi.

So‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Barcha darajalarda aloqalar izchil mustahkamlanib, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlik rivojlanmoqda, madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.

Tomonlar tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi tizimli strategik muloqotni davom ettirish va parlamentlararo aloqalarni yanada chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladilar. O‘zbekiston “yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi qat’iy kurashni doimiy qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 18 milliard dollarga yaqinlashdi. Kelgusida uning yanada o‘sishiga ishonch bildirildi.

Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha yangi marrani belgilash taklif etildi. Shu maqsadda sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hamda O‘zbekiston korxonalarining Xitoyda o‘tkaziladigan savdo ko‘rgazmalarida faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar davom ettiriladi.

Amaldagi qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli qariyb 60 milliard dollarni tashkil etmoqda. O‘zbekistonda 6 mingdan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.

Energetika, kimyo sanoati, metallurgiya, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, transport va infratuzilma, qishloq xo‘jaligi hamda yuqori texnologiyalar sohalarida sanoat kooperatsiyasining istiqbolli yo‘nalishlari belgilandi. Raqamli iqtisodiyot, tog‘-kon sanoati, mineral resurslarni o‘zlashtirish va qayta ishlash sohalaridagi “o‘sish nuqtalari” kengaytiriladi.

Texnologik sheriklikning yorqin namunasi sifatida “BYD” kompaniyasi bilan elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qayd etildi. Ishlab chiqarish quvvatlari va mahalliylashtirish darajasini oshirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Xitoy kompaniyalariga O‘zbekiston hududlaridagi qo‘shma sanoat zonalarida ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilishda yanada faol ishtirok etish taklif qilindi.

Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish va ularning mamlakatimizdagi loyihalardagi ishtirokini kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Energetika sohasidagi hamkorlik yuqori baholandi. O‘zbekiston an’anaviy va muqobil energetika sohalaridagi sheriklikni kengaytirish hamda Xitoy kompaniyalarini tinch atom loyihalariga jalb etishdan manfaatdor.

Hududlararo almashinuvlar faol rivojlanmoqda. O‘zbekistonning barcha viloyatlari Xitoy provinsiyalari bilan faol hamkorlik qilib, ko‘pgina qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda. May oyida Sian shahrida uchinchi Hududlar forumi bo‘lib o‘tdi.

Transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” strategik temir yo‘lini qurish ishlari samarali davom ettirilmoqda. Mazkur yo‘nalish Yevroosiyo transport ekotizimining muhim bo‘g‘iniga aylanishi hamda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yanada kuchaytirishiga ishonch bildirildi.

Muzokaralar davomida turizm va gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Vizasiz tartib amal qilmoqda, ikki mamlakat shaharlari o‘rtasidagi aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish va parvozlar sonini ko‘paytirish rejalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Xitoy madaniyat markazlarini ochish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Yil yakuniga qadar Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. 2027-2029-yillarga mo‘ljallangan madaniy tadbirlar dasturini qabul qilish taklif etildi.

Ilm-fan, ta’lim va kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlik muntazamlik kasb etgan. “Lu Ban ustaxonalari” va Konfutsiy institutlari faoliyati hamda hududlarda qo‘shma ta’lim loyihalarini rivojlantirish ishlari davom ettiriladi.

Xitoy tilini o‘rganishni, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ta’lim dasturlarini yanada kengaytirish hamda yurtimiz yoshlarining Xitoyda tahsil olishi uchun kvotalarni oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Kosmosni o‘zlashtirish hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida qayd etildi.

“Xitoy – Markaziy Osiyo” formatidagi mintaqaviy sheriklikni yanada chuqurlashtirish va uning kelgusi yilda Xitoyda bo‘lib o‘tadigan uchinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Prezidenti Xitoy Raisini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi. Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va do‘stlik ruhida o‘tdi.



Source link

Continue Reading

Siyosat

O‘zbekiston prezidenti BMT Bosh kotibi bilan uchrashdi

Published

on


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkek shahrida o‘tayotgan ShHT sammiti tadbirlari doirasida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat avvalida BMT Bosh kotibi davlatimiz rahbari va O‘zbekiston xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

BMT va uning institutlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Antoniu Guterrishning O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan shaxsiy hissasini yuqori baholadi. Bosh kotibning tashkilot tizimini isloh qilishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Faol muloqot va o‘zaro tashriflar hamda O‘zbekistonning BMTning saylanadigan organlari faoliyatidagi ishtiroki kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. So‘nggi yillarda mamlakatimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 15 ta rezolyusiyasi qabul qilindi.

Antoniu Guterrish O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda katta yutuqlarga erishayotganini olqishladi. Bu boradagi hamkorlikni yanada faol davom ettirishga tayyorlik tasdiqlandi.

Suhbat davomida xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.



Source link

Continue Reading

Siyosat

Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi

Published

on


Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Pokistonni Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislikni qabul qilayotgani bilan samimiy tabrikladi.

Joriy yilning fevral oyida Islomobodga amalga oshirilgan tarixiy tashrif va bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar munosabatlarimizni yangi sifat bosqichiga ko‘targani alohida qayd etildi.

Muloqot davomida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika bo‘yicha hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish borasida fikr almashildi.

Uchrashuvda hududlararo hamkorlik va gumanitar yo‘nalishdagi aloqalarni rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Xususan, joriy yilda Xiva shahrida Hududlararo forum o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani hamda Pokistonda O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlarini tashkil etish rejalashtirilayotgani qayd etildi.

To‘qimachilik, tibbiyot, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va boshqa muhim sohalardagi loyihalarni jadallashtirish maqsadida qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.



Source link

Continue Reading

Siyosat

Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi

Published

on


Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Xitoy tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi. 

Mirziyoyeva Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, XKP MQ Tashqi ishlar bo‘yicha komissiyasi devoni rahbari, Xitoy tashqi ishlar vaziri janob Van I bilan uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda o‘tganini bildirgan. 

​O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik yangi bosqichga ko‘tarilib, keng imkoniyatlar eshiklari ochilmoqda. Shu nuqtai nazardan savdo, iqtisodiyot, investitsiya va madaniy aloqalar kabi ustuvor yo‘nalishlardagi munosabatlar rivojini muhokama qilish alohida ahamiyat kasb etdi.

​Suhbat chog‘ida tomonlar global masalalar bo‘yicha umumiy qarashlarni shakllantirishga alohida to‘xtaldi.

Saida Mirziyoyeva Van Iga iliq va mazmunli suhbat uchun minnatdorlik bildirdi. 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.