Siyosat
«Ozarbayjon – Turkmaniston – O‘zbekiston» formatidagi muzokara ham bo‘lib o‘tdi
«Avaza» milliy turizm zonasida Prezident Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, energetika va gumanitar sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida Gurbanguli Berdimuhamedovni avgust oyi boshida BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan yana bir bor samimiy tabrikladi.
O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyevni yaqinda Vashington shahrida Armaniston bilan tinchlik deklaratsiyasi imzolangani bilan ham dildan qiladi.
Davlatimiz rahbari ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator aniq takliflarni bildirdi.
Uch davlatning ulkan tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish muhimligi qayd etildi.
Amaldagi va istiqbolli yo‘laklarning tutashuvi Xitoyni mamlakatlarimiz hududlari orqali Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa bilan bog‘laydigan barqaror va samarali transqit’aviy yo‘nalishni shakllantirish imkonini berishiga ishonch bildirildi.
Hozirgi kunda Xitoy-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlangan. Bundan tashqari, yaqinda Pokiston va Afg‘oniston bilan Transafg‘on yo‘lagini qurish loyihasi bo‘yicha memorandum imzolandi.
Yangi yuk oqimlari, eng avvalo, Ozarbayjon, Turkmaniston va O‘zbekiston infratuzilmasidan samarali foydalanishni ta’minlashi qayd etildi.
O‘rta marshrutni, shu jumladan Zangezur yo‘lagini rivojlantirish borasidagi rejalar ham qo‘llab-quvvatlandi.
Eng muhim masalalarni birgalikda ekspertlar darajasida ishlab chiqishga kirishish taklif qilindi.
Bu – o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish, shu jumladan Turkmanboshi va Boku portlarida zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish, kelishilgan tarif siyosatini yuritish, tartib-taomillarni raqamlashtirish va yuklar nazoratini ta’minlash masalalaridir.
O‘zbekiston asosiy bozorlarga biznes uchun eng qisqa va manfaatli chiqishni ta’minlash maqsadida yuk tashish tariflarini o‘zaro asosda pasaytirishga tayyorligi bildirildi.
Bundan tashqari, sa’y-harakatlarni birlashtirish logistika infratuzilmasini rivojlantirishda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan donor davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan pragmatik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini berishi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Kaspiy dengizi orqali yuklarni tashish uchun o‘z parom quvvatlarini yaratishdan manfaatdorligi bildirildi.
Energetika xavfsizligini ta’minlash maqsadida kooperatsiyani chuqurlashtirish va energiya resurslarini uchinchi mamlakatlarga eksport qilish yo‘laklarini rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Bu borada Yevropaga «yashil» energiya yetkazib berishni tashkil etish loyihasi istiqbolli ekani ta’kidlandi.
An’anaviy uglevodorodlar borasida Kaspiy shelfida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va konlarni o‘zlashtirish sohasida hamkorlik istiqbollarini o‘rganish taklif etildi.
Tovar ayirboshlashni va sanoat kooperatsiyasi ko‘lamini tubdan oshirish yana bir ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning Turkmaniston va Ozarbayjon bilan o‘zaro savdo hajmi 2 barobarga oshdi. Tovar ayirboshlash tarkibida sanoat mahsulotlarining ulushi 40 foizga yetdi.
Barqaror savdo-logistika zanjirlarini rivojlantirish, ulgurji-taqsimot markazlarini tashkil etish va yirik savdo tarmoqlariga chiqish, fitosanitariya va karantin talablarini unifikatsiya qilish, mahsulotlarni raqamli markirovkalashni joriy qilish, qo‘shma elektron platformalarni ishga tushirish va tovar-xomashyo birjalari kooperatsiyasini kengaytirishni nazarda tutadigan kompleks harakatlar rejasini birgalikda tayyorlash taklif qilindi.
Savdo-sanoat palatalari shafeligida ko‘rgazma-yarmarka tadbirlari va ishbilarmonlik uchrashuvlarini o‘tkazish orqali uch mamlakat hududlarini ushbu jarayonlarga faol jalb qilish taklif qilindi.
Gumanitar aloqalarni kengaytirish doirasida mamlakatlarimiz va uchinchi davlatlardan sayyohlar oqimini ko‘paytirish, xalqlarimizning boy madaniy merosi mushtarakligi, an’ana va urf-odatlari yaqinligini namoyish etish imkonini beradigan turizm va madaniy almashinuvlarning uch tomonlama dasturini qabul qilish taklif qilindi.
Yakunda davlatimiz rahbari ilgari surilgan tashabbuslar va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash, shuningdek, asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha vazirlarning qo‘shma uchrashuvlari mexanizmini ishga tushirishni taklif qildi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
-
Jamiyat5 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot13 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
