Iqtisodiyot
O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash choralari tasdiqlandi
Prezidentning «Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi majlisi doirasida erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi plenar yig‘ilishida ilgari surilgan tashabbuslarni tizimli amalga oshirishga qaratilgan.
Kengashga o‘zining faoliyati doirasida ishchi guruhlar tuzish va ular tarkibiga vazirlik va idora rahbarlari (xodimlari)ni jalb etish huquqi berildi.
Ishchi guruhlarning asosiy vazifalari:
har oyda kengash kotibiyati bilan hamkorlikda harakatlar rejasi doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan muhokamalar o‘tkazib borish;
investitsiya muhitini yaxshilash yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish.
Hujjatda investorlarning takliflarini amalga oshirish bo‘yicha harakatlar rejasi hamda kengashning o‘zbek tomonining yangilangan tarkibi tasdiqlandi.
Asosiy qarorlardan biri – kengash kotibiyatini xalqaro moliya institutlari ishtirokida nodavlat notijorat tashkilotiga aylantirishdir. Kotibiyat investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi, investitsiyalarni jalb qilishga yordam beradi va davlat organlari hamda xususiy sektor bilan hamkorlikni muvofiqlashtiradi. Faoliyat natijalari har chorakda prezident administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
Investitsiya jarayonlarini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Barcha muhim davlat xizmatlari va investitsiya loyihalari haqidagi ma’lumotlarni birlashtiruvchi «Yagona investitsiya platformasi» axborot tizimi joriy etilmoqda. Ma’lumotlarni joylashtirish va tizimlarni integratsiya qilish uchun vazirliklar, idoralar va davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalar rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi.
Qabul qilingan choralar investitsiya muhitini yaratish, xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash va investitsiyalar sohasida samarali raqamli yechimlarni joriy qilishga qaratilgan.
Iqtisodiyot
Rubl kursi keskin ko‘tarildi, yevro ham qimmatladi
Markaziy bank 2026-yil 25-martdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 3,94 so‘mga oshib, 12 196,00 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 144,78 so‘mga oshdi va 14 141,26 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 346,30 so‘m (+149,15).
Rossiya rubli 151,74 so‘m etib belgilandi (8,74).
Iqtisodiyot
Oltin keskin arzonlashdi. Sabab nima?
Mart oyining o‘rtalarida oltin ketma-ket to‘qqiz kun arzonlashdi va 1983 yildan beri eng yomon haftani o‘tkazdi. Yanvar oyining oxirida 5600 dollargacha ko‘tarilgan narxlar 4100 dollargacha pasaydi. Qimmatbaho metall narxining o‘zgarishi O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun juda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirgi ishlab chiqarish darajasi hisobga olinsa, yillik narxlarning o‘rtacha 100 dollarga qimmatlashishi oltin eksportidan keladigan daromadlarni taxminan 380 mln dollarga ko‘paytirishi mumkin.
Geosiyosiy vaziyatning yomonlashishi yoki iqtisodiy beqarorlik, masalan, urushlar, siyosiy yoki moliyaviy inqirozlar oltin narxini oshiradi. Shu sababdan so‘nggi yillarda qimmatbaho metall bahosi keskin qimmatlashdi. 2026 yilning 28 yanvar kuni narxlar 5608 dollargacha ko‘tarildi. Ammo mart oyining o‘rtalarida oltin ketma-ket to‘qqiz kun arzonlashdi va 1983 yildan beri eng yomon haftani o‘tkazdi. Sabab nima?
Oltin nega keskin arzonladi?
Yaqin Sharqdagi mojaroning kuchayishi fonida global miqyosida neft yetkazib berishda uzilishlar kuzatilyapti. Jahon neft eksportining qariyb beshdan bir qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kema qatnovi deyarli to‘xtab qoldi, bu esa yonilg‘i narxlarining ko‘tarilishiga sabab bo‘lyapti. Global inflatsiya kuchaydi. Natijada markaziy banklar, xususan, AQSh Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini pasaytirishni kechiktirishga majbur bo‘lyapti. Agar yirik markaziy banklar foiz stavkalarini yuqori darajada ushlab tursa yoki davlat obligatsiyalari bo‘yicha daromadlilik oshsa, sarmoyadorlar o‘z mablag‘larini foiz keltirmaydigan oltindan ko‘ra, kafolatlangan daromad keltiruvchi obligatsiyalarga yo‘naltirishni afzal ko‘rishadi.
Shuningdek, mart oyi boshidan beri dollar 2 foizga mustahkamlandi. AQSh dollari boshqa asosiy valutalarga nisbatan kuchayganda, oltin narxi odatda pasayadi. Dollar qanchalik qimmat bo‘lsa, boshqa valutada xarid qiluvchilar uchun oltin shunchalik qimmatga tushadi, bu esa global talabni susaytiradi.
Agar xalqaro maydondagi siyosiy va iqtisodiy ziddiyatlar, masalan, savdo urushlari yoki mintaqaviy mojarolar, qisman barqarorlashgan bo‘lganda ham investorlarda «xavfsizlik bandargohi»ga bo‘lgan ehtiyoj kamayadi. Bu esa xavfliroq, ammo daromadliroq bo‘lgan aksiyalar bozoriga kapital oqib yo‘naltirilishiga olib keladi.
Oltin narxining O‘zbekistonga ta’siri
Bir necha kun oldin Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari haqidagi ma’lumotlarni yangiladi. 1 mart holatiga ko‘ra, mamlakatning xalqaro aktivlari 77,1 mlrd dollargacha oshdi. Bu mutlaq rekord ko‘rsatkichdir. Zaxiralarning 67,6 mlrd dollari yoki qariyb 88 foiz qismi aynan oltin hissasiga to‘g‘ri kelgan. Taqqoslash uchun, 2025 yilning 1 yanvar holatida xalqaro aktivlar 41,2 mlrd dollar, uning tarkibida oltinning ulushi 32 mlrd dollar bo‘lgan. Ya’ni narxlarning qimmatlashishi hisobiga O‘zbekistonning oltin aktivlari 14 oy ichida 87 foizga yoki 35,9 mlrd dollarga ko‘paydi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi va uni eksport qiluvchi mamlakatlardan biridir. Xususan, 2022 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2023 yilda esa 8,2 mlrd dollarlik, 2024 yilda 7,5 mlrd dollarlik oltin sotilgan. 2025 yilda bu 9,9 mlrd dollargacha oshdi.
Agar yil davomida oltinning o‘rtacha narxi unsiyasi uchun 5000 dollarni tashkil etgan taqdirda O‘zbekiston 2026 yilda 18,9 mlrd dollarlik, 4500 dollarni tashkil qilgan taqdirda 17 mlrd dollarlik, 4000 dollarni tashkil etgan taqdirda esa 15,2 mlrd dollarlik qimmatbaho metall eksportini amalga oshirishi mumkin. Shu jihatdan narxlarning qimmatlashishi bevosita mamlakat budjet daromadlari va valuta kursining barqarorlashishiga katta ta’sir o‘tkazadi.
Ma’lumot uchun, 2025 yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda oltin qazib olishning yillik ko‘rsatkichi 118 tonnaga yetkazilishi aytilgandi.
Iqtisodiyot
Jizzaxda AES qurilishining beton quyish bosqichiga o‘tildi
“O‘zatom” va “Rosatom” rahbarlari O‘zbekistonda birinchi AESni qurish bo‘yicha yana ikkita hujjatni imzoladi. Forish tumanidagi qurilish maydonchasida yadroviy energoblok uchun beton quyish ishlari boshlandi. “Hal qiluvchi qadamni qo‘ydik”, dedi Azim Ahmadxo‘jayev. Ma’lum bo‘lishicha, tanlangan maydonda AES qurish uchun regulyator ruxsati ham olingan.
Foto: “O‘zatom” matbuot xizmati
Bugun, 24 mart kuni Jizzax viloyati Forish tumanidagi bo‘lajak atom elektr stansiyasi qurilish maydonchasida dastlabki beton ishlariga rasman start berildi. Shu kuni Rossiya tomoni bilan loyiha yuzasidan yangi hujjatlar ham imzolandi.
Hujjatlar imzolandi
“O‘zatom” va “Rosatom” o‘rtasida atom va unga yondosh sohalardagi hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” hamda O‘zbekistonda integratsiyalashgan AESni qurish bo‘yicha shartnomaga doir kelishuv imzolandi.
Hujjatni Toshkentdagi tadbirda “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev va “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov imzoladi.
Aleksey Lixachyov va Azim Ahmadxo‘jayev
“Yo‘l xaritasi” AES qurilishi loyihasini amalga oshirish bosqichlari, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, atom energetikasining jamoatchilik tomonidan qabul qilinishini ta’minlash, bo‘lajak atomchilar shaharchasi infratuzilmasini yaratish va sohani kompleks rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.
Stansiyaning yangilangan konfiguratsiyasini tasdiqlovchi kontraktga doir bitim esa 3+ avlodiga mansub VVER-1000 reaktorlariga ega ikkita energoblok hamda RITM-200N reaktorlariga ega ikkita energoblok (har biri 55 MVt) barpo etishni nazarda tutadi.
Stansiya to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, yiliga qariyb 15,4 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqaradi – bu O‘zbekistondagi umumiy elektr energiyasi iste’molining 15 foizidan ortig‘ini tashkil etadi, deyiladi rasmiy bayonotda.
Birinchi beton quyildi
24 mart kuni Forish tumanidagi qurilish maydonchasida RITM-200N reaktoriga ega kam quvvatli atom elektr stansiyasi energoblokini barpo etish doirasida dastlabki beton ishlarini boshlashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
Pavel Bezrukov va Abdijamil Kalmuratov
Marosim O‘zbekistonda AES qurilishi direksiyasi direktori Abdijamil Kalmuratov va “Atomstroeksport” AJ vitse-prezidenti – O‘zbekistonda AES qurilishi loyihasi direktori (“Rosatom” davlat korporatsiyasining muhandislik divizioni) Pavel Bezrukov ishtirokida o‘tdi.
Hozirgi vaqtda reaktor binosi ostiga beton asos tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu bosqichni 2026 yil aprel oyida yakunlash rejalashtirilgan. Jami 900 m³ ga yaqin beton qorishmasi yotqiziladi. Ishlar yakunida reaktor binosi poydevori uchun gidroizolyatsiya va yerga ulash tizimiga ega asos tayyorlanadi.
Regulyator ruxsat bergan
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi RITM-200N reaktor qurilmalariga ega ikkita AES energoblogini joylashtirish maydonidan foydalanish uchun “AES qurilishi direksiyasi” davlat korxonasiga ruxsatnoma bergan.
“Ekspertiza faol tektonik yoriqlar, yuqori seysmiklik zonalari yoki jadal karst hosil bo‘lish hududlari kabi AESning reaktor qurilmalariga ega ikkita energoblogini joylashtirishni taqiqlovchi omillar mavjud emasligini tasdiqladi. Ijobiy xulosa tanlangan maydonchaning yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik talablariga, ekologik me’yorlar hamda texnik standartlarga to‘liq mos kelishini namoyon etadi. Ushbu hujjat maydonchadan foydalanish uchun asosiy hujjat bo‘lib, har qanday AESning hayotiy siklidagi eng muhim bosqichlardan biri hisoblanadi”, – deyiladi “O‘zatom” axborotida.
“Hal qiluvchi qadamni qo‘ydik” – Azim Ahmadxo‘jayev
“Bugun O‘zbekiston kelajagi uchun yana bir muhim kun – biz zamonaviy atom energiyasini yaratish bo‘yicha milliy dasturni amalga oshirishda hal qiluvchi qadam qo‘ydik. Jizzax viloyati Forish tumanidagi qurilish maydonida RITM-200N reaktori o‘rnatilgan kichik quvvatli energoblokni barpo etish bo‘yicha birinchi beton ishlari tantanali ravishda boshlandi.
Ushbu loyiha, mamlakat energiya mustaqilligi va barqaror o‘sishining asosiy yo‘nalishi sifatida atom sanoatini rivojlantirishni shaxsan qo‘llab-quvvatlayotgan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning qat’iy nazoratlari ostida amalga oshirilmoqda. Jadval va eng yuqori xavfsizlik standartlariga qat’iy rioya qilgan holda, biz bosqichma-bosqich oldinga ketyapmiz: bu ishlar o‘z ichiga beton tayyorgarligidan, reaktor binosini qurishgacha, uskunalarni o‘rnatishdan toki energiya bloklarini ishga tushirishgacha bo‘lgan ishlarni o‘z ichiga oladi”, – dedi “O‘zatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayev jurnalistlarga bergan izohida.
Iqtisodiyot
Naqdsiz tizimga o‘tishda kartani to‘ldirish komissiyasi bekor qilinishi kerak
1 apreldan boshlab, cho‘ntagida puli bor, lekin kartasida yo‘q odam rasman olib qaraganda mashinasiga benzin yo gaz quyolmaydi. Iqtisodchi Otabek Bakirov, iste’molchilar manfaatidan kelib chiqib, hech bo‘lmasa o‘tish davrida bank kartalarini to‘ldirish uchun komissiyalarni nollashtirishga chaqirdi.
Otabek Bakirov / Foto: Kun.uz
Bakirovga ko‘ra, bunday tashabbusni Markaziy bank ilgari surishi maqsadga muvofiq.
“Kartalarga va kartalarni naqd pul bilan to‘ldirishga bog‘liq bo‘lgan hamma komissiyalar nollashtirilishi kerak, hech bo‘lmaganda o‘tish davri uchun. Buni tijorat banklari yoki to‘lov tashkilotlari o‘zlarining ixtiyori bilan qilmaydi, chunki buyoqda to‘lov tizimlari belgilab qo‘ygan komissiyalar bor-da. Shu yerda regulyator maydonga chiqishi kerak. “O‘rtoqlar, 1 apreldan boshlab naqdsiz hisob-kitobga o‘tyapmiz, kirim bilan bog‘liq bo‘lgan hamma komissiyalar bekor bo‘ladi, chiqim bilan bog‘liq komissiyalarni bozor asosida amalga oshiraverasizlar”, degan qandaydir ishorani kutyapman, misol uchun-da.
Agar biz tranzaksion xarajatlar, ya’ni komissiyalarni nazarda tutyapman, tartibga solmasak, teskari effekt beradi. Ma’lum muddat bitimlar amalga oshirilmasligi mumkin. Yoki, avtomobillar bilan ko‘p yuz beradi: oldi-sotdi qilinmaydi-da, ishonchnoma asosida bitim amalga oshiriladi. Teskari effekt beradi, xalq, iste’molchilar baribir yo‘lini topishga harakat qiladi. Vaqti keldi shu choralar haqida o‘ylashga. Regulyatsiya haqida o‘ylashga. Bu regulyatsiya aytganimdek, zanjirni – to‘lov tizimi, to‘lov tashkiloti, banklar bilan bog‘liq hamma jarayonlarni qamrab olishi kerak”, – deydi u Kun.uz studiyasidagi suhbatda.
Bank sohasi mutaxassisining qayd etishicha, avtomobil va ko‘chmas mulk oldi-sotdisi to‘liq naqdsiz shaklga o‘tkazilishi – aslida tijorat banklari uchun imkoniyat.
“Bugun avtomobil yoki uy-joylarning 5 foizi yoki 10 foizi – kredit asosida olinganlari banklar orqali o‘tyapti. Endi tasavvur qiling, yuz foiz o‘tadigan bo‘lsa, karrasiga oshadimi ularning hajmi? Banklar ham o‘z-o‘zidan tushunib yetadiki, endi komissiyalarimni kamaytirsam ham o‘sha daromadni olar ekanman degan narsa paydo bo‘ladi. Buni hali ko‘pchilik tushunib yetgani yo‘q. Banklarning daromadi kamayib qolmasmikan degan xavotir bor. Yo‘q, daromadi kamaymaydi. Sabab – hajm karrasiga oshadi”, – deydi Otabek Bakirov.
“Mana bugun, ilg‘or banklarimizdan biri aksiya sifatida e’lon qilyapti: bizning kartalarimizga naqd pul solsangiz 2 foiz komissiya. Bu aksiya ekan, tushunyapsizmi? Ularning nazarida 2 foiz bilan karta to‘ldirishimiz mumkin ekan deb, chopib borishimiz kerak”, – deya qo‘shimcha qiladi u.
“Banklar pulni saqlab qolish uchun jozibador takliflar bera boshlaydi” – Ismoil Turopov
Suhbatda ishtirok etgan bank sohasining yana bir mutaxassisi Ismoil Turopovga ko‘ra, naqd pulni naqdsiz shaklga o‘tkazish komissiyalarini minimallashtirish orqali banklar mijoz jalb qilib, kirim qilingan mablag‘larni bank tizimida saqlab qolishga harakat qilishi mumkin.
“Odamlarni boshida o‘rgatib olish uchun, “kartada saqlayverasan, sendan hech narsa ketmaydi” degan g‘oya bilan targ‘ibot olib borilsa, pul, birinchidan, bank tizimiga kirib oladi. Ikkinchidan, mijozning pulini bankda saqlab qolish uchun ham banklar kurashadi. Siz kirim qilingan pulni bankomatdan yechsangiz, foiz oladi. Bank aytadiki, bizga omonatga qo‘y, deydi yoki boshqa biror mahsulot taklif qiladi. Ya’ni bank pulni o‘zida saqlab qolishga harakat qiladi.
To‘lov tizimining o‘zi xizmat ko‘rsatuvchi sifatida chiquvchi operatsiyalardan daromad olaverishi kerak. Chunki kiruvchi mablag‘ kirganidan keyin baribir chiqib ketadi. Pul kirdimi – Uzcard’gami, Humo’gami – u qachondir chiqib ketadi: P2P bo‘libmi, naqd pul ko‘rinishidami. Hammasiga komissiya bor. Supermarketga borib 1 mln so‘mga savdo qilsangiz, kartangizdan to‘lagan pulingizning ma’lum qismi do‘kon egasidan komissiyaga ketadi – karta chiqarganga, terminal chiqargan bankka, karta operatori – Uzcard va Humo’ga ham. Ular shundoq ham daromad olyapti. Barcha chiquvchilardan daromad olinyaptimi, demak kirim qilishni nollashtirish, imtiyoz berishni o‘ylab ko‘rish kerak”, – deydi Ismoil Turopov.
1 apreldan nima o‘zgaradi?
Prezident farmoniga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan boshlab quyidagilar uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi:
davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar;
alkogol va tamaki mahsulotlari;
transportlarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transportlarni zaryadlash bo‘yicha xizmatlar;
qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar;
ko‘chmas mulk obektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.
O‘tgan hafta Markaziy bank 1 apreldan boshlab ko‘chmas mulk va avtomobil oldi-sotdisidan davlat banklari undirishi mumkin bo‘lgan komissiyaning maksimal chegarasini e’lon qildi:
Ko‘chmas mulk bo‘yicha: komissiya bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan oshmaydi (ya’ni 206 000 so‘mgacha).
Avtotransport vositalari bo‘yicha: komissiya bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizidan oshmaydi (ya’ni 103 000 so‘mgacha).
Muhim jihat: agar xaridor va sotuvchiga bitta bankda xizmat ko‘rsatiladigan bo‘lsa, komissiya faqat bir marta olinadi.
Agar xaridor va sotuvchining banklari boshqa-boshqa bo‘lsa, har bir bank komissiyaning yarmidan oshmagan qismini oladi.
Agar bitim amalga oshmasa yoki bekor qilinsa, eskrou hisobvarag‘idagi mablag‘ xaridorga qaytariladi.
Iqtisodiyot
Neft bozoridagi keskinlik Rossiyaga milliardlab dollar keltirishi mumkin
AQSh Moliya vazirligi tahliliga ko‘ra, Erondagi urush fonida neft sotishdan Rossiya oladigan qo‘shimcha maksimal daromad 2 milliard dollarga yetadi.
AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi tufayli jahonda energiya resurslari narxlari o‘sishi ortidan Rossiyaning neft sotishdan qo‘shimcha daromadi 2 milliard dollargacha yetishi mumkin. Bu haqda 22 mart, yakshanba kuni AQSh moliya vaziri Skott Bessent NBC News telekanalidagi Meet the Press dasturiga bergan intervyusida ma’lum qildi. Siyosatchi o‘z so‘zlarida AQSh Moliya vazirligi tahlili natijalariga tayandi. Bu bayonot NBC intervyusi haqidagi boshqa xabarlarda ham qayd etilgan.
Bessentning tushuntirishicha, Vashington tomonidan avvalroq e’lon qilingan Rossiya va Eron neftiga nisbatan sanksiyalarni vaqtincha va qisman yumshatish boshqa davlatlarga, faqat Xitoy emas, balki Yaponiya va Janubiy Koreyaga ham bu neftni sotib olish imkonini beradi. Uning aytishicha, Donald Tramp ma’muriyati shu yo‘l bilan neft narxi barreli 150 dollargacha sakrab ketishining oldini olishni, shu bilan birga Eron va Rossiya qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan umumiy daromadni kamaytirishni istamoqda. Tramp ma’muriyatining Eron bo‘yicha besh kunlik kechiktirish qarori va neft bozoridagi keskin o‘zgarishlar haqida ham shu kunlarda xabar qilingan.
Mart oyi boshida AQSh hukumati Eron va Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarni 30 kunga yumshatib, agar bu neft dengizda bo‘lsa, uni sotib olishga ruxsat bergan edi. Bu choralarning maqsadi Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yishi ortidan energiya narxlarining keskin o‘sishiga qarshi kurashishdan iborat bo‘lgan. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishi jahon neft va gaz bozori uchun katta xatarga aylangani haqida Reuters, AP va The Washington Post ham yozgan.
Rossiya energetika resurslarini cheklovlardan vaqtincha qisman chiqarishga qarshi chiqqanlar orasida Germaniya kansleri Fridrix Mers, mudofaa vaziri Boris Pistorius va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham borligi aytilmoqda. Bu pozitsiyalar DW matnida keltirilgan.
Shu intervyuning o‘zida Bessent AQSh hukumatida Eron bilan urushni moliyalashtirish uchun “yetarlicha pul” borligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat kelajakda qurolli kuchlarni to‘liq ta’minlash uchun Kongressdan qo‘shimcha mablag‘ ajratishni so‘ragan. Vazir harbiy harakatlarni moliyalashtirish uchun soliqlarni oshirish ehtimolini ham istisno qildi. Pentagonning 200 milliard dollardan ortiq qo‘shimcha mablag‘ so‘rashi haqida Reuters va AP mustaqil ravishda xabar bergan.
Bundan oldin The Washington Post gazetasi manbalariga tayanib, Pentagon Oq uyni urushni moliyalashtirish uchun Kongressdan 200 milliard dollardan ortiq qo‘shimcha mablag‘ so‘rashga chaqirganini yozgan edi. Reuters bu haqda 18 mart kuni, AP esa 19 mart kuni alohida xabar bergan. Bessent esa mazkur summa to‘g‘ri ekanini tasdiqlamadi va Senat hamda Vakillar palatasiga rasmiy so‘rov hali yuborilmaganini ta’kidladi.
AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset ham avvalroq qo‘shimcha mablag‘lar “allaqachon amalga oshirilgan ishlar”ni va “kelajakda qilinishi mumkin bo‘lgan harakatlar”ni lozim darajada moliyalashtirish uchun kerakligini aytgan.
-
Dunyodan5 days ago
Isroil Livan janubida quruqlikdan operatsiya boshladi
-
Jamiyat4 days agoChilonzorda Al-Xorazmiy ko‘chasining bir qismi yopiladi
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari bir-birlarini tabrikladilar
-
Jamiyat4 days agoToshkentda bayram kunlari jamoat transporti uchun maxsus jadval joriy etildi
-
Mahalliy5 days agoRo‘zadan keyin 90 foiz odamlar yo‘l qo‘yadigan xato
-
Jamiyat4 days agoCoca-Cola O‘zbekistonda Ramazon oyida bir qator xayriya tashabbuslarini amalga oshirdi
-
Jamiyat3 days agoImom Buxoriy masjid-majmuasida ilk hayit namozi o‘qildi (foto)
-
Iqtisodiyot5 days ago
Xizmatlar bozorining qariyb 40 foizi Toshkentda — statistika
