Jamiyat
9 yoshli qizga jinsiy zo‘ravonlik qilgan o‘gay ota 14 yil 5 oyga qamaldi
Kun.uz 9 yoshli qiz yillar davomida o‘gay otasi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragani haqida material e’lon qilgan edi. Jabrlanuvchining onasi tahririyatga murojaatida qiziga tergovda bosim bo‘lgani, «ukalaring ko‘chada qoladi» degan gaplar bilan qo‘rqitilganini aytgan. O‘gay ota «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi xodimi bo‘lgan.
Sud hukmiga ko‘ra, voqea sodir bo‘lgan paytda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazida ishlagan A.A. Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «v», «g» bandlari hamda 119-moddasi 4-qismi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 14 yil 5 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, mahkum davlat idoralarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan ham mahrum etildi. U jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.
Eslatib o‘tamiz, Kun.uz’ga murojaat qilgan jabrlanuvchining onasi qizi nafaqat yillar davomida jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lganini, balki tergov jarayonida ham unga ruhiy bosim o‘tkazilganini iddao qilgan edi. Tergovda qizaloqqa «ukalaring ko‘chada qoladi» degan mazmunda gaplar aytilgan. Ona bu holat bolaning ruhiy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatganini bildirgan va ish yuzasidan xolis tergov o‘tkazilishini so‘ragan edi.
Ishning jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan jihatlardan biri – sudlangan shaxs «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazida faoliyat yuritgan. «Inson» markazlari aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, bolalar, ayollar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi davlat tashkiloti hisoblanadi.
Oliy sud axborot xizmatiga ko‘ra, birinchi instansiya sudi hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatlarda Toshkent viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya tartibida shikoyat berish huquqiga ega.