Jamiyat
819 mln so‘mlik oltinni chegaradan yashirincha olib o‘tishga uringanlar ushlandi
“Do‘stlik” chegara bojxona posti orqali Qirg‘izistonga 819 mln so‘mlik oltin quymalarni yashirincha olib chiqmoqchi bo‘lgan ayol va uning qizi to‘xtatib qolindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda bojxona idoralari xodimlari hamkorligida tovar-moddiy boyliklarning mamlakat hududidan noqonuniy olib chiqilishining oldini olishga qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Baliqchi tumanida yashovchi 1985 yilda tug‘ilgan ayol hamda uning 2006 yilda tug‘ilgan qizi nostandart shakldagi 7 dona, jami 473 gramm oltin quymalarni kiyimlari ostiga yashirgan holda Xo‘jaobod tumanidagi “Do‘stlik” chegara bojxona posti orqali olib o‘tishga uringan vaqtida ushlangan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 182-moddasi (bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelinsa, Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin. Shaxsning sir saqlanishi kafolatlanadi.