Jamiyat

8 tilni biladigan 25 yoshli Hojimurod hikoyasi

Published

on


Surxondaryolik Hojimurod Shoymardonov yetti yildan beri xorijda yashab, turli mamlakatlarda ishlab kelmoqda. Rossiyadan Bolgariyagacha, Turkiyadan Malayziyagacha bo‘lgan ish tajribasi unga xizmat ko‘rsatish sohasi, mehnat migratsiyasi va ta’lim haqida o‘z qarashlarini shakllantirish imkonini bergan. Kun.uz muxbiri suhbatda u chet yeldagi hayotning past-balandliklari va Malayziyadagi faoliyati haqida gapirib berdi.

Bugun minglab o‘zbekistonliklar xorijga yaxshi daromad izlab ketmoqda. Kimdir qurilishda, kimdir ishlab chiqarish, yana kimdir xizmat ko‘rsatish sohasida mehnat qiladi. Ammo ko‘p hollarda odamlar faqat topilgan pulni ko‘radi. O‘sha mablag‘ ortidagi mas’uliyat, ruhiy bosim va tajriba zaruriyati ko‘zga tashlanmaydi. Hojimurodning hikoyasi esa ana shunday qarashlarni biroz o‘zgartirishi mumkin.

Surxondaryo viloyati Boysun tumanida tug‘ilgan 25 yoshli Hojimurod maktabni tamomlagach oliy ta’limga kira olmaydi. Bir muddat san’at yo‘nalishida faoliyat yuritib, ovozlashtirish ishlari bilan shug‘ullanadi. Biroq uning aytishicha, mazkur sohada o‘sha paytda barqaror daromad topish qiyin bo‘lgan.

“San’atga qiziqishim kuchli edi, dublyaj bilan shug‘ullanardim. Ammo vaqt o‘tgani sari faqat qiziqish bilan yashab bo‘lmasligini tushundim. Oilaga tayanch bo‘lish, barqaror daromad topish kerak edi. Shu sabab o‘zimni boshqa sohada sinab ko‘rishni boshladim”, – deydi u.

Shundan so‘ng, Hojimurod o‘zi qiziqqan boshqa yo‘nalishda ishlashni boshlaydi. Ammo mahalliy mehnat bozoridagi maoshlar uning kutilmalariga javob bermaydi. Oqibatda xorijda ishlashga qaror qiladi. Ilk manzili Rossiya bo‘ladi. Dastlab oddiy ishchi sifatida mehnat qilgan Hojimurod rus tilini yaxshi bilgani tufayli keyinchalik logistika kompaniyasiga ishga taklif etiladi.

“Dastlab boshqa migrantlar singari oddiy jismoniy mehnatdan boshladim. O‘sha davr menga intizom va mas’uliyatning ahamiyatini o‘rgatdi. Ish jarayonida rus tilini erkin bilishim e’tiborga tushdi va ko‘p o‘tmay logistika kompaniyasidan taklif oldim. Bu yerda hujjatlar bilan ishlash, yuk tashish zanjirini muvofiqlashtirish, turli millat vakillari bilan muloqot qilish kabi vazifalarni bajardim. O‘shanda bir narsani aniq angladim: xorijda faqat mehnatkash bo‘lishning o‘zi yetarli emas, til bilish va yangi ko‘nikmalarni egallash insonni oddiy ishchidan mutaxassis darajasiga olib chiqadigan eng muhim omillardan biri ekan”, – deydi u.

Rossiyadagi faoliyatidan so‘ng, Hojimurod Bolgariya, Ozarboyjon, BAA va Turkiyada ham ishlab, turli sohalarda tajriba orttiradi. Bugun esa Malayziyada xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritmoqda. Uning aytishicha, turli mamlakatlarda ishlash kasbiy tajriba bilan bir qatorda, odamlar, madaniyat va mehnatga bo‘lgan munosabatni chuqurroq anglash imkonini ham bergan.

Hozirda Hojimurod o‘zbek, rus, tojik, arab, fors, ingliz, hind va urdu tillarida erkin muloqot qila oladi. Biroq bu qobiliyat bir kunda shakllanmagan. Har bir tilni o‘rganish ortida yuzlab soatlik mehnat, xatolar va muntazam mashq yotadi. Aynan shu mehnat keyinchalik unga turli mamlakatlarda bemalol ishlash, yangi odamlar bilan tez til topishish va kasbiy faoliyatida o‘sish imkonini bergan.

“Ko‘pchilik tilni shunchaki gaplashish vositasi deb o‘ylaydi. Aslida esa u yangi imkoniyatlar kaliti. Til bilsangiz, odamlar sizga boshqacha qaraydi, ishonch bildiradi. Ishda ham mas’uliyatingiz ortadi, chunki turli davlatlardan kelgan mijozlar yoki hamkasblar bilan bemalol ishlay olasiz”, – deydi u.

Hojimurod ayni vaqtda Malayziyada restoran boshqaruvi va mijozlarga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida ishlaydi. Yigitning aytishicha, xorijda mazkur kasbga oddiy ish emas, mas’uliyat va professionallik talab qiladigan soha sifatida qaraladi.

“Bu yerda ofitsiant yoki servis xodimi shunchaki buyurtma olib keladigan odam emas. U restoran obro‘yini shakllantiradigan asosiy insonlardan biri hisoblanadi. Mijoz bilan muloqot, muammoni hal qilish, jamoa bilan ishlash – bularning barchasi yuqori darajada baholanadi. Faoliyatimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, bir kunning o‘zida malay, xitoy, hind va Yaqin Sharq davlatlaridan kelgan odamlar bilan ishlashingiz mumkin. Shuning uchun nafaqat til bilish, balki odamlar mentalitetini tushunish ham juda muhim”, – deydi u.

Suhbat davomida Hojimurod yoshlar orasida keng tarqalgan “avval diplom, keyin ish” degan qarashga ham munosabat bildirdi. Uning fikricha, zamonaviy mehnat bozorida diplom muhim bo‘lsa-da, ish beruvchilar uchun amaliy tajriba hamda ko‘nikmalar ko‘proq ahamiyat kasb etmoqda.

“Men oliy ta’limni tamomlamaganman. Lekin shu paytgacha ishlagan joylarimning deyarli hech birida mendan diplom so‘rashmagan. Ularni qiziqtirgan narsa qanday ishlashim, muammolarni hal qila olishim va jamoaga foyda bera olishim bo‘lgan. Diplom, albatta, kerak, lekin u tajribaning o‘rnini bosa olmaydi. Bugungi dunyoda inson o‘z ustida ishlashdan to‘xtamasa, imkoniyatlar baribir topiladi”, – deydi u.

Intervyuni to‘liq shaklda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version