Iqtisodiyot
6 tur mahsulot uchun fitosanitar ruxsat tezlashtiriladi
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi doirasida B2B uchrashuvlar o‘tkazilib, limon, brokkoli, uzum va quritilgan mevalar eksporti bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Regulyatorlar bilan muzokaralarda gilos, achchiq qalampir, olma, shaftoli, o‘rik va olxo‘ri uchun fitosanitar ruxsatnomalarni tezlashtirish masalasi kelishib olindi.
«Dunyo» AA xabar qilishicha, O‘zbekiston O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi delegatsiyasi Yaponiyada logistika, sertifikatlash va bozorga kirish masalalari bo‘yicha qator amaliy muzokaralar o‘tkazdi.
Eksport bo‘yicha kelishuvlar:
«Peshku Limonchilik Ravnaqi» MChJ ↔️ Global Communications–Lemon Co., Ltd. — limon yetkazib berish;
«Tina Agro Narpay» MChJ ↔️ Washin Trading Co., Ltd. — brokkoli va uzum eksporti;
«Fergana Exim Agro» MChJ ↔️ Sojitz Foods Corporation — quritilgan meva eksportini yo‘lga qo‘yish.
Delegatsiya Yaponiyaning Qishloq xo‘jaligi, o‘rmonchilik va baliqchilik vazirligi vakillari bilan uchrashib, Yaponiyaga eksport uchun 6 tur mahsulot — gilos, achchiq qalampir, olma, shaftoli, o‘rik, olxo‘ri bo‘yicha fitosanitar ruxsatnoma olish jarayonlarini jadallashtirishni muhokama qildi. Shuningdek, Yaponiyadan qovun urug‘i va boshqa qishloq xo‘jaligi urug‘larini O‘zbekistonga olib kirish bo‘yicha hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
1900 yilda Tokioda tashkil etilgan, qadoqlash sohasida jahon yetakchilaridan biri — Toppan Inc. kompaniyasi bilan uchrashuv o‘tkazilib, O‘zbekistonda qadoqlash yechimlari bo‘yicha qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama etildi.
Tashrif doirasida o‘zbek mahsulotlari namoyishi o‘tkazilib, unda 60 dan ortiq yapon kompaniyalari, importyorlar va distribyutorlar qatnashdi. Mehmonlar uzum, qovun, anor, limon, xurmo hamda boshqa ho‘l va quritilgan meva-sabzavotlar sifati va ta’midan bahramand bo‘ldi.