Iqtisodiyot

58 ovozdan 13 ming 386 ovozgacha. «Tashabbusli budjet» g‘oliblari e’lon qilindi

Published

on


Respublika bo‘yicha 1996 ta loyiha g‘olib deb topildi. Ularni moliyalashtirishga 3 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi. Eng ko‘p ovozni Ko‘kdala tumanidan qo‘yilgan loyiha to‘plagan – 13 386 ta. Mo‘ynoq tumanidan qo‘yilgan loyiha esa atigi 58 ta ovoz bilan g‘olib bo‘ldi. 

«Tashabbusli budjet» jarayonining 2026 yildagi 1-mavsumi yakunlandi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 21 martga o‘tar kechasi g‘olib loyihalar ro‘yxatini e’lon qildi.

Jarayonlarda respublika bo‘ylab 10 mln 284 mingta ovoz berilgan va 3 trln 5 mlrd so‘mlik jami 1996 ta (1980 ta an’anaviy hamda 16 ta sheriklik) loyiha g‘olib deb topilgan. Joriy mavsumda bir loyiha uchun eng yuqori qiymat 1 mlrd 648 mln so‘mni (BHMning 4000 baravari) tashkil etdi.

Respublika bo‘ylab eng ko‘p ovozni Ko‘kdala tumanidan qo‘yilgan loyiha to‘plagan – 13 ming 386 ta. E’tiborga molik jihati, eng ko‘p ovoz to‘plagan Top-10ʼlikdagi loyihalarning oltitasi Xorazmning Qo‘shko‘pir, uchtasi Samarqandning Oqdaryo tumanidan ilgari surilgan tashabbuslar. Bu esa ushbu hududlarda raqobat ancha kuchli bo‘lganligini anglatadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanidan qo‘yilgan loyiha esa eng kam – atigi 58 ta ovoz bilan g‘olib bo‘lgan. Sultanbek Rasbergenovning ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish o‘yicha tashabbusi shuncha ovoz to‘plagan.

Umuman olganda, enk ko‘p ichki yo‘llarni ta’mirlash (868 ta), maktablarni ta’mirlash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish (566 ta) hamda sog‘liqni saqlash muassasalarini ta’mirlash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish (163 ta) bo‘yicha loyihalar g‘olib bo‘lgan.

Internetda tarqalgan videolarda g‘olib bo‘lgan mahallalar buni o‘yin-kulgi, xursandchilik va mushakbozlik bilan nishonlayotganini ko‘rish mumkin. Ular orasida bayram kechasiga alohida tayyorgarlik ko‘rib, sharlar, tort va ertak qahramonlarini tayyorlab qo‘yganlari ham bor.

Ma’lumot uchun, bu yilgi 1-mavsum 1 fevralda boshlangan edi. Loyiha kiritish 1−20 fevral kunlari, ularni saralash 21 fevraldan 7 martgacha hamda targ‘ibot qilish 8-10 mart kunlari bo‘lib o‘tgan. Ovoz berish bosqichi esa 20 mart kuni yakunlandi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version