Jamiyat
5 kilogrammdan ortiq gashish, marixuana va minglab dori vositalari aniqlandi
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari ichki ishlar va bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlarda 5 kilogrammdan ortiq gashish, 7 kilogrammdan ziyod marixuana hamda minglab kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy muomaladan olib qo‘yildi.
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan bir qator tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Xususan, Qarshi – Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan «Kobalt» rusumli avtomashina YPX maskanida tekshirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yashovchi 1966 yilda tug‘ilgan fuqaroning qo‘l sumkasidan jami 5 kilogramm 32 gramm «gashish» giyohvandlik vositasi aniqlandi.
Yana bir holatda Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yashovchi 1974 yilda tug‘ilgan shaxs o‘z tomorqasida 33 tup kannabis o‘simligini yetishtirib kelayotgani fosh etildi. Shuningdek, uning xonadondan 7 kilogramm 79 gramm «marixuana» giyohvandlik vositasi ham olindi.
Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Andijon – Qo‘qon yo‘nalishida harakatlanayotgan «Lasetti» rusumli avtomashina to‘xtatilib, undagi ikki yo‘lovchiga tegishli qoplardan 1200 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi topildi.
Tadbir davomida ular bilan bog‘liq bo‘lgan yana uch nafar shaxs ushlanib, ulardan jami 345 dona «Tropikamid» hamda 15 dona «Regapen» dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Tergov davomida mazkur shaxslar kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelib, sotish bilan shug‘ullangani aniqlangan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.