Jamiyat
399,3 mlrd so‘m iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi
Raqobat qo‘mitasiga 2023-yildan 2026-yilning iyul oyiga qadar iste’molchilardan uy-joy kommunal va transport xizmatlari, aloqa, moliya, ijtimoiy xizmatlar hamda reklama masalalari bo‘yicha 137 785 ta murojaat kelib tushgan.
Yillar kesimida murojaatlar soni 2023-yilda 20 691 ta, 2024-yilda 30 070 ta, 2025-yilda 53 670 ta, 2026-yilning dastlabki yetti oyida esa 33 354 tani tashkil etgan.
Murojaatlarning 68 326 tasi uy-joy kommunal va transport xizmatlari, 39 397 tasi savdo va umumiy ovqatlanish, 25 965 tasi aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlarga to‘g‘ri kelgan.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, murojaatlar sonining ortishi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarining ishlayotgani va aholining faolligi oshib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Murojaatlarni ko‘rib chiqishni soddalashtirish maqsadida «Iste’molchi murojaati» elektron platformasi orqali murojaat yuborish imkoniyati yaratilgan.
O‘tgan uch yarim yildan ortiq davrda kelib tushgan murojaatlarning 116 105 tasi, ya’ni 86,7 foizi ijobiy hal etilgan. Ularning 73 foizi qanoatlantirilgan, 25 foizi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan, 2 foizi esa vakolatli organlarga yuborilgan.
Bundan tashqari, kommunal, tibbiyot va farmatsevtika, savdo va maishiy xizmat, telekommunikatsiya, sug‘urta hamda moliyaviy xizmatlar kabi 20 dan ortiq yo‘nalishda o‘rganishlar o‘tkazilgan.
Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgan, qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan ayrim subyektlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan.
Qo‘mita ko‘rgan choralar natijasida 11,7 mln nafar iste’molchidan ortiqcha olingan 399,3 mlrd so‘m mablag‘ni ular foydasiga qayta hisob-kitob qilish ta’minlangan.