Jamiyat
3–6 yoshli bolalar uchun «Ilk rivojlanish markazi» tashkil etiladi
Markaz ta’lim bilan qamrab olinmagan hamda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga xizmat ko‘rsatadi.
Hukumat qarori bilan «Ilk rivojlanish markazi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Nizom maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagan hamda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha Ilk rivojlanish markazlarini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Markazlar 3–6 yoshli bolalarni, xususan, kambag‘allik darajasi yuqori va alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan oilalar farzandlarini qamrab olgan holda tashkil etiladi.
Markazlar quyidagi 2 ta model asosida faoliyat ko‘rsatadi:
– maxsus maktabgacha ta’lim xizmati modeli – pedagoglar tomonidan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan oilalarning 2–7 yoshli farzandlari uchun yashash xonadoniga borgan holda ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish;
– o‘yin guruhi modeli – 3–6 yoshli bolalar uchun Markazlarda tashkil etilgan qisqa muddatli (3,5–4 soat) guruh.
Markazlar tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi huzurida tashkil etiladi.
Markazlar barcha tarbiyalanuvchilarga bepul xizmat ko‘rsatadi.