Sport
290 mln dollarlik loyiha qanday inshootlarni o‘z ichiga oladi? (fotoreportaj)
Majmua 100 gektar hududni egallaydi. Shaharcha markazidagi stadionda yengil atletikaning 48 yo‘nalishi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish mumkin. Kompleksda ilk xalqaro standartdagi velodrom mavjud bo‘lib, u Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi talablari darajasida qurilgan. Kun.uz muxbiri mamlakatimiz sport hayotida yangi sahifa ochishga xizmat qilishi kutilayotgan mazkur majmua va u yerda sportchilar, tomoshabinlarga mo‘ljallangan sharoitlar bilan tanishdi.
Poytaxtning sharqiy qismida, Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘yida joylashgan Olimpiya shaharchasi 18 avgust kuni foydalanishga topshirildi. Shaharchaning qurilishi 2022 yil 9 noyabrda boshlangan bo‘lib, uch yil davomida Xitoyning CAMC Engineering kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Loyiha umumiy qiymati qariyb 290 mln dollarga baholangan.
Majmua 100 gektardan ortiq hududni egallaydi. Unda stadion, suv sporti saroyi, velodrom, yakkakurash hamda jamoaviy sport turlari uchun majmualar, futbol, voleybol, tennis, chim ustida xokkey va yengil atletika uchun 15 ta ochiq maydon, paralimpiya yotoqxonasi va sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi mavjud.
12 ming kishilik stadion
Olimpiya shaharchasining markazida stadion joylashgan. Ushbu majmua xalqaro turnirlar o‘tkazish bilan bir qatorda mahalliy sportchilarni tayyorlash, dual ta’lim tizimini rivojlantirishga ham xizmat qilishi kutilmoqda. Stadionning eng katta ustunligi shundaki, uning universal maydonida yengil atletikaning 48 yo‘nalishi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish mumkin. 9 qatorli yugurish yo‘laklari, xalqaro standartlarga mos yashil maydon hamda texnik jihozlar jahon chempionati darajasidagi turnirlarni qabul qilish imkonini beradi.
Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, bu yerda Brilliant ligasi kabi xalqaro yirik musobaqalar, Paraatletika bahslari, ko‘zi ojizlar o‘rtasidagi IBSA o‘yinlarini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Ya’ni stadion imkoniyatlari faqat professional sport bilan cheklanmay, inklyuziv sport yo‘nalishlariga ham yo‘l ochadi.
Shuningdek, ushbu sport arenasida yirik tantanali tadbirlar tashkil etilishi uchun sharoitlar mavjud. Olimpiya yoki Osiyo miqyosidagi turnirlarda ochilish va yopilish marosimlari, madaniy dasturlar aynan shu stadionda o‘tkazilishi mumkin.
Majmuaning yana bir muhim vazifasi dual ta’lim tizimiga xizmat qilishidir. Musobaqalardan tashqari, bu yerda mahalliy o‘quv-yig‘inlar, sport maktablari amaliy mashg‘ulotlari, universitet talabalari uchun darslar o‘tkaziladi.
Olimpia standartlariga javob beruvchi velodrom
Velodromning o‘ziga xosligi — uning yog‘och qoplamasida. Yo‘lak qimmatbaho yog‘ochlardan yasalib, qavatma-qavat yotqizilgan. Trayektoriya va burilish burchaklari professional velosport talablariga mos ravishda loyihalashtirilgan. Bu nafaqat mustahkamlikni, balki sportchilar uchun zarur sanalgan xavfsizlikni ham ta’minlaydi.
Majmuada harorat doimiy barqaror bo‘ladi. Velodrom ichida yil davomida bir xil iqlim saqlanadi, bu esa yog‘och qoplamaning uzoq muddat davomida xizmat qilishini kafolatlaydi. Inshootda sportchilar uchun havo qarshiligi darajasi ham hisobga olingan.
Velodromdagi trekka yorug‘lik bir xil va teng darajada tushadi. Bu bir tomondan, sportchilar uchun qulay muhit yaratadi, ikkinchi tomondan musobaqalarni tomosha qilayotgan muxlislar hamda televizion translatsiyaga katta afzallik beradi.
Tomosha o‘rinlari 2 ming 200 kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, ular maxsus himoya to‘sig‘i bilan jihozlangan. Mazkur sharoit tomoshabinlarning xavfsizligini ta’minlaydi va xalqaro musobaqalar mezonlariga mos keladi.
Xalqaro talablar darajasidagi suv sport saroyi
Majmua tarkibida 25×50 metrli suzish va 25×21 metrli suvga sakrash havzasi mavjud. Bundan tashqari, sportchilarning tayyorgarligi uchun mashg‘ulot basseyni va trenajyor zallari ham barpo etilgan. Butunjahon suv sporti federatsiyasi (World Aquatics) delegatsiyasi saroyni ko‘zdan kechirib, uning to‘liq xalqaro talablar darajasida ekanini tasdiqlagan. Bu esa O‘zbekistonga ilk bor qit’a va jahon chempionatlarini o‘tkazish imkonini beradi.
Saroyning universal dizayni bir nechta sport yo‘nalishlarini qamrab oladi. Bu yerda:
suzish,
suvga sakrash,
sinxron suzish,
suv polosi musobaqalari o‘tkazilishi mumkin.
Tomoshabinlar uchun mo‘ljallangan joy 2 mingdan ortiq muxlisni sig‘dira oladi. Arenaning yoritish, havoni shamollatish va xavfsizlik tizimlari ham xalqaro translatsiya va tomosha talablari asosida loyihalashtirilgan.
Jamoaviy va yakkakurash sport turlari majmualari
Har ikkala majmua ham uch qavatli qilib qurilgan bo‘lib, 2 ming nafardan ortiq tomoshabinni sig‘dira oladi. Binolarda sportchilar uchun mashg‘ulot zallari, hakamlar xonalari, tibbiy punktlar, kiyinish va dam olish joylari zamonaviy standartlarga mos ravishda jihozlangan. Muhandislik yechimlari tomosha jarayonining sifatini, sportchilarning xavfsizligi va qulayligini ta’minlaydi.
Jamoaviy o‘yinlar majmuasi voleybol, basketbol va gandbol musobaqalarini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan. Tomoshabinlar uchun panoramali o‘rindiqlar va xalqaro talabdagi yoritish tizimi o‘rnatilgan. Yakkakurash sport turlariga iqtisoslashgan majmuada dzyudo, boks, taekvondo kabi yo‘nalishlar uchun maxsus ring va tatamilar, xavfsizlik talablariga mos qoplamalar o‘rnatilgan.
15 ta ochiq maydon
Olimpiya shaharchasida futbol, voleybol, tennis, chim ustida xokkey, yengil atletika kabilar bo‘yicha 15 ta ochiq maydon ham qurilgan. Ular orasida chim ustida xokkey maydonining barpo etilishi O‘zbekiston sport tizimi uchun yangiliklardan biri bo‘ldi. Bu sport turi mamlakatimizda keng rivojlanmagan bo‘lsa-da, yangi baza uning ommalashuviga zamin yaratishi, shu orqali O‘zbekiston qit’a va xalqaro musobaqalarda qatnashish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkinligi ta’kidlangan.
Iklyuziv sport muhiti
Shaharcha infratuzilmasi loyihalanayotganda Paralimpiada o‘yinlari talablari ham inobatga olingan. Shaharchada nogironligi bo‘lgan sportchilar erkin harakatlanishi uchun keng va qulay yo‘laklar, panduslar, maxsus liftlar barpo etilgan. Stadion va sport majmualarida esa jismoniy imkoniyati cheklangan muxlislar uchun alohida sektorlar tashkil qilingan. Bu sektorlar tomosha jarayonidan chetda qolmaslik, barcha voqealarni qulay sharoitda kuzatib borish imkonini beradi.
Paralimpiya sportchilari uchun mashg‘ulot zallari ham individual moslashtirilgan bo‘lib, bu ularga yuqori darajada tayyorgarlik o‘tash imkonini beradi.
Mutaxassislarning aytishicha, inshootlar energiya jihatidan tejamkor texnologiyalar asosida qurilgan. Avtoturargohlar ustiga quyosh panellari o‘rnatilgan.
Ma’lumot uchun, 2025 yilda yoshlar o‘rtasidagi tashkil etiladigan, qit’amizning 45 davlatidan 3000 dan ortiq sportchini qamrab oladigan Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari aynan shu yerda o‘tkaziladi. Musobaqalar tugaganidan keyin majmualar sport vakillari uchun mashg‘ulot maydoni sifatida xizmat qiladi. Shuningdek, shaharchada Sport vazirligi, Antidoping agentligi, Davlat sport akademiyasi, Jismoniy tarbiya ilmiy-tadqiqot instituti va Sport turlarini rivojlantirish markazi faoliyat yuritadi.
Diyoraxon Nabijonova,
Boymirza Xalilov