Jamiyat
2500 dollar talab qilgan sudya yordamchisi qo‘lga tushdi
Jinoyat ishlar bo‘yicha Qarshi tuman sudining sudya yordamchisi fuqaroni boshqa hududdagi ish joyiga o‘tkazib berishni va’da qilib, evaziga 2500 AQSh dollari talab qilgan vaqtida tezkor tadbirda ushlandi.
Ma’lum qilinishicha, sudya yordamchisi Majburiy ijro byurosining Qashqadaryo viloyati tumanlaridan biridagi bo‘limida joriy yil may oyidan faoliyat yurita boshlagan fuqaroga o‘zining mansabdor tanishlari orqali ishga joylashtirib qo‘yganini aytgan.
Shuningdek, u kelgusida mazkur xodimni o‘zi istagan tumandagi MIB bo‘limiga o‘tkazib berishini bildirib, buning uchun 2500 AQSh dollari so‘ragan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda sudya yordamchisi talab qilingan pul mablag‘ini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.