Mahalliy

25 yil ichida kitob olamida nimalar kashf etildi?

Published

on


XXI-asrning birinchi choragi ya’ni 2001-2025-yillarda adabiyot olamida, umuman kitobga bog‘liq sohalarda qanday yangiliklar bo‘ldi?

Avvalo kitoblarning shakli o‘zgardi — elektron kitoblar va audio kitoblar paydo bo‘ldi. Endi kutubxonaga qatnab kerakli kitobni izlash muammosiga barham berildi. Chunki, istalgan kitobning elektron ko‘rinishi yaratildi. Elektron qurilmalar mutolaani juda osonlashtirib yubordi. Audio kitoblar esa insonlarga harakat paytida ham mutolaa qilish imkonini yaratdi.

Muallifga erkinlik berildi. Shoir va yozuvchilar endi avvalgidek nashriyotga qaram bo‘lmay qoldi. Ular o‘z saytlarini, ijtimoiy tarmoqlarda blog va sahifalarini yuritib, ijodini ommaga olib chiqa boshladilar. Yozuvchiyu shoirlar nashriyotlar yordamida asarlarini e’lon qilib, avvalgidek noyob, sirli muallif emas, kontent yaratuvchiga aylandilar.

Kitob terapiya yo‘lga qo‘yildi. Kitob “san’at”dan tashqari terapiya – davolovchi hamda motivator vazifasini ham bajara boshladi. Mualliflar ilmiy-ommabop, psixologik va biznes mavzusidagi kitoblar bilan odamlarga ta’sir o‘tkaza boshladilar.

Multimediali kitoblar ommalashdi. XXI asrda nashriyotlar bolalar uchun ovozli, interaktiv kitoblar chiqara boshladilar. Va mazkur kitoblarning ichidagi animatsiyalar va har xil o‘yinlar bolalarni kitobga qiziqtirishda muhim rol o‘ynadi.

Yaxlit janrlar kamayib, ularning aralashmalari paydo bo‘ldi. Masalan: Roman esselar, hujjatli badiiy asarlar, tarixiy fentezilar yaratildi.

Shuningdek, distopiya, grafik roman, manga, LitRPG (o‘yinlar ichida kechadigan asarlar), iqlim o‘zgarishi haqidagi asarlar, muxlislar yozgan asarlar kabi yangi janr va oqimlar ham vujudga keldi.

Yirik asarlar qisqartirildi va yangi mutolaa turlari paydo bo‘ldi. Chunki yostiqday romanlar endi zamonaviy kitobxon uchun zerikarli bo‘la boshladi. Vaqtni tejash uchun esa yirik romanlarning qisqartirilgan nasriy bayonlari yaratildi. Zamonaviy mualliflar 50 betlik romanlar, epizodik hikoyalar yozishmoqda.

Shuningdek, tez o‘qishning yangi yo‘llari kashf etildi. Shoshqaloq o‘quvchi vaqtini tejash uchun vertikal o‘qib, bir oyda 20 talab asar tugatayapti.

Yevropa kutubxonalaridagi “tirik” kitoblar paydo bo‘ldi. Masalan Daniyadagi kutubxonalardan biri “tirik kitoblar”dan iborat. Bunda siz kutubxonaga kirib mavzuga qarab bironta odamni tanlaysiz, u esa sizga o‘z hayotidan qiziqarli hikoyalar so‘zlab beradi. Bu kabi “tirik kitoblar” qisqa vaqt ichida Yevropada ommalashdi va hozirgacha faoliyat yuritib kelmoqda.

Eng mashhur elektron kitob do‘koni Amazon o‘z faoliyatini 1990-yillarda boshlagan bo‘lsa-da, XXI boshida ommalashdi. Natijada, butun dunyoga bosma va elektron kitoblar sotish orqali katta natijalarga erishdi.

2018-yilga kelib O‘zbekistonda ham Amazondan ilhomlanib Asaxiy Books elektron kitob savdosini yo‘lga qo‘ydi.

Birinchi internet bloglar 1990 yillarda tor doirada yaratilgan edi, XXI-asrning boshlarida esa faollasha boshladi. 2004 yilda Facebook, 2010 yilda Instagram, 2013-yilda yesa Telegram platformalari ishga tushgach kitob bloglarini yurituvchilar ko‘paydi.

Sun’iy intellekt XXI-asrning birinchi choragidagi eng katta kashfiyot bo‘ldi. Chunki uning ommalashishi tufayli barcha sohalarning ish sistemasi o‘zgardi. SI adabiyot va kitoblar dunyosiga ham ta’sir o‘tkazmay qolmadi. Masalan: SI yordamida hikoya, qissa, roman yozish, tarjima qilish, rasm va illyustratsiyalar chizish osonlashib ketdi.

Hatto ilmiy ishlardagi murakkablik ham SI oldida ojiz qolmoqda.

Temur Tangriberganov



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version