Iqtisodiyot
25 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlandi
Raqobat qo‘mitasining hududiy organlari tomonidan o‘tkazilgan monitoring va murojaatlarni o‘rganish natijasida davlat xaridlari sohasida qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Ularning umumiy qiymati qariyb 25 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Tekshiruvlarda «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 29-moddasi talablariga rioya qilinmagani, ya’ni savdolarda raqobatni cheklovchi yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar mavjudligi aniqlangan.
Jumladan, Andijon viloyatida avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasiga tegishli 2 ta holatda 3,9 mlrd so‘mdan ortiq qonunbuzilishlar qayd etildi.
Navoiy viloyatida esa bir nechta tashkilotlarda yirik miqdordagi kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, Navbahor, Konimex va Nurota tumanlari obodonlashtirish boshqarmalarida o‘nlab holatlar bo‘yicha milliardlab so‘mlik qonunbuzilishlar qayd etilgan.
Shuningdek, Qashqadaryo, Buxoro, Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent viloyati va poytaxtdagi ayrim tashkilotlarda ham davlat xaridlari jarayonida qonun talablari buzilgani ma’lum qilindi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, barcha holatlar yuzasidan maxsus komissiyalar tomonidan ishlar qo‘zg‘atilib, qonun doirasida tegishli qarorlar qabul qilingan.
Shu bilan birga, qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha buyurtmachi tashkilotlarga majburiy ko‘rsatmalar berilgan.