Jamiyat
23 martdan Toshkent – Chorvoq avtobus qatnovi qayta tiklanadi
2026 yil 23 martdan boshlab Toshkent shahridan Chorvoq yo‘nalishi bo‘yicha avtobus qatnovi qayta yo‘lga qo‘yiladi. Yangi yo‘nalish ichki turizmni rivojlantirish va aholiga qulay transport xizmatlarini ta’minlashga qaratilgan.
Foto: Toshshahartransxizmat
«Toshshahartransxizmat» AJ tarkibidagi «Toshavtobustrans» MChJ tomonidan 1226-sonli «Mashinasozlar metrosi — Chorbog‘ (Humson qo‘rg‘oni)» avtobus yo‘nalishi faoliyati qayta tiklanadi.
Yo‘nalishga 47 o‘rindiqli, konditsionerlar bilan jihozlangan MAN RR3 rusumli zamonaviy turistik avtobuslar biriktiriladi. Yo‘lkira narxi 25 ming so‘m etib belgilangan.
Avtobuslar Mashinasozlar metrosi bekatidan har kuni soat 06:00 da harakatni boshlaydi. Qatnovlar har 1,5 soatda amalga oshirilib, safar vaqti taxminan 1 soat 30 daqiqani tashkil etadi. So‘nggi qatnov Chorvoq tomondan soat 20:30 da amalga oshirilib, soat 22:00 da Mashinasozlar metrosida yakunlanadi.
Yo‘nalish Mashinasozlar metrosi bekatidan boshlanib, Maxtumquli ko‘chasi, Yangi O‘zbekiston bog‘i, Hojikent mavzesi va Chinorkent orqali Xumson qo‘rg‘onigacha harakatlanadi.
Qayd etilishicha, yo‘lovchilar uchun naqd pul va bank kartalari orqali to‘lov qilish imkoniyati yaratilgan.