Iqtisodiyot
2027 yildan suvdan foydalanish solig‘i suv tejamkorligiga bog‘lanadi
Prezidentning “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2027 yildan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi va suv tejovchi texnologiyalarga beriladigan subsidiyalar sug‘oriladigan yerlarning suv bilan ta’minlanganlik holatidan kelib chiqib belgilanadi.
Qarorga ko‘ra, suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududlarda joylashgan sug‘oriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinsa, ajratiladigan subsidiyalar 1,25 oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llangan holda hisoblanadi.
Suv bilan barqaror ta’minlangan hududlarda esa suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinmagan taqdirda, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobar oshirilgan miqdorda qo‘llanadi.
Shuningdek, 2027 yildan sholi yetishtiriladigan maydonlarning suv kirish qismiga hamda baliqchilik xo‘jaligi tashkil qilingan yer maydonlarining suv kirish va chiqish qismiga tadbirkorlar o‘z mablag‘laridan “aqlli” suv o‘lchash va hisoblash vositalarini o‘rnatishi majburiy etib belgilanadi.
Bunda mazkur “aqlli” vositalar o‘rnatilmagan holatlarda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobarga oshirilgan miqdorda hisoblanadi.