Jamiyat
2026 yildan “Yoshlar daftari” yordami yangi qoida va shartlar asosida amalga oshiriladi
2026 yil 1 fevraldan “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali ijtimoiy yordam kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga ijtimoiy shartnoma asosida, o‘qish, natija va faollikka bog‘langan holda taqdim etiladi.
“Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi. Hujjatda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda moddiy yordam bilan birga, ularning ta’lim olishi, shaxsiy rivojlanishi va jamiyatdagi faolligini kuchaytirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab qo‘yildi.
Farmonga ko‘ra, quyidagilar asosiy maqsadlar etib belgilangan:
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan 16 ming nafar yoshning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish;
“Mutolaa” loyihasi doirasida ilmiy-ommabop va badiiy kitoblarni muntazam o‘qib boruvchi yoshlar ulushini 10 foizga oshirish;
“Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida xorijiy tillarni o‘zlashtirgan yoshlar ulushini 30 foizga yetkazish.
Farmonga muvofiq, 2026 yil 1 fevraldan “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan belgilangan ijtimoiy yordam turlari Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga ijtimoiy shartnoma orqali quyidagi shartlar asosida taqdim etiladi:
ta’lim olishni uzluksiz ravishda davom ettirish;
ta’lim jarayonida ijobiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga erishish;
volontyorlik faoliyatini amalga oshirish;
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi loyihalarda qatnashish.
Mazkur yangiliklar “Yoshlar daftari” orqali ko‘rsatiladigan yordamni shunchaki nafaqat moddiy qo‘llab-quvvatlash, balki yoshlarning bilimli, faol va mas’uliyatli avlod sifatida shakllanishiga xizmat qiluvchi kompleks tizimga aylantirishni ko‘zda tutadi.