Iqtisodiyot
2026 yilda samarasiz subsidiya va imtiyozlar bekor qilinadi
Prezident raisligidagi yig‘ilishda 2026 yil uchun makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va davlat budjeti parametrlari muhokama qilindi: samarasi past subsidiya va imtiyozlar bekor qilinadi, asosiy soliq stavkalari o‘zgartishsiz qoladi, xarajatlar keskin qisqartiradi. Shu bilan birga, YaIM 6,6 foiz o‘sish sur’ati bilan 150 mlrd dollardan oshirilishi, iqtisodiyotga kamida 400 trln so‘m investitsiya yo‘naltirilishi va inflatsiya 7 foizdan oshmasligi prognoz qilindi.
Davlat rahbari ishtirokida o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishda joriy yil yakunlari va 2026 yil rejalari ko‘rib chiqildi. Prezident samaradorligi past bo‘lgan subsidiya va imtiyozlarni bekor qilish, xarajatlar qismiga qat’iy tejamkorlik va samarani oshirish talab qilinishini qayd etdi. Shuningdek, 2026 yil davlat budjeti loyihasida asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qolishi aytildi.
Asosiy yo‘nalishlar:
soliq siyosati: 2026 yil budjet loyihasida asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoladi;
xarajatlar siyosati: kelgusi yilda xarajatlar keskin qisqartiriladi, samaradorlik ustidan nazorat kuchaytiriladi;
subsidiya va imtiyozlar: samarasi past mexanizmlar bekor qilinadi; yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va mahalliy budjet daromadlarini ko‘paytirish vazifalari qo‘yildi;
davlat ishtirokidagi korxonalar (DIK): dividend siyosati tartibga solinadi, raqobatbardoshlik va tannarxni pasaytirish maqsadida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish topshirildi;
xalqaro loyihalar: Xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari ishtirokidagi mavjud loyihalarni oxiriga yetkazibgina yangi loyihalarga resurs jalb qilish tizimiga o‘tiladi.
2026 yil bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlar:
YaIM: o‘sish sur’ati — 6,6 foiz, hajm — 150 mlrd dollardan ortiq;
investitsiya: iqtisodiyotga barcha manbalardan kamida 400 trln so‘m yo‘naltirish;
inflatsiya: 7 foizdan oshmaydigan darajada saqlash.