Jamiyat
2026 yil yanvardan O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish boshlanadi
2026 yil 15 yanvardan 28 fevralgacha mamlakat bo‘ylab aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish o‘tkaziladi. Ro‘yxat natijalari infratuzilma, ijtimoiy himoya, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi sohalarda davlat dasturlarini rejalashtirishda asosiy manba bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ro‘yxatga olish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
🔹 15–31 yanvar — fuqarolar census.stat.uz platforma orqali onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tadi;
🔹 4–28 fevral — maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan xodimlar uyma-uy yurib, aholini va qishloq xo‘jaligiga doir ma’lumotlarni ro‘yxatga oladi.
Tadbir doirasida aholining yoshi, ta’lim darajasi, bandlik holati, migratsiya jarayonlari, shuningdek, qishloq xo‘jaligida yerdan foydalanish va chorvachilik ko‘rsatkichlari bo‘yicha aniq ma’lumotlar to‘planadi.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, barcha to‘plangan ma’lumotlar maxfiy saqlanadi va faqat statistik maqsadlardagina qo‘llanadi. Ro‘yxat savolnomasi 71 ta savoldan iborat bo‘lib, unda aholining turmush tarzi va qishloq xo‘jaligiga oid asosiy ko‘rsatkichlar qamrab olingan.