Iqtisodiyot
2025 yilda bozor xizmatlari hajmi ilk bor 1 kvadrillion so‘mdan oshdi
2025 yil yanvar–dekabr oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 1,05 kvadrillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 14,7 foizga yuqori.
Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda mamlakatda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 1 050,3 trln so‘mga yetib, ilk bor 1 kvadrillion so‘m chegarasidan oshdi. Bu esa xizmatlar sohasida barqaror o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatadi.
Qayd etilishicha, mazkur ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 14,7 foizga oshgan (2024 yilda — 840,1 trln so‘m). O‘sish dinamikasi so‘nggi yillarda izchil davom etmoqda:
2023 yilda — 664,8 trln so‘m;
2022 yilda — 509,6 trln so‘m;
2021 yilda — 389,4 trln so‘m.
Hisob-kitoblarda norasmiy va yashirin iqtisodiyotni baholash bo‘yicha statistik kuzatuvlar natijalari ham inobatga olingan, bu esa ko‘rsatkichlarning yanada real aks etishini ta’minlaydi.
Bozor xizmatlari hajmining oshishi savdo, transport, aloqa, moliyaviy xizmatlar, turizm va maishiy xizmatlar sohalari faollashgani bilan bog‘liq bo‘lib, mamlakat iqtisodiyotida xizmatlar sektorining ulushi tobora ortib borayotganini anglatadi.