Iqtisodiyot
200 dan ziyod fermer Misr tajribasini o‘rganish uchun yuboriladi
Qoraqalpog‘istonda 4 million 300 ming gektar yaylov yeri bor. Shundan 2,5 million gektaridan aholi daromadini oshirish va chorvani ko‘paytirish uchun yetarlicha foydalanilmayapti. Bu Prezident raisligidagi yig‘ilishda ta’kidlandi.
«Beruniy Agrostar» Qo‘ng‘irot, Beruniy va Chimboyda aylanmadan chiqqan 2 ming gektar yerni tiklab, ozuqa yetishtirishga moslashtirmoqda. Kelasi yili yana 5 ming gektar o‘zlashtiriladi. Bu 14 ming bosh qoramol uchun ozuqa bazasi bo‘ladi.
Bo‘zatovda ham 7,5 ming gektar yerni ozuqaga moslashtirishga 100 milliard so‘m ajratiladi. Ozuqa yetishtirishga har gektar uchun 500 ming so‘m subsidiya berish bo‘yicha o‘n kunda qaror kiritish topshirildi.
Misr tajribasini o‘rganish uchun 200 dan ziyod fermer, jumladan, qoraqalpog‘istonlik 26 nafar fermer ushbu davlatga yuborilgan. Dastlabki bosqichda Qoraqalpog‘istonning 20 ming gektar maydonida Misr tajribasi yo‘lga qo‘yiladi.
Cho‘l hududlarida ozuqa yetishtirishni ko‘paytirish uchun Misrdan mutaxassislar va texnologiyalar jalb etiladi. Chorvachilik uchun Osiyo taraqqiyot bankidan olinayotgan 60 million dollar kredit va 8 million dollar grant birinchi navbatda shu loyihaga yo‘naltiriladi.
Chorvachilikda yirik komplekslar tashkil etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.
May oyida chorva bosh sonini ko‘paytirishga 1 trillion 600 milliard so‘m resurs ajratilgan. Amalda 5 milliard so‘mgacha bo‘lgan loyihalarga o‘n yilga 10 foizli kredit berilmoqda.
Qoraqalpog‘istonlik chorvadorlarning 1-2 ming boshli komplekslar tashkil etish uchun kredit miqdorini 50 milliard so‘mgacha oshirish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Beruniylik chorvadorlar samolyotda qoramol tashish kompensatsiyasining shartlari yengillashtirilsa, 5 ming bosh chorva olib kelishga tayyorligini bildirgan. Endi Qoraqalpog‘istonga samolyotda olib kelinadigan naslli buqalar qiymatining 10 foizi, har bir bosh uchun 4 million so‘mgacha subsidiya qilinadi.
Bir oyda joyi, tashabbuskori va mablag‘i aniq bo‘lgan kamida 100 ming boshli chorva komplekslarining loyihalari shakllantiriladi. Qoramol xaridi uchun kredit ajratish tartibi yengillashtirilib, mablag‘lar tuman shtabi xulosasi asosida beriladi.
Taxtako‘pirda Shinjon tajribasi asosida ozuqa yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.
Mo‘g‘uliston, Turkiya, Xitoy va Avstraliyadan 5 ming bosh qo‘y-echki olib kelinib, Qoraqalpog‘iston sharoitida ko‘paytiriladi. Buning uchun bir oyda 1 ming gektar yerni belgilab berish topshirildi.
Yil yakunigacha 10-15 ming gektarda loyihalarni shakllantirib, bir yil ichida 100 ming bosh qo‘y-echki boqishni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.
Prezidentimiz kecha «Kegeyli naslli parranda» korxonasi faoliyati bilan tanishganini qayd etdi.
Tadbirkorni qo‘llab-quvvatlab, bir yil ichida parranda yetishtirish quvvatini 2-3 karra oshirish va korxonani xoldingga aylantirish topshirildi. Zarur mablag‘ masalasi hal qilinadi.
Kegeylidagi texnikumda parranda yetishtirishni o‘rgatadigan kurslar tashkil etiladi.