Iqtisodiyot

2 yilda 2 barobar o‘sish. Nega oltin narxi keskin qimmatlab boryapti?

Published

on


Oltin narxi tarixda birinchi marta bir unsiya uchun 4000 dollardan oshdi. Qimmatbaho metallga bo‘lgan talabning o‘sishi bir qator omillar ta’sirida yuz beryapti. Xususan, jahon savdosida noaniqliklar, AQSh Federal rezerv tizimi mustaqilligi atrofida xavotirlar va Qo‘shma Shtatlarning fiskal barqarorligiga doir shubhalar kuchaygan. Oltin yil boshidan beri 50 foizdan ko‘proqqa qimmatlashdi. Tahlilchilar bu tendensiya keyingi yillarda ham davom etishini prognoz qilyapti.

Oltin narxi tarixda ilk bor bir unsiya uchun 4 ming dollardan oshdi. Narxlarning keskin qimmatlashishi AQSh iqtisodiyotidagi muammolar va hukumatning moliyaviy inqirozga yaqinlashgani haqidagi xavotirlar fonida yuz beryapti, deya yozadi Bloomberg.

Bundan ikki yil avval oltin 2 ming dollardan past narxda sotilardi. Ayni paytda esa qimmatbaho metallning daromadliligi asr boshidan beri hisoblaganda aksiyalar daromadliligidan ham oshib ketdi. Oltin narxi yil boshidan beri 50 foizdan ko‘proqqa qimmatlashdi. Bunga jahon savdosidagi noaniqliklar, AQSh Federal rezerv tizimi mustaqilligi atrofidagi xavotirlar va mamlakatning fiskal barqarorligiga doir shubhalar sabab bo‘lyapti. Geosiyosiy tangliklarning kuchayishi ham xavfsiz aktivlarga talabni oshirdi, markaziy banklar qimmatbaho metallni yuqori sur’atlarda xarid qilishda davom etyapti.

Vashingtondagilarning hukumat mablag‘lari bilan bog‘liq kelishmovchiliklari fonida investorlar bozor zarbalaridan himoya izlay boshladi va oltin rallisi yanada kuchaydi. Federal rezervning pul-kredit siyosatini yumshatish davri boshlanishi ham oltin uchun ijobiy omil bo‘ldi. Foizlar pastlaganda, obligatsiyalar va bank omonatlari kabi aktivlardan olinadigan foyda kamayadi. Shunda investorlar daromad keltirmaydigan, lekin ishonchli aktiv – oltinni afzal ko‘ra boshlaydi. Shuningdek, foiz stavkalari past bo‘lsa, dollarning qiymati boshqa valutalarga nisbatan tushadi. Oltin esa dollarda baholanadi, shuning uchun dollar arzonlashganda oltin xorijiy investorlar uchun yanada jozibador bo‘ladi. Pul-kredit siyosatini yumshatish odatda iqtisodga ko‘proq pul kiritadi, bu esa inflatsiyani kuchaytirishi mumkin. Oltin an’anaviy tarzda inflatsiyadan himoya vositasi sifatida ko‘riladi. Shu bois investorlar oltin narxiga bog‘langan fond aksiyalariga sarmoya kiritishni kuchaytirgan va sentabr oyida so‘nggi uch yildagi eng katta investitsiya oqimi kuzatildi.

«4 ming dollarlik chegaraning bosib o‘tilishi faqat qo‘rquv emas, balki kapitalni qayta taqsimlash jarayonini ham bildiradi. Iqtisodiy ma’lumotlar to‘xtab qolgan, foiz stavkalari pasayishi kutilyapti, real daromadlar kamayyapti, aksiyalar esa haddan ortiq baholangan. Markaziy banklar bu rallining asosini yaratdi, ammo endi uni chakana investorlar va ETF’lar davom ettiryapti», deydi Saxo Capital Markets strategi Charu Chanana.

Odatda oltin narxining keskin o‘sishi iqtisodiy yoki siyosiy bosimlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Masalan, global moliyaviy inqirozdan keyin qimmatbaho metall 1 000 dollarga, pandemiya davrida 2 000 dollarga, joriy yilning martida Tramp ma’muriyatining radikal boj siyosati fonida 3 000 dollarga chiqqandi. Hozirda esa narxlar 4000 dollardan oshdi. Bu jarayon AQSh prezidenti Donald Trampning Federal rezervga bosimi, xususan, tashkilot rahbari Jyerom Pauellga nisbatan tahdidlar va gubernator Liza Kukni lavozimidan olish harakati ortidan yuz beryapti. Agar Federal rezerv siyosiy bosim ostida stavkalarni pasaytirsa va inflatsiya kuchaysa, bu oltin uchun «ideal» sharoit yaratadi.

Oltin 1970 yillardagi kabi eng yaxshi yillik natijasiga yaqinlashyapti. O‘sha paytlarda inflatsiya tezlashishi va oltin standarti bekor qilinishi tufayli tilla narxi 15 baravar oshgandi. Prezident Richard Nikson Federal rezervni stavkalarni pasaytirishga majburlagan. Natijada markaziy bank o‘z mustaqilligini saqlay olmagan va siyosiy sabablar bilan inflatsiyani nazoratdan chiqarib yuboradi.

«Investorlar oltinni sotib olayotganining sababi — uning diversifikatsiya imkoniyatlaridadir. Bu tendensiya endigina boshlanmoqda, oltin asta-sekin oqilona investitsiya portfeli tarkibining ajralmas qismiga aylanadi», – deydi GSFM investitsiya maslahatchisi Stiven Miller. U oltin narxi kelasi yil o‘rtalariga borib 4500 dollarga yetishini taxmin qilgan.

Financial Times’ning yozishicha, milliarder Rey Dalio oltin dollar uchun xavfsizroq muqobil ekanini aytib, uni portfellar uchun «a’lo darajadagi diversifikator» deb atagan.

So‘nggi yillardagi o‘sish tendensiyasining yana bir asosiy omili — markaziy banklarning rekord darajadagi xaridlari bo‘lgan. Markaziy banklar o‘z zaxiralarini AQSh dollaridan diversifikatsiya qilish uchun har yili qariyb 1 000 tonna oltin sotib olishyapti.

Goldman Sachs ham joriy haftada 2026 yil dekabr uchun oltin narxi prognozini 4 300 dollardan 4 900 dollarga ko‘tardi.

Eng ko‘p oltin zaxirasiga ega davlatlar

2025 yilning iyun oyi yakunlari bo‘yicha keltirilgan ma’lumotlariga ko‘ra, oltin zaxiralari hajmi bo‘yicha kuchli o‘nlikka kirgan davlatlar ro‘yxati quyidagicha:

1. AQSh – 8133 tonna;

2. Germaniya – 3 350 tonna;

3. Italiya – 2452 tonna;

4. Fransiya – 2437 tonna;

5. Rossiya – 2330 tonna;

6. Xitoy – 2299 tonna;

7. Shveytsariya – 1040 tonna;

8. Hindiston – 880 tonna;

9. Yaponiya – 846 tonna;

10. Turkiya – 635 tonna.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version