Sport

2 mln dollar – JCh-2026 finaliga chiptalar astronomik narxlarda sotilmoqda

Published

on


FIFA rasmiy saytida futbol bo‘yicha jahon chempionati finali chiptasi narxi 2 mln dollardan oshgani qayd etildi.

Bu yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati finaliga chiptalar allaqachon 2 million dollardan ortiq narxda sotuvga chiqarilgan, deb xabar berdi Sky News.

Nashrning ta’kidlashicha, FIFA saytining 19 iyul kungi final uchun «chiptalarni qayta sotish va almashtirish»ga bag‘ishlangan bo‘limida narxi qariyb 2 mln 300 ming dollarlik 4 ta chipta sotuvga qo‘yilgan. Nyu-Jyersidagi «MetLayf» stadionida bo‘lib o‘tadigan final o‘yiniga to‘rtta chiptani sotib olish uchun 9,2 million dollar sarflashga to‘g‘ri keladi.

E’tiborli jihati shundaki, darvoza ortida joylashgan xuddi shu sektordagi boshqa bir nechta chiptalar ham nisbatan «arzon» narxda – 16 ming dollarga sotuvga qo‘yilgan.

«FIFA chiptalarni qayta sotish bo‘limidagi narxlarni nazorat qilmaydi, ammo bunday chiptalarni sotuvchidan ham, sotib oluvchidan ham 15 foiz komissiya oladi – bu esa nazariy jihatdan faqat bitta chiptani sotishdan deyarli 600 ming dollar daromad olish mumkinligini anglatadi», deb ta’kidlaydi nashr.

Qo‘shimcha qilinishicha, Kanada, Meksika va AQSh birgalikda mezbonlik qiladigan va 11 iyun kuni boshlanadigan turnirga chiptalar narxi yuqori bo‘lgani uchun tashkilotchilar allaqachon tanqidga uchragan.

Nashrning xabar berishicha, avvalgi jahon chempionatlarida ikkilamchi bozorda chiptalar narxi FIFA tomonidan nominal qiymat bilan cheklangan edi.

Ta’kidlanishicha, tanqidlarga javoban FIFA dekabr oyida narxi 60 dollarlik chiptalarni chiqargan.

«Bu yilgi tadbirga allaqachon besh milliondan ortiq chipta sotildi va shu hafta boshida chiptalar savdosining so‘nggi bosqichi boshlandi», deyiladi maqolada.

«FIFA mezbon mamlakatlardagi yirik sport va ko‘ngilochar tadbirlarga chiptalar bozorining standart amaliyotiga mos keladigan chiptalar savdosi va ikkilamchi bozorning ishlash modelini ishlab chiqdi. FIFA chiptalar uchun tabaqalashtirilgan narx belgilash yondashuvi turli sport va ko‘ngilochar sohalardagi sanoat tendensiyalariga mos keladi, bu yerda narxlar sotuvlar va tomoshabinlarni optimallashtirish, shuningdek, tadbirlarning adolatli bozor qiymatini ta’minlash maqsadida o‘zgartiriladi», dedi FIFA vakili.

Eslatib o‘tamiz, turnirda 48 ta milliy jamoa – dastlab 12 ta guruhda, so‘ngra pley-off bosqichida sovrin uchun kurash olib boradi. O‘zbekiston, Iordaniya, Kyurasao va Kabo-Verde milliy jamoalari birinchi marta jahon chempionatida ishtirok etadi. O‘yinlar 2026 yil 11 iyundan 19 iyulgacha AQSh, Meksika va Kanada maydonlarida bo‘lib o‘tadi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version