Jamiyat
“2 kishiga 165 mln so‘m” – Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh qilindi
Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida pul evaziga Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilgan shaxslar tezkor tadbirda ushlandi. Ishchi viza rasmiylashtirib berish va ishga jo‘natish uchun ularning biri 8 ming dollar, ikkinchisi esa 2 kishi uchun 165 mln so‘m so‘ragan.
Hududlarda Koreya davlatiga ishga jo‘natish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Jizzax viloyati. Fuqaro Q.Z. 8 ming dollar evaziga Koreyaga yuborish uchun ishchi vizasi rasmiylashtirib berish va ushbu davlatda ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan. U bu ishni go‘yoki Migratsiya agentligida yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali amalga oshirishini bildirgan. Q.Z. aytilgan puldan oldindan 3 ming dollar olganda departament xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda ushlangan.
Qashqadaryo viloyati. Fuqaro X.S. 165 mln so‘m evaziga 2 nafar fuqaroni Koreyaga yuborish uchun ishchi vizasini rasmiylashtirib berishini va’da qilgan. U ushbu pullar hisobidan 7 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq korrupsion sxema fosh etilgandi.