Sport
1958 yilgi finalda Pele kiygan futbolka millionlab yevroga sotildi
Braziliya futboli afsonasi Pele 1958 yilgi jahon chempionati finalida kiygan mashhur futbolka Nyu-Yorkda o‘tkazilgan Sothebyʼs auksionida 4,88 million dollar (taxminan 4,3 million yevro)ga sotildi. Bu futbolka auksionlar tarixida eng qimmat narxda sotilgan sport liboslari orasida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Sothebyʼs auksion uyi ma’lumotiga ko‘ra, gap 1958 yil Shvetsiyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati finalida Pele kiygan Braziliya terma jamoasining ko‘k rangli, orqa qismida 10-raqam tushirilgan futbolkasi haqida ketmoqda.
O‘sha paytda atigi 17 yoshda bo‘lgan Pele (Edson Arantis du Nasimentu) o‘zining ilk jahon chempionatida ishtirok etgan va aynan shu musobaqada Braziliyani tarixidagi ilk jahon chempionligiga olib chiqqan.
Auksion uyining ta’kidlashicha, musobaqadan keyin Pele mazkur futbolkani jamoadoshi Dida (Edvaldo Alves de Santa Roza)ga sovg‘a qilgan. Dida chempionatning dastlabki o‘yinlarida 10-raqamli futbolkani o‘zi kiyib maydonga tushgan. Biroq guruh bosqichining uchinchi turida SSSR terma jamoasiga qarshi bahsda Pele gol urgach va asosiy tarkibdan mustahkam o‘rin olgach, texnik xatolik tufayli aynan shu raqamli futbolka unga berib yuborilgan. Keyingi barcha uchrashuvlarda Pele shu libosda maydonga tushgan.
Ma’lum qilinishicha, Pele va Dida jahon chempionati davomida bir xonada yashagan. Musobaqadan keyin Dida futbolkani oilasiga topshirgan. Keyinchalik, 1993 yilda u tug‘ilgan shahri Maseyodagi Sport muzeyiga berilgan. Muzey esa 2004 yilda ushbu futbolkani Christieʼs auksioni orqali sotgan. Shundan beri u xususiy kolleksiyada saqlanib kelgan. Yangi xaridorning shaxsi esa oshkor etilmagan.
1958 yilgi jahon chempionatida Braziliyaning ko‘k rangli formada o‘ynashi ham qiziq voqealardan biri hisoblanadi. Musobaqa mezboni Shvetsiya terma jamoasi ham sariq rangli libosda maydonga tushgani uchun tashkilotchilar braziliyaliklardan an’anaviy sariq formasidan voz kechishni talab qilgan. Shu bois Braziliya futbolchilari ko‘k futbolkada o‘ynashga qaror qilgan.
Qolaversa, o‘sha davrda forma tayyorlash jarayoni ham bugungidan ancha farq qilgan. Futbolchilar Braziliya futbol konfederatsiyasi emblemasi va raqamlarni futbolkalarga o‘zlari tikkan. Raqamlar uchun ishlatilgan sariq mato esa sport anjomlari tashilgan qoplardan kesib olingan.
Sotilgan aynan shu futbolkada Pele Shvetsiyaga qarshi final bahsini to‘liq o‘tkazgan va ikki gol muallifiga aylangan. O‘sha uchrashuvda Braziliya 5:2 hisobida g‘alaba qozonib, o‘z tarixida ilk bor jahon chempioni bo‘lgan.
Auksion uyi ma’lum qilishicha, mazkur futbolkaning haqiqiyligi Didadan tashqari o‘sha chempion jamoaning yana uch nafar a’zosi — Nilton Santos, Orlando Pekanya va Mario Zagallo tomonidan ham tasdiqlangan.
Ayni paytda Pelening mazkur futbolkasi auksionlar tarixida eng qimmat narxda sotilgan ikkinchi futbolka hisoblanadi. Birinchi o‘rin esa Argentina afsonasi Diyego Maradonaning 1986 yilgi jahon chempionati chorak finalida Angliya darvozasiga mashhur golini urgan o‘yinda kiygan futbolkasiga tegishli. U 2022 yilda Sothebyʼs auksionida 8,1 million yevrodan ortiq mablag‘ga sotilgan.