Jamiyat

170 dan ortiq o‘zbekistonlik Makkadan qayta olmayapti

Published

on


Bosh konsulxona diplomatlari Makka shahridagi «Kanari» va «Al-Ayam Elite» mehmonxonalariga tashrif buyurib, qiyin ahvolda qolgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashdi. «Dunyo» axborot agentligiga ko‘ra, ayni paytda ushbu mehmonxonalarda 170 nafardan ortiq ziyoratchi Vatanga qaytishni kutib turibdi.

Ziyoratchilarning ma’lum qilishicha, ular 14 kunlik umra safari doirasida turli guruhlar tarkibida Saudiya Arabistoniga kelgan. Biroq, safarni tashkil etgan shaxslarning yolg‘on ma’lumotlari va xatolari oqibatida ular belgilangan vaqtda ortga qaytolmagan.

Suhbatlar davomida ziyoratchilarning aksariyati keksa yoshda ekani, ular orasida infarktni boshidan o‘tkazgan, qandli diabet va qon bosimi kabi surunkali kasalliklarga chalingan fuqarolar borligi qayd etildi. Ular Vatanga qaytishda amaliy yordam so‘ragan.

Diplomatlar so‘nggi yillarda umra ziyoratini tashkil etish uchun ruxsatnomaga ega bo‘lmagan ayrim «turistik firmalar» va «jismoniy shaxslar» tomonidan tartibsiz safarlar ko‘payganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, bunday noqonuniy safarlar nafaqat Makka, balki Madina va Jidda shaharlarida ham o‘zbekistonliklarni mushkul vaziyatlarga tushirmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi litsenziyasi asosida 14 ta turistik firma umra ziyoratini rasmiy ravishda tashkil etayotgani ma’lum qilindi. Biroq ayrim fuqarolar noqonuniy tashkilotchilarning yolg‘on reklamalariga aldanib qolmoqda.

Bosh konsulxona ziyoratchilarning murojaatlari belgilangan tartibda tegishli idoralarga yetkazilishini ma’lum qildi. Biroq ularni ko‘rib chiqish ma’lum vaqt talab qilishi qayd etildi.

Shu sababli, vaziyat og‘irlashmasligi uchun ziyoratchilarga imkoniyatdan kelib chiqib, o‘z hisoblaridan aviachipta xarid qilib Vatanga qaytish tavsiya etildi.

Shuningdek, fuqarolarga ularni mushkul ahvolga solgan shaxslar ustidan O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng tegishli idoralarga murojaat qilish huquqi borligi tushuntirildi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version