Iqtisodiyot
17 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi hududiy boshqarmalari davlat xaridlari sohasida o‘tkazilgan monitoring va murojaatlar tahlili natijasida umumiy qiymati 17 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlarini aniqladi.
Qonun talablari buzilgan xaridlar qatoridan Andijon, Buxoro, Qoraqalpog‘iston, Farg‘ona, Jizzax, Namangan, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm, Toshkent viloyati hamda Toshkent shahridagi davlat tashkilotlari o‘rin olgan.
Eng yirik qonunbuzilishlar:
«Mikrokreditbank» ATB – qariyb 2,8 mlrd so‘m;
Respublika ftiziatriya va pulmonologiya tibbiy reabilitatsiya markazi – qariyb 2,5 mlrd so‘m;
Saksonota davlat o‘rmon ishlab chiqarish korxonasi – 1,3 mlrd so‘mdan ortiq;
Chapqirg‘oq Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi – qariyb 1,3 mlrd so‘m;
«Samarqand xalqaro aeroporti» MChJ – 1 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridi.
Qo‘mita ma’lum qilishicha, eng yaxshi takliflarni tanlash savdolarida «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilib, raqobatni cheklashi mumkin bo‘lgan harakatlar aniqlangan.
Shu munosabat bilan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan ishlar qo‘zg‘atilib, belgilangan tartibda ta’sir choralari qo‘llanildi. Shuningdek, qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida takrorlanmasligi bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Raqobat qo‘mitasi davlat xaridlarida qonun ustuvorligini ta’minlash, budjet mablag‘larining shaffof va samarali sarflanishi hamda tadbirkorlar uchun teng raqobat muhitini yaratish ustuvor vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.