Jamiyat

110 ta savdo obekti aniqlandi

Published

on


Toshkentda jamoat transportidan foydalanuvchilar soni ortib borayotgan bir paytda bekatlar infratuzilmasini tartibga solish va yangilash ishlari davom ettirilmoqda. O‘tkazilgan audit natijasida bekatlar o‘rnida 110 ta savdo obekti joylashgani ma’lum bo‘lib, ularning 61 tasi hujjatlarni taqdim eta olmagan.

Foto: Toshshaxartransxizmat

Toshkentda yo‘lovchi oqimi ortib borayotgani sabab shaharliklar jamoat transportini tobora ko‘proq tanlamoqda. Bu esa qulaylik, xavfsizlik va xizmat sifatiga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Shu munosabat bilan davlat transport tizimini bosqichma-bosqich kuchaytirib, avtobuslar parkini kengaytirish, yo‘nalishlar va infratuzilmani yangilash ishlarini olib bormoqda.

Qayd etilishicha, poytaxtda bekat infratuzilmasini tartibga solish va yangilash bo‘yicha o‘tgan yili boshlangan ishlar hozir ham davom ettirilmoqda. Raqamli transport markazi tashkil etilganidan so‘ng, ushbu vazifa markaz mutaxassislari va xodimlari tomonidan muvofiqlashtirib kelinmoqda.

Avvalroq mutaxassislar poytaxtning eng tirband 472 km avtomobil yo‘lini aniqlagani va ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar boshlangani ma’lum qilingan edi. Birinchi bosqichda 100 kmlik masofa qamrab olinib, 360 dan ortiq bekat va 190 ta katta-kichik chorraha xatlovdan o‘tkazildi.

O‘tkazilgan audit natijalariga ko‘ra, jamoat transporti yo‘nalishidagi bekatlar o‘rnida xalq tilida “tijorat do‘konlari” deb ataladigan 110 ta savdo obekti joylashgan. Ulardan 61 tasi bekat majmuasi hududiga egalik qilish va uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim eta olmagan. Ma’lum qilinishicha, ushbu holatlarga huquqiy baho berilib, tegishli choralar ko‘riladi.

Shahar ma’muriyatining tegishli qaroriga asosan barcha bekatlarni yangilash rejalashtirilgan. Ruxsat beruvchi hujjatlarga ega tadbirkorlarga savdo nuqtalarini o‘rnatish uchun boshqa joy ajratish orqali kompensatsiya to‘lash mexanizmi ham ko‘zda tutilgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, jahon amaliyotiga ko‘ra jamoat transporti bekatlarining zamonaviy konsepsiyasi bekat hududida savdo obektlari bo‘lmasligini, yo‘lovchilarning transportni erkin va xavfsiz kutishini, platformalar yetarlicha keng bo‘lishini hamda tirbandlik yuqori bo‘lganda ularni kengaytirish imkoniyati mavjudligini, shuningdek inklyuziv muhit yaratilishini nazarda tutadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Dolzarb 90 kun” doirasidagi o‘zgarishlar va amalga oshirilayotgan ishlar haqida jamoatchilikni muntazam xabardor qilish rejalashtirilgan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version