Jamiyat
1-sentyabrdan yo‘lkira shahar avtobuslariga chiqish vaqtida to‘lanadi
O‘zbekistonda muntazam shahar avtobus yo‘nalishlarida yo‘lovchi tashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-iyundagi 276-son qaroriga muvofiq, jamoat transportini modernizatsiya qilish, ekologik toza transport vositalarini jalb etish va to‘lov intizomini kuchaytirish bo‘yicha qator yangiliklar joriy etiladi.
Qarorga ko‘ra, haydovchi bilan birga kamida 60 nafar yo‘lovchi tashish imkoniyatiga ega bo‘lgan, «Yevro-5» va undan yuqori ekologik talablarga javob beradigan yangi avtobus, elektrobus va trolleybuslar 2027 yil 31 dekabrga qadar O‘zbekistonga import qilinganda ularga nisbatan utilizatsiya yig‘imining nol stavkasi qo‘llaniladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab brutto-shartnoma asosida tashkil etilgan shahar avtobus yo‘nalishlarida yo‘lkira haqini to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi.
Unga ko‘ra, yo‘lovchilar avtobusga chiqish vaqtida transport kartasini validatorga tekkizish, bank kartasi yoki smartfon orqali NFC, QR-kod, biometrik va boshqa zamonaviy texnologiyalar yordamida to‘lovni amalga oshirishi lozim bo‘ladi. Imtiyozli yoki bepul yurish huquqiga ega fuqarolar ham ijtimoiy yoki transport kartasini validatorga tekkizish orqali ushbu huquqini tasdiqlaydi.
Hukumat qaroriga muvofiq, yo‘lkira haqi avtobusga chiqish paytida belgilangan usullar orqali tasdiqlanmasa, yo‘lovchi chiptasiz harakatlanayotgan deb hisoblanadi.
Qaror bilan shahar avtobus yo‘nalishlari tushunchasiga ham o‘zgartish kiritildi. Endi shahar hududidan 5 kilometrgacha, ayrim hollarda esa tasdiqlangan bosh rejalarga muvofiq 12 kilometrgacha chiquvchi yo‘nalishlar ham shahar avtobus yo‘nalishlari sifatida e’tirof etiladi.
Bundan tashqari, Transport vazirligiga 2026-yil 1-sentyabrga qadar poytaxt jamoat transporti va shahar atrofi temir yo‘l qatnovlarida yo‘lkira haqini to‘lashning yagona integratsiyalashgan tizimini joriy etish vazifasi yuklatildi. Ushbu tizim doirasida «elektropoyezd–avtobus» va «elektropoyezd–metro» kabi jozibador tarif rejalarini ishlab chiqish ham nazarda tutilgan.
Mutaxassislar fikricha, mazkur o‘zgarishlar jamoat transportida hisob-kitoblarni shaffoflashtirish, naqd pul aylanmasini qisqartirish va yo‘lovchilar uchun yanada qulay transport tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.