Jamiyat
1 mlrd so‘mlik tabiiy qumni o‘zboshimchalik bilan qazib olish holati aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning G‘uzor tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida qurilish sohasida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish yo‘nalishida reyd tadbiri o‘tkazildi.
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament
Reyd davomida “Qashqadaryo” daryosi o‘zanidan 39,5 ming m³ tabiiy qum xomashyosini maxsus texnikalar yordamida o‘zboshimchalik bilan qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 1 mlrd so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro A.X. va boshqalar G‘uzor tumanidagi “Qovchin” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo daryosi o‘zanidan noruda foydali qazilma hisoblangan tabiiy qum xomashyosini ruxsatsiz qazib olgan. Ushbu harakatlar natijasida 39,5 ming m³ qum qazib olingani, davlat va jamiyat manfaatlariga esa 1 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgani qayd etildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-moddasi (o‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.