Jamiyat
Toshkent shahrida narkosavdogarlar 19 kilogramm giyohvand modda bilan ushlandi
IIV Tezkor-qidiruv departamenti va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Toshkent shahri hamda Namangan viloyatida qariyb 30 kg narkotik modda noqonuniy aylanmasiga chek qo‘ydi. Toshkent shahridagi holatda narkosavdogarlar Yangihayot tumanida xufiya joyga ko‘mib qo‘yilgan 19 kg giyohvand moddani olishga kelganda ushlangan.
Toshkent shahri va Namangan viloyatida narkotik moddalar savdosi bilan bog‘liq holatlar fosh etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil 9 noyabr kuni IIV Tezkor-qidiruv departamenti va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida Toshkent shahrida nazorat ostida yetkazib berish tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. Unda 1978 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining 1973 yilda tug‘ilgan jinoiy sherigi bilan poytaxtning Yangihayot tumanida giyohvand vositalarini ko‘mib qo‘yilgan joydan olayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olingan. Mazkur uyushgan jinoiy guruh a’zolari 19 kg 80 gramm og‘irlikdagi giyohvand vositalarini tanishlari tomonidan tashlab berilgan geolokatsiya orqali olganliklari aniqlangan.
Giyohvand vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq yana bir holat Namangan viloyatida aniqlandi. Joriy yil 13 noyabr kuni olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirida yillar davomida zanjirga aylanib ulgurgan bir nechta jinoiy guruhdan tashkil topgan jinoiy uyushma a’zolari fosh etilgan.
Jumladan, giyohvand vositalarining tarqalishi va aylanmasida kurer vazifasini bajargan 30 yoshli shaxs va uning 32 yoshli jinoiy sherigi qo‘lga olingan. Ular jinoiy til biriktirib, Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tuman hududida joylashgan dala maydoniga kelib, og‘irligi 10 kg bo‘lgan gashish giyohvand moddasini olganda ushlangan.
Holat yuzasidan tezkor-qidiruv harakatlari olib borilganda, qo‘lga olinganlar ushbu giyohvand vositalarini rahnamolari bo‘lmish ikki shaxsning topshirig‘iga asosan ular tashlab bergan geolokatsiyadan olib kelganliklarini ma’lum qilgan. Amalga oshirilgan tezkor tadbirlarda rahnamolardan biri, 2001 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi ushlangan. Ikkinchisi esa Qirg‘iz Respublikasi hududida qo‘lga olingan. Hozirda qolgan jinoiy uyushma a’zolarini qo‘lga olish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilayotgani bildirildi.
Har ikki holat bo‘yicha ushlangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Avvalroq Toshkent shahrida narkosavdogar oila a’zolari qo‘lga olingandi.
Jamiyat
Tanqiddan so‘ng: Romitandagi «domlar» ta’mirlandi
Joriy yilning oktyabr oyida «Xabar.uz»da «Biz o‘z uyimizda xavfda yashayapmiz…» va’dalardan charchagan aholi» sarlavhasi ostida maqola e’lon qilingan edi.
Unda Buxoro viloyati, Romitan tumani markazidagi bir nechta ko‘p qavatli uylar ahvoli aholi yashash uchun noqulaylik tug‘dirayotgani, mutasaddilarning va’da berib, amalda ko‘zbo‘yamachilikdan nariga o‘tmayotgani va shu muammolar atrofida aylanayotgan odamlar noroziliklari xususida so‘z borgan edi.
Oradan ko‘p o‘tmay, tuman hokimi Umid Barnoyev tanqidning o‘rinli ekani, aynan, shu og‘riqli masalani o‘z nazoratiga olganini bildirdi.
Shundan so‘ng ko‘p sonli aholini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan muammoni bartaraf etishga kirishilgan va masala ijobiy hal etilgan. Romitan tuman hokimligi hamda «Aslon Islom qurilish» boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan ko‘p qavatli uylarning tashqi va ichki ko‘rinishi, tom qismi hamda elektr energiyasi yetkazib beruvchi kabellar va boshqa pardozlash ishlari to‘liq ta’mirlanib, tuzatib berilgan.
– Biz xalq xizmatidamiz. «Dom»lar haqiqatan, ta’mirtalab holatga kelib qolgan edi. Ayni paytda aholining barcha talablari yetarlicha qanoatlantirildi. «Domlar» yangi qiyofa kasb etdi. Odamlarning kayfiyati ko‘tarildi. Kelgusi yil, 2026 yilda yo‘laklarni ham ta’mirlab beramiz, – dedi «Aslon Islom qurilish» boshqaruv servis kompaniyasi rahbari Aslon Atoyev.
Darhaqiqat, ta’mirtalab holatga kelib qolgan va ta’mirlash ishlarida o‘z vaqtida e’tibor qaratilmagan ko‘p qavatli uylarning muammolari bartaraf etilgan.
– To‘g‘risi, va’dalardan charchagan edik. Tanqiddan keyin uylar ta’mirlandi. Tanqid samarada berdi. Judayam xursandmiz. Buning uchun kelib asl holatni o‘rgangan hamda muammolarimizga befarq bo‘lmagan «Xabar.uz» tahririyati jamoasiga hamda mutasaddilarga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz. Bayramu to‘ylarda xizmat qiladigan uy bo‘ldi. Va umuman, yaxshi va farovon yashashimiz uchun maskanlarimizni chiroyli, obod qilib berganlar kam bo‘lishmasin, – deyishdi fuqarolar.
Ma’lumot o‘rnida: Tuman hokimining so‘ziga ko‘ra, o‘z vaqtida muammolarning yechimsiz qolib ketayotganiga e’tibor qaratmagan va aholi noroziligiga befarq bo‘lgan hokim o‘rinbosari o‘z lavozimidan bo‘shatilgan. Surishtiruv davomida tuman hokimi o‘rinbosari Jo‘raqul Mustafoyev dastlab, bu masala bo‘yicha intervyu berishdan bosh tortgan va har ikki so‘zining birida «zamhokim sifatida va’da beraman» deyishdan to‘xtamay, «Kompaniya rahbarini daraxtga bog‘lab qo‘yaman!» – deya po‘pisa qilgan edi.
Jamiyat
Otasini ta’minlashdan bo‘yin tovlagan o‘g‘il 15 sutkaga qamaldi
Ota-onani moddiy ta’minlash – qonun bilan belgilangan mas’uliyat. MIB Samarqand viloyati boshqarmasi Oqdaryo tumanida o‘z burchini qasddan bajarmagan fuqaro ma’muriy tartibda javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi.
MIBga ko‘ra, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan, qarzdor E.X.dan o‘z otasi Yu.X. foydasiga oylik daromadining 50 foizi miqdorida aliment to‘lash belgilangan.
Biroq qarzdor belgilangan majburiyatni bajarmasdan, alimentni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan. MIB davlat ijrochisi tomonidan berilgan bir necha bor ogohlantirishlarga qaramay, qarzdorning harakati o‘zgarmagani sababli hujjatlar sudga kiritilgan.
2025 yil 1 dekabr kuni JIB Oqdaryo tuman sudi E.X.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-5-moddasi 1-qismi asosida 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, Oila kodeksining 109-moddasida voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar mehnatga layoqatsiz va yordamga muhtoj ota-onalarini moddiy ta’minlashi va ular to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi shartligi belgilangan.
Jamiyat
Navoiyda portlovchi modda sotgan shaxs qamaldi
Zarafshon shahrida yashovchi 43 yoshli shaxs 775 gr miqdordagi NDSI-2K markali portlovchi moddani 1,5 mln so‘mga sotgan vaqtida tezkor tadbirda qo‘lga olingan. U sud hukmi bilan 5,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Navoiy viloyati Zarafshon shahrida portlovchi modda sotgan ovchi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, 1982 yilda tug‘ilgan J.I. Zarafshon shahrida istiqomat qilib, kirakashlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. U 2017 yildan ovchilik jamiyati a’zosi bo‘lgan.
J.I. 2025 yil 4 iyul kuni Zarafshon shahrida shartli xaridorga 1,5 mln so‘mga portlovchi modda sotgan vaqtida tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazining xulosasiga ko‘ra, ovchi sotgan modda 775 gr og‘irlikdagi NDSI-2K markali portlovchi modda bo‘lgan.
J.I. sudda aybiga iqror bo‘lgan va portlovchi moddani Buxoro viloyati Shofirkon tumani hududida ov qilib yurganida topib olganini aytgan.
“2017 yildan ovchilik jamiyatiga a’zoman. IJ-27 markali, 12 kalibrli, ikki stvolli ov qurolini nomimga rasmiylashtirib olganman. Shundan buyon ov mavsumida ovga chiqib turaman. Ovda ishlatadigan patronlarni ovchilik do‘konidan sotib olaman. Ko‘pincha o‘zim qo‘lbola usulda yasab foydalanaman.
2023 yilda Shofirkon tumanida zovur atrofida ov qilib yurgan vaqtimda yerdan 2 dona uzinligi taxminan 35-40 sm bo‘lgan porox tayoqchalarini topib oldim. Ularni ovda patron tayyorlash uchun Zarafshon shahriga olib keldim. So‘ngra porox tayoqchalaridan birini o‘zimning yashash xonadonimda pichoq bilan maydalab, patron yasab, ovda foydalandim”, degan u suddagi ko‘rsatmasida.
Ovchi sodir etgan qilmishi jinoyat ekanini bilmaganini aytib, pushaymonlik bildirgan hamda suddan yengillik so‘ragan.
J.I.ga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Zarafshon shahar sudida ko‘rib chiqildi. Sudning hukmi bilan J.I. Jinoyat kodeksining 248-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni (o‘qotar qurolni, o‘q-dorilarni, portlovchi moddalarni yoki portlash qurilmalarini o‘tkazish) sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Jamiyat
33 ta hokimlikda tajriba tariqasida yangicha boshqaruv yo‘lga qo‘yiladi
“Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Ma’lumot uchun: Boshqaruv samaradorligi agentligi (Agentlik) Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi negizida tashkil etilgan.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomidagi 33 ta tuman (shahar) hokimliklarida tajriba-sinov tariqasida quyidagilarni nazarda tutuvchi natijaga asoslangan boshqaruv tizimi joriy etiladi:
davlat organlari faoliyatining maqsadli ko‘rsatkichlari va indikatorlari ularga qo‘yilgan vazifalar asosida Agentlik tomonidan shakllantiriladi hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;
Agentlik:
– natijaga asoslangan boshqaruv modelini ishlab chiqadi hamda uning joriy etilishini uslubiy jihatdan muvofiqlashtiradi;
– maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilganligini “samaradorlik.gov.uz” elektron platformasi orqali baholashni tashkil etadi;
– tegishli vazifalarni bajarish va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishda kadrlar salohiyatini rivojlantirishga ko‘maklashadi;
– davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallash uchun tanlovlarda zamonaviy yondashuv, zarur hollarda, qo‘shimcha bosqichlarni joriy etadi.
Jamiyat
Ayrim hududlardagi davlat organlarida kadrlar rotatsiya qilinadi
O‘zbekiston prezidentining “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, davlat organlarining vazifa va funksiyalari quyidagi 5 ta darajaga ajratiladi:
konstitutsiyaviy va milliy daraja;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari darajasi;
hududiy daraja;
tuman (shahar) darajasi;
mahalla (qishloq, ovul) fuqarolar yig‘ini darajasi.
2026-yil 1-yanvardan “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomidagi 33 ta tuman (shahar)da faoliyat yurituvchi davlat organlarida kadrlar rotatsiyasi tizimi joriy etiladi. Bunda:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuman (shahar) bo‘linma rahbari hamda tuman (shahar) hokimi va uning o‘rinbosarlari har 5 yilda, qoida tariqasida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri doirasida boshqa tuman (shahar)ga rotatsiya qilinadi;
rotatsiya qilinadigan rahbarlar Agentlikning “hrm.gov.uz” elektron platformasi orqali aniqlanadi;
rahbar yangi hududga o‘tishdan oldin hududning iqtisodiy va ijtimoiy holati bo‘yicha intensiv kursda o‘qitiladi;
rotatsiya qilingan rahbar faoliyati Agentlik tomonidan elektron platforma orqali onlayn tarzda monitoring qilinadi.
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekiston oktyabrda oltinning eng yirik xaridorlaridan biri bo‘ldi
-
Jamiyat5 days agoSirdaryoda 100 million kub metrlik yangi suv ombori quriladi
-
Turk dunyosi4 days agoTurkiya Rossiya quvur liniyali gaz ta’minotini bir yil davomida kengaytirmoqda
-
Iqtisodiyot5 days agoSirdaryodagi 9 ta tuman-shahar hokimlari Xitoyga yo‘l oladi
-
Jamiyat5 days agoPrezident Gulistonga keltirilgan zamonaviy avtobuslarni borib ko‘rdi
-
Sport3 days agoТуркия Суперлигаси. «Башакшеҳир» – «Фенербаҳче». Шомуродов ва Файзуллаев — асосий таркибда
-
Turk dunyosi4 days agoTurkiya qimor o’yini-onaviy tergovning bir qismi sifatida futbolchilar va sheriklar hibsga olingan
-
Hayot tarzi4 days agoDemi Xestemanning Jessi Gatikaulaning “Me’blari” ga qanday munosabatda bo’ldi
