Iqtisodiyot
O‘zbekistonda go‘sht narxi oshishiga qaysi omillar ta’sir qilyapti?
Markaziy bankka ko‘ra, qo‘shni davlatlardagi cheklovlar va import narxlarining oshishi O‘zbekistonda go‘sht qimmatlashishiga ta’sir o‘tkazgan. Xususan, 2025 yilning dastlabki 4 oyida 1 kg import qoramol go‘shtining o‘rtacha bahosi 4,07 dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 3,89 dollarga teng bo‘lgan. Shuningdek, oxirgi 7 oyda yem-ozuqa narxlari ham keskin oshib ketgan.
O‘zbekistonda go‘sht narxlarining oshishiga qo‘shni davlatlardagi eksport cheklovlari ham ta’sir qilgan. Bu haqda Markaziy bankning «Pul-kredit siyosati sharhi»da keltirib o‘tilgan.
«Qo‘shni mamlakatlardagi go‘sht eksportiga qo‘yilgan cheklovlar natijasida go‘sht taklifi kamayishi, shuningdek, import narxlari oshgani ichki narxlar ham o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Mart oyida go‘sht mahsulotlari narxi 6,1 foizga o‘sib, yillik hisobda 21,6 foizga yetdi», deyiladi MB sharhida.
O‘zbekistonga go‘sht importi
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonga 197 mln dollarlik go‘sht mahsuloti import qilingan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan (118,5 mln dollar) 66 foizga ko‘p.
Hisobot davrida O‘zbekistonga 156,2 mln dollarlik 38,3 ming tonna qoramol go‘shti olib kirilgan. Bunda 1 kg go‘shtning o‘rtacha bahosi 4,07 dollarni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 3,89 dollarga teng bo‘lgan.
Ozuqa narxi ham keskin qimmatlashgan
Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2025 yilning I choragida go‘sht narxining oshishiga ta’sir qilgan omillardan biri sifatida yem-ozuqa, elektr energiyasi va yoqilg‘i–moylash materiallari ham qimmatlashganini keltirib o‘tgandi.
«Chorvachilikda go‘sht yetishtirish uchun kuchli ozuqaga bo‘lgan talab yuqoriligi, ozuqa yetishtirish uchun yer maydonlari yetishmasligi tufayli chorva mollarining ozuqa bilan ta’minlanish darajasining 35-40 foizini tashkil etmoqda. 2024 yil oktyabr oyidagi narxlar bilan solishtirilganda, bugungi kunda shrot narxi 3 ming so‘mdan 7 ming so‘mga, sheluxa 2 800 so‘mdan 4 ming so‘mga, omuxta yem 2 900 so‘mdan 3 700 so‘mga, bug‘doy 2 200 ming so‘mdan 3 500 ming so‘mga, makkajo‘xori silosi 500 so‘mdan 900-1 000 so‘mga, somon 15 ming so‘mdan 25 ming so‘mga, beda esa 25 ming so‘mdan 45 ming so‘mga oshgan. Ozuqa xarajatlari, mehnatga haq to‘lash va elektr energiyasi xarajatlarining oshishi ham go‘sht tannarxiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotganini alohida ta’kidlash zarur», deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi izohida.
Oxirgi yetti oy ichida shrot narxi 2,3 barobarga, sheluxa 43 foizga, omuxta yem 28 foizga, bug‘doy 59 foizga, makkajo‘xori silosi qariyb 2 barobarga, somon 67 foizga, beda esa 80 foizga qimmatlashgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekistonda 2,9 mln tonna go‘sht (tirik vaznda) yetishtirilgan. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 3,9 foizga ko‘p. O‘z navbatida go‘sht yetishtirish 2023 yilda 2,8 mln tonnani, 2022 yilda esa 2,7 mln tonnani tashkil etgan. Ya’ni aholi iste’mol qiladigan go‘shtning asosiy qismi mamlakat ichkarisida yetishtiriladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 61 mlrd dollardan oshdi
Noyabr oyida zaxiralar 1,9 milliard dollarga o‘sdi, yil boshidan esa ular 20 milliard dollarga oshdi. Bu, avvalo, oltin narxi va hajmining ortishi bilan bog‘lanmoqda.
2025 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 61,23 milliard dollarga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Noyabr oyida zaxiralar 1,9 milliard dollarga o‘sdi, yil boshidan esa ular 20 milliard dollarga oshdi. Bu, avvalo, oltin narxi va hajmining ortishi bilan bog‘lanmoqda.
Oltinning fizik hajmi ketma-ket ikkinchi oy oshdi. Noyabrda u 310 ming troya unsiyaga (9,64 tonna) oshib, 12,23 million unsiyaga (380,4 tonna) yetdi.
Oltin zaxiralarining qiymati 3 milliard dollarga oshib, 50,86 milliard dollarga yetdi.
Zaxiralarning valuta qismi esa 1,1 milliard dollarga kamayib, 9,8 milliard dollarni tashkil etdi.
Qimmatli qog‘ozlar hajmi avvalgi oyga nisbatan 503,3 million dollarga ko‘payib, 1,53 milliard dollarni tashkil etdi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonliklar sog‘liqni saqlashga qariyb 17 trln so‘m sarfladi
O‘zbekistonliklar sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar uchun 10 oyda 16,5 trln so‘m sarflagan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-oktyabr oylarida sog‘liqni saqlash sohasidagi bozor xizmatlari hajmi 16,5 trln so‘mga yetdi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 15,4 % ga oshgan. Jami ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmida ushbu xizmat turining ulushi 2 % ni tashkil etgan.
Hududlar kesimida sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar hajmi:
Toshkent shahri – 7,7 trln so‘m
Toshkent viloyati – 1,6 trln so‘m
Samarqand viloyati – 1,2 trln so‘m
Farg‘ona viloyati – 1,1 trln so‘m
Namangan viloyati – 747,7 mlrd so‘m
Andijon viloyati – 739 mlrd so‘m
Buxoro viloyati – 640,1 mlrd so‘m
Qashqadaryo viloyati – 612,8 mlrd so‘m
Xorazm viloyati – 557,8 mlrd so‘m
Surxondaryo viloyati – 416,8 mlrd so‘m
Jizzax viloyati – 398,8 mlrd so‘m
Sirdaryo viloyati – 293,1 mlrd so‘m
Qoraqalpog‘iston Resp. – 285,6 mlrd so‘m
Navoiy viloyati – 269 mlrd so‘m.
Iqtisodiyot
Xitoylik investorlar Jizzaxdagi volfram konini ishga tushirmoqda
Qayd etilishicha, Nurota tog‘ tizmasining janubi-g‘arbiy qismida joylashgan ushbu kon O‘zbekiston tog‘-kon sanoatida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yirik obektlardan biri hisoblanadi.
Jizzax viloyatida 2,5 million tonna volfram zaxirasiga ega Qo‘ytosh koni ishga tushish arafasida, deb xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Xabarga ko‘ra, xitoylik investorlar yil oxirigacha konni tozalash ishlarini tugallaydi. Kelasi yilda esa ruda qazib olish jarayonlari boshlanadi.
Kon hududida volframni ajratib olish bo‘yicha zamonaviy qayta ishlash zavodi barpo etiladi.
Qayd etilishicha, Nurota tog‘ tizmasining janubi-g‘arbiy qismida joylashgan ushbu kon O‘zbekiston tog‘-kon sanoatida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yirik obektlardan biri hisoblanadi.
Loyihaning birinchi bosqichida 100 nafarga yaqin fuqaro ish bilan ta’minlanadi va yiliga 150 ming tonna ruda qazib olinadi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 61,23 mlrd dollarga yetdi
O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari, 1-dekabr holatiga, 61,23 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumot berdi.
Zaxiralar noyabrda 1,9 mlrd dollarga (+3,2 foiz) o‘sdi, yil boshidan esa 20 mlrd dollarga (+48,7 foiz) oshdi. Bu avvalo oltin narxi va hajmining ortishi bilan bog‘lanmoqda.
Qolaversa, Markaziy bank sotib olgan qimmatli qog‘ozlar qiymati ham sezilarli darajada oshgan — noyabrda 503 mln dollarga ko‘payib, $1,52 mlrdga yetgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonliklarni Koreyaga ishga jo‘natishga tayyorlaydigan maxsus o‘quv ustaxonalari ochiladi
Uch oylik dasturda koreys tili va madaniyati, texnika xavfsizligi, Koreya metodikasi asosida amaliy avtomobil servisi o‘rgatiladi. O‘quvni muvaffaqiyatli tamomlaganlar Koreyaga ishga jo‘natiladi.
Foto: Migratsiya agentligi
Janubiy Koreyaning “KIA Auto” kompaniyasi rahbariyati Migratsiya agentligida bo‘ldi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, 2026 yil boshidan Migratsiya agentligi tomonidan KIA AUTO standartlariga mos maxsus o‘quv ustaxonalari ochiladi. Uch oylik dasturda koreys tili va madaniyati, texnika xavfsizligi, Koreya metodikasi asosida amaliy avtomobil servisi o‘rgatiladi.
O‘quvni muvaffaqiyatli tamomlaganlar E-7 vizasi (malakali ishchi) bilan Koreyaga ishga joylashtiriladi. E-7 vizasining asosiy talabi — koreys tilini TOPIK 1 darajasida bilish.
“Koreya Adliya vazirligi 2025 yildan boshlab avtomobil kuzovini bo‘yash yo‘nalishiga xorijlik mutaxassislarni jalb qilishga ruxsat berdi. Shu vaqtga qadar faqat mahalliy aholi ishlagan. O‘zbekiston ushbu loyihaga birinchi bo‘lib jalb etilmoqda”, deyiladi Migratsiya agentligi xabarida.
KIA Auto — Koreyaning yetakchi avtomobillarga xizmat ko‘rsatish tarmog‘i bo‘lib, mamlakat bo‘ylab 600 ga yaqin servis markazi bor. Yiliga 1 milliondan ortiq avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatadi va malakali kadrlarga ehtiyoj yuqori.
-
Jamiyat5 days agoСаида Мирзиёева атмосфера ҳавосининг ифлосланиши бўйича йиғилиш ўтказмоқда
-
Iqtisodiyot3 days agoO‘zbekistondan Daniyaga ilk bor oziq-ovqat va quruq meva eksport qilindi
-
Iqtisodiyot3 days agoPrezidentning Sirdaryoga tashrifi «River Med Pharm» korxonasidan boshlandi
-
Jamiyat4 days agoYunusobodda YTH oqibatida avtomobil yonib ketdi
-
Siyosat3 days agoMarkaziy Osiyo mamlakatlari 2026 yilda suvdan foydalanish va suv havzalari tizimiga kelishib olishdi
-
Dunyodan4 days agoIndoneziyada bir necha kun ichida 700 dan ortiq kishi halok bo’ldi.
-
Sport3 days ago«Real» ta’qibni davom ettirdi, «Liverpul» yana ochko yo‘qotdi. Kun o‘yinlari
-
Sport4 days agoShavkat Mirziyoyev Prezident Olimpiadasi ishtirokchilarini tabrikladi
