Iqtisodiyot
O‘zbekiston va AQSh kritik minerallar sohasida hamkorlikni kengaytiradi
O‘zbekiston va AQSh uran, mis, volfram, molibden va grafit qazib olish hamda chuqur qayta ishlashni rivojlantiradi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Amerika ishbilarmon doiralari bilan kechgan uchrashuvda ma’lum qildi. Yangi loyihalarga DFC korporatsiyasi va AQSh Eksimbanki jalb qilinishi kutilmoqda.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Vashington shahriga amaliy tashrifning ishbilarmonlik dasturi yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQShning yetakchi kompaniyalari, investitsiya fondlari va moliya institutlari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda AQSh savdo vaziri Hovard Latnik, prezidentning maxsus yordamchisi Rikki Gil, prezidentning maxsus vakili Paolo Zampolli, qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Stiven Vaden, shuningdek, Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi rahbarlari, Traxys, FLSmidth, McKinsey, Meta, Google, Amazon, Boeing, Air Producs, Axiom Space, Cove Capital, Freeport-McMoRan, Orion CMC, Cargill Cotton, John Deere, Honeywell, Valmont Industries, Flowserve Corporation kabi yirik korporatsiya va kompaniyalarning yuqori darajadagi menejerlari ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoyev so‘nggi 8 yil ichida AQSh bilan tovar ayirboshlash hajmi 4 barobar oshgani, O‘zbekistonda AQShning 300 dan ortiq kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotganini ta’kidladi.
Prezident hamkorlikning bugungi darajasi birgalikdagi ishlarga keng istiqbol ochadigan yangi bosqichning boshlanishi ekanini alohida ta’kidladi. AQSh prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lajak uchrashuvda iqtisodiy hamkorlikning aniq yo‘nalishlari va yangi qo‘shma tashabbuslar muhokama qilinishi qayd etildi.
Davlat rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.
2030 yilga borib O‘zbekistonda 18-20 gigavattlik qayta tiklanuvchi quvvatlarga ega yangi energetika tizimi yaratiladi, elektr energiyasining yarmidan ko‘pi quyosh va shamol energiyasi hisobidan ishlab chiqariladi.
Shu ma’noda, O‘zbekiston va AQSh uran, mis, volfram, molibden va grafit qazib olish hamda chuqur qayta ishlashni rivojlantiradi. Ishonchli yetkazib berish zanjirlarini yaratish va AQShning ilg‘or qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, avtomobil va temir yo‘llar, terminallar va aeroportlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshirilmoqda. 2030 yilgacha transport infratuzilmasini rivojlantirishga 12 milliard dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan.
AQShning Google, Meta, NVIDIA kompaniyalari bilan raqamli hamkorlik kengaymoqda. Apple Pay va Google Pay to‘lov tizimlarini joriy etish, Raqamli akademiya va startap-xablar tarmog‘ini yaratish shular jumlasidan.
Bunday loyihalarni ilgari surish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun DFC korporatsiyasi hamda AQSh Eksimbanki jalb qilinishi aytildi.
Yakunda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh kompaniyalarining investitsiya tashabbuslarini shaxsan qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirib, O‘zbekiston xorijiy investorlar uchun ishonchli hamkor va muvaffaqiyat kafolati bo‘lib qolishini ta’kidladi.
Iqtisodiyot
Xitoylik investorlar Jizzaxdagi volfram konini ishga tushirmoqda
Qayd etilishicha, Nurota tog‘ tizmasining janubi-g‘arbiy qismida joylashgan ushbu kon O‘zbekiston tog‘-kon sanoatida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yirik obektlardan biri hisoblanadi.
Jizzax viloyatida 2,5 million tonna volfram zaxirasiga ega Qo‘ytosh koni ishga tushish arafasida, deb xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Xabarga ko‘ra, xitoylik investorlar yil oxirigacha konni tozalash ishlarini tugallaydi. Kelasi yilda esa ruda qazib olish jarayonlari boshlanadi.
Kon hududida volframni ajratib olish bo‘yicha zamonaviy qayta ishlash zavodi barpo etiladi.
Qayd etilishicha, Nurota tog‘ tizmasining janubi-g‘arbiy qismida joylashgan ushbu kon O‘zbekiston tog‘-kon sanoatida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yirik obektlardan biri hisoblanadi.
Loyihaning birinchi bosqichida 100 nafarga yaqin fuqaro ish bilan ta’minlanadi va yiliga 150 ming tonna ruda qazib olinadi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 61,23 mlrd dollarga yetdi
O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari, 1-dekabr holatiga, 61,23 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumot berdi.
Zaxiralar noyabrda 1,9 mlrd dollarga (+3,2 foiz) o‘sdi, yil boshidan esa 20 mlrd dollarga (+48,7 foiz) oshdi. Bu avvalo oltin narxi va hajmining ortishi bilan bog‘lanmoqda.
Qolaversa, Markaziy bank sotib olgan qimmatli qog‘ozlar qiymati ham sezilarli darajada oshgan — noyabrda 503 mln dollarga ko‘payib, $1,52 mlrdga yetgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonliklarni Koreyaga ishga jo‘natishga tayyorlaydigan maxsus o‘quv ustaxonalari ochiladi
Uch oylik dasturda koreys tili va madaniyati, texnika xavfsizligi, Koreya metodikasi asosida amaliy avtomobil servisi o‘rgatiladi. O‘quvni muvaffaqiyatli tamomlaganlar Koreyaga ishga jo‘natiladi.
Foto: Migratsiya agentligi
Janubiy Koreyaning “KIA Auto” kompaniyasi rahbariyati Migratsiya agentligida bo‘ldi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, 2026 yil boshidan Migratsiya agentligi tomonidan KIA AUTO standartlariga mos maxsus o‘quv ustaxonalari ochiladi. Uch oylik dasturda koreys tili va madaniyati, texnika xavfsizligi, Koreya metodikasi asosida amaliy avtomobil servisi o‘rgatiladi.
O‘quvni muvaffaqiyatli tamomlaganlar E-7 vizasi (malakali ishchi) bilan Koreyaga ishga joylashtiriladi. E-7 vizasining asosiy talabi — koreys tilini TOPIK 1 darajasida bilish.
“Koreya Adliya vazirligi 2025 yildan boshlab avtomobil kuzovini bo‘yash yo‘nalishiga xorijlik mutaxassislarni jalb qilishga ruxsat berdi. Shu vaqtga qadar faqat mahalliy aholi ishlagan. O‘zbekiston ushbu loyihaga birinchi bo‘lib jalb etilmoqda”, deyiladi Migratsiya agentligi xabarida.
KIA Auto — Koreyaning yetakchi avtomobillarga xizmat ko‘rsatish tarmog‘i bo‘lib, mamlakat bo‘ylab 600 ga yaqin servis markazi bor. Yiliga 1 milliondan ortiq avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatadi va malakali kadrlarga ehtiyoj yuqori.
Iqtisodiyot
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshiriladi
O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, meva-sabzavotlar bo‘yicha milliy brendni yaratish borasida hamkorlik qilinadi.
Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) katta iqtisodchisi Dmitro Prixodko bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot FAO bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini barqaror rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.
Uchrashuvda respublikadagi paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatiga «yashil» texnologiyalarni joriy etish, sohani barqaror rivojlantirish bo‘yicha strategik yondashuvlar hamda uning O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan uyg‘unlashuvi muhokama qilindi.
Shuningdek, FAO bilan Jahon banki tomonidan amalga oshirilayotgan «Agrokonnekt» dasturi doirasida hamkorlik qilish, O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, shu jumladan, meva-sabzavotlar bo‘yicha milliy brendni yaratish yuzasidan hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, FAO yordamida Italiyaning qishloq xo‘jaligini rivojlantirish yo‘nalishidagi dasturlarida ishtirok etish masalasi yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma tashabbuslarni davom ettirish va kelgusi loyihalarni muvofiqlashtirilgan tarzda amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda turizm sohasida barqaror o‘sish kuzatilmoqda
2025 yilning yanvar–noyabr oylarida mamlakatimiz turizm sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, barqaror o‘sish sur’atlari qayd etildi. 11 oy davomida O‘zbekistonga 10,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi (o‘sish 114 foiz) va ularga 4,4 milliard AQSh dollari miqdorida turizm xizmatlari eksporti ko‘rsatildi (o‘sish 144 foiz).
Ichki turizm bo‘yicha “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi doirasida aholining hududlarga 23,7 million marta tashrifi amalga oshirildi (rejaga nisbatan 114,8 foiz). Hududlarda 954 ta joylashtirish vositalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, umumiy soni 6861 taga, o‘rinlar soni 183,9 mingtaga yetdi.
Turistlar uchun xizmat ko‘rsatuvchi 662 ta yangi turistik tashkilot va turagentlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida ularning soni 4348 tani tashkil etmoqda. Respublika bo‘ylab 4345 nafar gid-ekskursovodlar faoliyat olib bormoqda, joriy yilning yanvar-noyabr oylari mobaynida 375 nafar gid-ekskursovodlar tayyorlandi. Tadbirkorlik sub’yektlariga berilgan tavsiyalar natijasida 784 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi holati yaxshilanishiga erishildi.
Investitsiya sohasida 421 ta loyiha amalga oshirilib, 6313 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.
-
Jamiyat4 days agoСаида Мирзиёева атмосфера ҳавосининг ифлосланиши бўйича йиғилиш ўтказмоқда
-
Iqtisodiyot3 days agoO‘zbekistondan Daniyaga ilk bor oziq-ovqat va quruq meva eksport qilindi
-
Jamiyat5 days ago2 dekabrdan yangilangan Kichik halqa avtomobil yo‘li foydalanishga topshiriladi
-
Iqtisodiyot3 days agoPrezidentning Sirdaryoga tashrifi «River Med Pharm» korxonasidan boshlandi
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekistonga eng ko‘p dengiz mahsulotlarini yetkazib bergan davlatlar ma’lum qilindi
-
Jamiyat4 days agoYunusobodda YTH oqibatida avtomobil yonib ketdi
-
Dunyodan4 days agoIndoneziyada bir necha kun ichida 700 dan ortiq kishi halok bo’ldi.
-
Sport3 days agoShavkat Mirziyoyev Prezident Olimpiadasi ishtirokchilarini tabrikladi
