Iqtisodiyot
Jahon banki O‘zbekistonda ish o‘rinlari yaratish uchun $800 mln ajratadi
Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishda davom etish, ish o‘rinlarini yaratish, xususiy sektorni rivojlantirish va mamlakat iqtisodiyotining strategik muhim tarmoqlarida raqobatni kuchaytirishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli kreditlar ko‘rinishidagi 800 mln dollarlik moliyaviy paketni ajratishni ma’qulladi.
Jahon banki tomonidan ushbu operatsiya doirasida qo‘llab-quvvatlanayotgan davlat siyosati choralari kam ta’minlangan uy xo‘jaliklari uchun energiya tariflari oshirilishi oqibatlarini yumshatish; ayollarni ish joyidagi tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish; aholining zaif qatlamlarining ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish; telekommunikatsiya, qishloq xo‘jaligi va energetika sohalarida raqobatni kuchaytirish, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro savdosini kengaytirishga yo‘naltirilgan.
Jahon banki ajratayotgan ushbu mablag‘lar hukumatga uzoq muddatli qaytarish shartlari asosida past foiz stavkasi bilan taqdim etiladi. Bunday kreditlash shartlari xalqaro moliya bozorlaridagiga qaraganda ancha foydaliroq. Bu orqali O‘zbekiston qarz bo‘yicha xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qisqartirishi va tejalgan budjet mablag‘larini ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga yo‘naltirishi mumkin bo‘ladi.
Jahon bankining qo‘llab-quvvatlashi hukumatga turli strategik muhim sohalarda davlat siyosatining shoshilinch choralarini amalga oshirishda yordam beradi, jumladan:
Aholini ijtimoiy himoya qilish: Elektr energiyasi, issiqlik ta’minoti va gaz tariflarining o‘sganligini kompensatsiya qilish uchun kam ta’minlangan oilalarga bir martalik yillik moddiy yordam pulini 270 ming so‘mdan 1 million so‘mga oshirish.
Ayollar uchun iqtisodiy imkoniyatlarni oshirish: Ayollarni ish joyidagi jinsiy zo‘ravonlik va tazyiqlardan himoya qilishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy baza va mexanizmlarni rivojlantirish. Ish beruvchilarga homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ish haqini kamaytirish yoki ishdan bo‘shatishni taqiqlash.
Ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish: Akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy va nodavlat yetkazib beruvchi tashkilotlar orqali aholining zaif qatlamlariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bozorini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish.
Davlat korxonalarini isloh qilish: Davlat korxonalarini yanada samarali boshqarish va xususiylashtirish uchun O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasini tashkil etish. Keng polosali Internet va mobil aloqa bozorlarida davlat kompaniyalarining ustunligini cheklash maqsadida mustaqil telekommunikatsiya regulyatorini shakllantirish, shuningdek, telekommunikatsiya sohasiga xususiy investitsiyalarni jalb qilish.
Qishloq xo‘jaligi: Mahalliy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini qishloq xo‘jaligi xavf-xatarlaridan sug‘urtalash tizimini joriy etish. Paxtachilik sohasidagi islohotlarni davom ettirish, xususan, paxta xaridi narxlarini belgilashning yanada moslashuvchan mexanizmini joriy etish va to‘qimachilik korxonalariga ushbu xom ashyoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri har qanday fermer xo‘jaligidan sotib olish imkoniyatini berish.
Tashqi savdoni liberalizatsiya qilish: O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish va eksport tartibini soddalashtirish, shu jumladan ayrim turdagi tovarlarni eksport qilish uchun ruxsatnomalarni bekor qilish orqali xalqaro savdoni kengaytirish. Energetika, neft-gaz, kimyo, qishloq xo‘jaligi va raqobatni cheklaydigan boshqa tarmoqlarda ayrim kompaniyalarga berilgan eksklyuziv huquqlarni bekor qilish.
Energetika sektori: Xususiy investorlar ishtirok etishi uchun elektr energiyasini taqsimlash bozorini ochish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish va mustaqil qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqaruvchilarga elektr energiyasini iste’molchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish huquqini taqdim etish. Ushbu choralar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish va elektr tarmoqlarini rivojlantirishga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradi.
Energiya samaradorligini oshirish: Energiya sarfi yuqori bo‘lgan tarmoqlarda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va energiya samaradorligini oshirish uchun qo‘shimcha rag‘batlarni joriy etish. Ushbu chora-tadbirlar qatorida energiya tejamkor loyihalarga xususiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan Energiya samaradorligi milliy agentligini tashkil etish, shuningdek quyosh energetikasini rivojlantirish, issiqlik nasoslarini joriy etish va binolarning energiya samaradorligini oshirish uchun moliyaviy rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.
«Yashil» davlat xaridlari: Budjet mablag‘laridan foydalanishda ekologik toza tovarlar va xizmatlarni sotib olishga ustuvorlik berish uchun davlat xaridlari tizimiga ekologik mezonlarni joriy etish.
Iqtisodiyot
Xitoylik investorlar Jizzaxdagi volfram konini ishga tushirmoqda
Qayd etilishicha, Nurota tog‘ tizmasining janubi-g‘arbiy qismida joylashgan ushbu kon O‘zbekiston tog‘-kon sanoatida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yirik obektlardan biri hisoblanadi.
Jizzax viloyatida 2,5 million tonna volfram zaxirasiga ega Qo‘ytosh koni ishga tushish arafasida, deb xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Xabarga ko‘ra, xitoylik investorlar yil oxirigacha konni tozalash ishlarini tugallaydi. Kelasi yilda esa ruda qazib olish jarayonlari boshlanadi.
Kon hududida volframni ajratib olish bo‘yicha zamonaviy qayta ishlash zavodi barpo etiladi.
Qayd etilishicha, Nurota tog‘ tizmasining janubi-g‘arbiy qismida joylashgan ushbu kon O‘zbekiston tog‘-kon sanoatida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yirik obektlardan biri hisoblanadi.
Loyihaning birinchi bosqichida 100 nafarga yaqin fuqaro ish bilan ta’minlanadi va yiliga 150 ming tonna ruda qazib olinadi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 61,23 mlrd dollarga yetdi
O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari, 1-dekabr holatiga, 61,23 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumot berdi.
Zaxiralar noyabrda 1,9 mlrd dollarga (+3,2 foiz) o‘sdi, yil boshidan esa 20 mlrd dollarga (+48,7 foiz) oshdi. Bu avvalo oltin narxi va hajmining ortishi bilan bog‘lanmoqda.
Qolaversa, Markaziy bank sotib olgan qimmatli qog‘ozlar qiymati ham sezilarli darajada oshgan — noyabrda 503 mln dollarga ko‘payib, $1,52 mlrdga yetgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonliklarni Koreyaga ishga jo‘natishga tayyorlaydigan maxsus o‘quv ustaxonalari ochiladi
Uch oylik dasturda koreys tili va madaniyati, texnika xavfsizligi, Koreya metodikasi asosida amaliy avtomobil servisi o‘rgatiladi. O‘quvni muvaffaqiyatli tamomlaganlar Koreyaga ishga jo‘natiladi.
Foto: Migratsiya agentligi
Janubiy Koreyaning “KIA Auto” kompaniyasi rahbariyati Migratsiya agentligida bo‘ldi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, 2026 yil boshidan Migratsiya agentligi tomonidan KIA AUTO standartlariga mos maxsus o‘quv ustaxonalari ochiladi. Uch oylik dasturda koreys tili va madaniyati, texnika xavfsizligi, Koreya metodikasi asosida amaliy avtomobil servisi o‘rgatiladi.
O‘quvni muvaffaqiyatli tamomlaganlar E-7 vizasi (malakali ishchi) bilan Koreyaga ishga joylashtiriladi. E-7 vizasining asosiy talabi — koreys tilini TOPIK 1 darajasida bilish.
“Koreya Adliya vazirligi 2025 yildan boshlab avtomobil kuzovini bo‘yash yo‘nalishiga xorijlik mutaxassislarni jalb qilishga ruxsat berdi. Shu vaqtga qadar faqat mahalliy aholi ishlagan. O‘zbekiston ushbu loyihaga birinchi bo‘lib jalb etilmoqda”, deyiladi Migratsiya agentligi xabarida.
KIA Auto — Koreyaning yetakchi avtomobillarga xizmat ko‘rsatish tarmog‘i bo‘lib, mamlakat bo‘ylab 600 ga yaqin servis markazi bor. Yiliga 1 milliondan ortiq avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatadi va malakali kadrlarga ehtiyoj yuqori.
Iqtisodiyot
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshiriladi
O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, meva-sabzavotlar bo‘yicha milliy brendni yaratish borasida hamkorlik qilinadi.
Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) katta iqtisodchisi Dmitro Prixodko bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot FAO bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini barqaror rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.
Uchrashuvda respublikadagi paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatiga «yashil» texnologiyalarni joriy etish, sohani barqaror rivojlantirish bo‘yicha strategik yondashuvlar hamda uning O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan uyg‘unlashuvi muhokama qilindi.
Shuningdek, FAO bilan Jahon banki tomonidan amalga oshirilayotgan «Agrokonnekt» dasturi doirasida hamkorlik qilish, O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, shu jumladan, meva-sabzavotlar bo‘yicha milliy brendni yaratish yuzasidan hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, FAO yordamida Italiyaning qishloq xo‘jaligini rivojlantirish yo‘nalishidagi dasturlarida ishtirok etish masalasi yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma tashabbuslarni davom ettirish va kelgusi loyihalarni muvofiqlashtirilgan tarzda amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda turizm sohasida barqaror o‘sish kuzatilmoqda
2025 yilning yanvar–noyabr oylarida mamlakatimiz turizm sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, barqaror o‘sish sur’atlari qayd etildi. 11 oy davomida O‘zbekistonga 10,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi (o‘sish 114 foiz) va ularga 4,4 milliard AQSh dollari miqdorida turizm xizmatlari eksporti ko‘rsatildi (o‘sish 144 foiz).
Ichki turizm bo‘yicha “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi doirasida aholining hududlarga 23,7 million marta tashrifi amalga oshirildi (rejaga nisbatan 114,8 foiz). Hududlarda 954 ta joylashtirish vositalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, umumiy soni 6861 taga, o‘rinlar soni 183,9 mingtaga yetdi.
Turistlar uchun xizmat ko‘rsatuvchi 662 ta yangi turistik tashkilot va turagentlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida ularning soni 4348 tani tashkil etmoqda. Respublika bo‘ylab 4345 nafar gid-ekskursovodlar faoliyat olib bormoqda, joriy yilning yanvar-noyabr oylari mobaynida 375 nafar gid-ekskursovodlar tayyorlandi. Tadbirkorlik sub’yektlariga berilgan tavsiyalar natijasida 784 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi holati yaxshilanishiga erishildi.
Investitsiya sohasida 421 ta loyiha amalga oshirilib, 6313 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.
-
Jamiyat4 days agoСаида Мирзиёева атмосфера ҳавосининг ифлосланиши бўйича йиғилиш ўтказмоқда
-
Iqtisodiyot3 days agoO‘zbekistondan Daniyaga ilk bor oziq-ovqat va quruq meva eksport qilindi
-
Iqtisodiyot3 days agoPrezidentning Sirdaryoga tashrifi «River Med Pharm» korxonasidan boshlandi
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekistonga eng ko‘p dengiz mahsulotlarini yetkazib bergan davlatlar ma’lum qilindi
-
Jamiyat4 days agoYunusobodda YTH oqibatida avtomobil yonib ketdi
-
Dunyodan4 days agoIndoneziyada bir necha kun ichida 700 dan ortiq kishi halok bo’ldi.
-
Siyosat3 days agoMarkaziy Osiyo mamlakatlari 2026 yilda suvdan foydalanish va suv havzalari tizimiga kelishib olishdi
-
Sport3 days ago«Real» ta’qibni davom ettirdi, «Liverpul» yana ochko yo‘qotdi. Kun o‘yinlari
